Otomikoz (otomycosis) – tashqi va oʻrta quloq, hamda jarrohlik amalidan soʻnggi boʻshliqlarning zamburugʻli yalligʻlanishi.
Etiologiyasi. Kasallikni Aspergillus, Penicillium, Mucor, Rizopus, Candida zamburugʻlari, baʼzan bakteriya va zamburugʻlarning aralash florasi (masalan, Candida bilan tillarang yoki epidermal stafilokokk) qoʻzgʻatadi. Etiologik jihatdan turlicha boʻlgan otitlarning 25-30% da mikologik zararlanish qayd etiladi. Otomikozning rivojlanishiga tashqi eshituv yoʻlining dermatiti, ekzemasi, surunkali yiringli oʻrta otit va mikrojarohatlar sabab boʻladi. Bundan tashqari uzoq vaqt davomida mahalliy yoki umumiy antibiotikoterapiyani yoki garmonoterapiyani qoʻllash, modda almashinuvining buzilishi, organizmdagi immunitet tanqisligi ham otomikozning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bunga tashqi eshituv yoʻlida mavjud boʻlgan quyidagi sharoit yordam beradi: zamburugʻlarni kislorod va karbonat angidrid bilan taʼminlab turuvchi atmosfera havosi borligi, quyosh nurlari tushmasligi, yuqori namlik va haroratni doimo bir xil boʻlishi. Bunday sharoitda rivojlangan zamburugʻlar tashqi eshituv yoʻlida qalin miseliy toʻrlarini hosil qilib, terini yalligʻlanishiga sabab boʻladilar.
Klinik belgilari. Kasallik asta-sekin boshlanib, zamburugʻ mitseliyasi teri ichiga oʻsib borgan sari uning belgilari zoʻrayib boradi. Otomikozning klinik belgilari tashqi eshituv yoʻli terisining nafaqat mexanik zararlanishi, balki zamburugʻlarning fermentativ va toksik taʼsiri tufayli yuzaga keladi. Bemor qulogʻi kichishiga, ogʻrishi, bitishi, shangʻillashi, qulogʻidan biroz ajralma oqishiga shikoyat qiladi. Baʼzan zararlangan quloq tomonida bosh ogʻriqi kuzatilishi mumkin.
Otoskopiyada tashqi eshituv yoʻli devorlarining terisi qizarib, shishganligi, unda oʻziga xos ajralma borligi koʻrinadi. Quloq ajralmasining rangi zamburugʻlarning turiga qarab qoramtir (Aspergillus niger), sargʻish yoki yashil (Aspergillus flavus), kulrang-qora (Aspergillus fumigatus) boʻlishi mumkin. Renitcillium zamburugʻlari sabab boʻlgan otomikozda tashqi eshituv yoʻlida sargʻish hidsiz suyuq serozli ajralma, yumshoq oq-sariq oson koʻchuvchi poʻstloqlar hosil boʻladi. Candida zamburugʻlari qoʻzgʻatgan kandidomikozning klinik belgilari tashqi quloq ekzemasini eslatadi, yaʼni tashqi eshituv yoʻlida (koʻpincha togʻay-parda qismida) oqish yoki sargʻish poʻstloqlar, kepaksimon tangachalar yoki tashqi eshituv yoʻlining yorigʻini yopib turgan yumshoq hidsiz oqish ajralma toʻplanadi. Aspergillyoz jarayoni asosan tashqi eshituv yoʻlining suyak qismida joylashadi.
Tashxis bemor shikoyatlari,kasallikni boshlanishi,klinik belgilari,otoskopiya manzarasi, quloq ajralmasining oʻziga xos rangi,mikroskopiya va mikologik tekshiruv natijalari asosida qoʻyiladi.
Davolash tadbirlari organizmning umumiy holatini, kasallikning klinik belgilarini va zamburugʻ turini eʼtiborga olgan holda olib boriladi. Bemorga umumiy va mahalliy usulda zamburugʻlarga karshi davolash tadbirlari buyuriladi. Dastlab tashqi eshituv yoʻli antiseptik eritma bilan yuviladi va obdon quritiladi. Bunda kaliy permanganat eritmasidan foydalanish mumkin. Keyin tashqi eshituv yoʻliga zamburugʻga qarshi dori bilan shimdirilgan paxta pilikcha kiritiladi va kuniga 2-3-marta almashtirib turiladi. Bundan tashqari, 2-3 hafta davomida flavofungin, orungal, nistatin, nioral, diflyukan tabletkalarini kuniga 2-3 mahal, lamizil tabletkasini kuniga 1 mahal ovqatdan oldin ichish, tashqi eshituv yoʻliga lamizil malhamini yoki nitrofungin eritmasini surtish, 10% dimeksid eritmasi bilan kuniga 3 mahal pilikcha qoʻyish tavsiya qilinadi.
Allergik holatlarda bemorga dimedrol 0,05g dan 2 mahal; suprastin 0,025 g dan 2 mahal; 5-10% kalsiy xlorid eritmasini 1 osh qoshiqdan 3 mahal; kalsiy glukonat tabletkasuni 0,5 g dan 3-4 mahal ovqatdan oldin ichish va parhezga rioya qilish tavsiya etiladi.
Gigiyena qoidalariga rioya qilish, kasalliklarni davolashda antibiotik va garmonlardan toʻgʻri foydalanish, organizmning himoya kuchini oshirish otomikozni oldini olishga yordam beradi.