Burun boʻshligʻining nafas olish maydoni (regio respiratoria) burun tubidan boshlab oʻrta burun chigʻanogʻining pastki qismigacha boʻlgan shilliq parda maydonini egallaydi. U burunning pastki qavatini, oʻrta burun chigʻanogʻining bir qismini, pastki burun chigʻanogʻini, oʻrta va pastki burun yoʻllarini hamda burun toʻsigʻining bir qismini oʻz ichiga oladi.
Nafas olish maydonining shilliq pardasida devorlari elastik tolalardan iborat kapillyarlaga boy gʻovak (cavernoz) toʻqima bor. Shuning uchun shilliq parda turli omillar (mexanik, kimyoviy, his-hayajon, dorilar) taʼsirida oson shishib va qalinlashib qisqa vaqt ichida oʻz holiga qaytish xususiyatiga ega.
Gʻovak toʻqima maydonlariga quyidagilar kiradi;
1) pastki va oʻrta burun chigʻanoqlarining old va orqa uchlari sohasi, bu joyda shilliq pardaning qalinligi 3-5 mm ga etadi;
2) burun toʻsigʻi sohasi, oʻrta burun chigʻanogʻining old uchi sathi;
3) xoanalar ichki chetining yoki dimogʻ suyagining orqa qismi,bu joyda shilliq pardaning qalinligi kattalarda 5-6 mm ga etishi mumkin.
Burun nafas olish maydonining shilliq pardasi koʻpqavatli silindrik hilpillovchi epiteliy bilan qoplangan boʻlib, unda bazal va qadaxsimon hujayralar mavjud. Epiteliy ostida yupqa subepitelial membrana yotadi, uning ostida esa burun shilliq pardasining xususiy toʻqimasi joylashgan. Xususiy toʻqima biriktiruvchi kollagen va elastik tolalardan tuzilgan boʻlib, unda yassi mushak hujayralari, limfoid elementlar, shilliq ishlab chiqaruvchi qadaxsimon hujayralar, seroz yoki serozli-shilimshiq ajralma ishlab chiqaruvchi bezlar, asab tolalar va qon tomirlar joylashgan. Shilliq parda togʻay va suyak usti pardalariga zich yopishgan boʻladi