Tashqi quloq saramasi (erysipelas) – bu tashqi quloq terisidagi yuzaki limfa tizimining yalligʻlanishi bilan kechuvchi teri va teri osti yogʻ toʻqimasining oʻtkir infeksion-allergik kasalligi boʻlib, birlamchi yoki yuz va bosh terisidan tarqalgan ikkilamchi kasallik sifatida rivojlanishi mumkin. Kasallikni koʻpincha A guruhiga mansub betta-gemolitik streptokokk qoʻzgʻatadi. Immunobiologik himoya mexanizmlarining buzilishi, terini shilinishi, ayniqsa quloqdan yiring oqishi natijasida quloq suprasi va tashqi eshituv yoʻliga infeksiyani tarqalishi saramas jarayonining rivojlanishiga yordam beradi.
Klinik belgilari. Bemor qulogʻi qizib ogʻrishiga shikoyat qiladi. Quloq suprasi keskin qizarib, shishadi, paypaslanganda ogʻriydi, shish quloq solinchagiga ham tarqaladi. Zararlangan maydon qizil rangi va shishi bilan sogʻlom teridan keskin ajralib turadi. Saramasning bullyoz shaklida terida serozli pufakchalar hosil boʻladi. Bemorning tana harorati 39-400C ga koʻtariladi, boshi ogʻriydi, qaltirash kuzatiladi. Kasallik 3-5 kun davom etib,sogʻayish bilan tugaydi. Baʼzan jarayon qaytalanib turishi, soʻrgʻichsimon oʻsiq yoki nogʻora pardaga tarqalishi mumkin (36-rasm).
Qiyosiv tashxis. Saramasni koʻpincha quloq suprasi xondroperiondritidan farqlashga toʻgʻri keladi. Saramasda yalligʻlanish jarayoni quloq suprasining solinchak qismiga va atrof teri maydoniga tarqaladi. Xondroperixondrit eshituv yoʻli sohasining ogʻrishi bilan boshlanib, tashqi quloq avval ogʻriydi, soʻngra unda pufakchalar paydo boʻladi. Undan keyin paydo boʻlgan shish quloq suprasining barcha maydonlariga (solinchak qismidan tashqari) tarqalib, dastlab gʻadir-budir xarakterga ega boʻladi. Keyinchalik togʻay va togʻay usti pardasi orasida yiringli ekssudat toʻplanib, paypaslanganda loʻqillash va quloq suprasini keskin ogʻrishi qayd etiladi.
Davolash. Infeksiya tarqalishini oldini olish maqsadida tashqi quloq saramasi bilan ogʻrigan bemor alohida xonaga yotqiziladi. Unga antibiotikoterapiya, yaʼni mushak orasiga ampisillin yuborish, amoksisilinni 3 mahal ovqatdan oldin ichish, augmentin 375 yoki 625 mg tabletkasidan 3 mahal ichish yoki mushak orasiga har 8 soatda yuborish tavsiya etiladi. Bundan tashqari giposensibilizasiya vositalari (vena ichiga 10 % kalsiy xlorid eritmasini 7-10 ml hisobida yuborish, suprastin yoki pipolfenni qoʻllash),vitaminlar, biologik faollashtiruvchi dorilar buyuriladi. Mahalliy usulda quloq sohasiga UBN fizioterapiya muolajasi va penitsillin guruhiga mansub antibiotik malhami surtiladi.