Nogʻora boʻshligʻida 3 ta eshituv suyakchalari va 2 ta ularga aloqador mushaklar joylashgan. Eshituv suyakchalariga bolgʻacha (malleus), sandoncha (incus) va uzangicha (stapes) kiradi. Ular boʻgʻimlar orqali bir-biri bilan zanjirga oʻxshab bogʻlangan. Eshituv suyakchalari tovush toʻlqinlarini kuchaytirib,eshituv mushaklari yordamida dahliz darchasiga yetkazadi
Bolgʻachaning dastasi nogʻora pardaning fibroz qavatiga birikadi. Bolgʻachaning dastasi, boʻyinchasi va kallachasi hamda old va tashqi oʻsiqlari tafovut qilinadi. Bolgʻachaning dastasi va kalta oʻsigʻi otoskopiyada koʻzga koʻrinadi. Bolgʻachaning ogʻirligi 30 mg.
andoncha tanasi, kalta va uzun oyoqchalaridan tuzilgan; kalta oyoqchasi gʻorga kirish joyida joylashgan boʻlsa, uzun oyoqchasi sandoncha uzangicha kallachasi bilan boʻgʻim hosil qiladi. Sandonchaning ogʻirligi 27 mg. Bolgʻacha kallachasi, boʻyni va sandonchaning tanasi epitimpanumda joylashgan. Nogʻora pardaning keng yuzasidan uzangichaning tor sathiga toʻplangan tovush toʻlqinlari ancha kuchaytirilgan boʻladi (taxminan 25-30 barobar).
Uzangichada kallachasi, ikki oyoqchasi va asosi tafovut qilinadi. Uning ogʻirligi 2,5 mg, asosining sathi – 3 – 3,5 mm2 ga teng. Uzangichaning asosi aylana boylam (lig.annulare) yordamida dahliz darchasining chetiga birikadi. Boylam etarlicha elastik boʻlganligi tufayli uzangicha asosining old boʻlimlari ancha harakatchan boʻladi.
Oʻrta quloq mushaklariga nogʻora pardani taranglashtiruvchi (m.tensor tympani) va uzangicha (m.stapedius) mushaklari kiradi. Bu mushaklar eshituv suyakchalarining harakatini taʼminlab, maʼlum darajada tovushni oʻtkazish jarayonida qatnashadi. Bundan tashqari,ular akkomodatsiya va himoya faoliyatini bajaradi, yaʼni tovushning kuchiga qarab nogʻora pardani tarangligini oʻzgartirib, labirintni kuchli tovush toʻlqinlaridan himoya qiladi.
Nogʻora pardani taranglashtiruvchi mushakning payi bolgʻacha boʻyinchasiga birikadi. Bu mushak eshituv nayining nogʻora teshigi ustida joylashgan suyak yarim doira kanalidan boshlanadi. Mushak payi avval oldindan orqa tomon yoʻnalishda boradi, keyin toʻgʻri burchak ostida chigʻanoq oʻsigʻini egib, tashqi yoʻnalishda nogʻora boʻshligʻini kesib oʻtadi, shundan soʻng bolgʻachaga birikadi. Bu mushak innervatsiyasini pastki jagʻ asab tolasi (uch shoxli asab tolasining shoxchasi) taʼminlaydi.
Uzangicha mushagi piramida tepaligining suyak qinida joylashgan boʻlib, uning payi tepalik choʻqqisidagi teshikdan chiqib, kalta poya shaklida oldinga boradi va uzangichaga birikadi. Bu mushak innervatsiyasini yuz asab tolasi shoxchasi-uzangicha asab tolasi (n.stapedius) taʼminlaydi.