II bosqich. Old rinoskopiya. Burun boʻshligʻi sunʼiy yorugʻlik (peshona reflektori yoki yorugʻlik manbai) ostida koʻzdan kechiriladi. Yorugʻlik manbai bemorning oʻng tomonida, uning oʻng quloq suprasi darajasida oʻrnatiladi. Tekshiruvda burun koʻzgusi – burun kengaytirgich ishlatiladi. Tekshiruvchi peshona reflektorini chap koʻzining oldida tutib, oʻng koʻzini yumgan holda bemorning yuziga tushayotgan yorugʻlik nuqtasini chap koʻzi bilan reflektorning teshigi orqali koʻrishga harakat qiladi.
1. Burun dahlizini koʻzdan kechirish. Tekshiruvchi oʻng qoʻlining bosh barmogʻi bilan burun uchini koʻtarib, yorugʻlik nuqtasini burun teshiklariga yoʻnaltirib, burun dahlizini koʻzdan kechiradi. Meʼyorda burun dahlizi erkin bulib, unda tuklar koʻrinadi.
2.Old rinoskopiya burunning har ikki qismida navbatma-navbat bajariladi. Tekshiruvchi burun koʻzgusining ishchi uchini pastga qaratgan holda uni chap qoʻliga oladi; chap qoʻlning bosh barmogʻini burun koʻzgusining qulfi ustiga, II, III va IV barmoqlarini – asbob tutqichlarining tashqi tomoniga, Y barmogʻini tutqichlar orasiga qoʻyadi
Chap qoʻlning tirsagi pastga tushirilgan, burun koʻzgusini ushlab turgan chap kafti harakatchan boʻlishi kerak. Tekshiruvchi oʻng qoʻlini bemor boshining tepasiga qoʻyadi .
3. Ishchi qismi (tumshugʻi) yopilgan holda burun koʻzgusi burun boʻshligʻining oʻng dahliziga 0,5 sm ichkariga kiritiladi, bunda koʻzgu tumshugʻining oʻng oyoqchasi burun dahlizining pastkiichki, chap oyoqchasi – yuqori-tashqi burchagida joylashishi lozim.
4. Chap qoʻlning II , III va IV barmoqlari yordamida burun koʻzgusi tutqichlari qisiladi, shunda oʻng burun dahlizi kengayadi (bunda koʻzgu tumshugʻining uchi burun boʻshligʻining shilliq pardasiga tegmasligiga harakat qilinadi).
5. Burun boʻshligʻining oʻng tomoni bemor boshining toʻgʻri holatida koʻzdan kechiriladi.Meʼyorda uning shilliq pardasi pushti rangda, sathi silliq boʻlib, burun toʻsigʻi oʻrtada joylashadi; burun chigʻanoqlari kattalashmagan, umumiy burun yoʻli erkin boʻladi.
6. Burun boʻshligʻining oʻng tomoni bemorning boshi biroz oldinga egilgan holda tekshiriladi. Bunda pastki burun yoʻlining old boʻlimi va burun tubi koʻrinadi. Meʼyorda pastki burun yoʻli erkin boʻladi.
7. Burunning oʻng tomoni bemorning boshi orqaga va oʻng tomonga biroz egilgan holda tekshiriladi, shunda oʻrta burun yoʻli koʻzga tashlanadi.
8. Tekshiruvchi Y barmogʻi yordamida burun koʻzgusining oʻng tutqichini siljitadi, tumshugʻining oyoqchalarini toʻliq yopmagan holda burun boʻshligʻidan chiqarib oladi.
9. Burun boʻshligʻining chap tomoni ham huddi shu tartibda koʻzdan kechiriladi.