Ronxopatiya – uyquda patologik xurrak otish holati boʻlib, asosan yumshoq tanglayda rivojlangan yalligʻlanish-giperplastik jarayoni natijasida halqumning oʻrta boʻlimini torayishi tufayli yuzaga keladi. Uyquda xurrak otishni vaqti-vaqti bilan takrorlanishi 45%, muntazam xurrak otish holati – 25% aholida qayd etilgan.
Patogenezi. Yumshoq tanglayda (asosan uning markazi va baʼzan periferik qismida) surunkali yalligʻlanish natijasida yumshoq toʻqimani qalinlashishi (gipertrofiyasi) rivojlanadi. Jarayon tilcha asosini 2-3 barobar bolishsimon qalinlashishi bilan kechadi.
Gistologik tekshiruvda qalinlashgan toʻqima maydonida koʻp miqdorda kollagen tolalar va lipositlar borligi, oʻchoqli miositoliz va stoma shishi aniqlanadi. Qalinlashgan yumshoq tanglay oʻz tarangligini yoʻqotib, halqumning old-orqa oʻlchamini 1/3 qismidan yarmigacha toraytirishi mumkin.Shilliq pardani qalinlashishi va burmalari tufayli yumshoq tanglayning ushbu maydoni qum soat shaklida 30-45% ga torayadi. Bemor uxlaganda nafas harakatlarini ongli boshqarilishi yoʻqolib,nafas olish va nafasni chiqarish paytida havo oqimi halqumning toraygan maydoni orqali oʻtadi.
Bemor uyqusida burun orqali nafas olganda halqumining toraygan maydonida qoʻshimcha qarshilik paydo boʻladi va ushbu maydondan pastda havo oqimining tezligi ancha oshadi. Shuning uchun burun orqali nafas olinganda havo oqimi ogʻiz orqali ham tortiladi (Bernulli qonuni). Natijada yumshoq tanglayning cheti turli tezlik bilan kirayotgan, aralash va turbulent harakatlana-yotgan ikki havo oqimi orasida qolib, oʻziga xos xurrak tovushini hosil qilib tebranadi. Uyquda xurrak otishni ushbu mexanizmi burun boʻshligʻida qarshilik oshganda, masalan gipertrofik rinitda, burun toʻsigʻining qiyshayishida, polipozli etmoiditda yanada kuchayadi.
Uyquda xurrak otish natijasida tashqi nafasning qarshiligi ancha oshadi, oʻpkaga kirayotgan havoning hajmi 45% ga kamayib, qondagi kislorod miqdori ham kamayadi, gipoksemiya holati kunduzi 10-20 % ga, kechasi 20-30% ga etadi, karbonat angidridning miqdori aksincha koʻpayib, giperkapniya va subkompensatsiyali atsidoz holati yuzaga keladi. Qondagi gaz almashinuvining bunday buzilishlari nafas markazining avtomatizm faoliyatini oʻzgartiradi va u nafas olish harakatini paydo qilish uchun karbonat angidridning yuqori miqdoriga moslashadi. Shuning uchun uyquda xurrak otgan bemorda nafas harakatlari vaqti-vaqti bilan toʻxtab qoladi (nafas markazining avtomatik reflektor ishi boshlanishi uchun karbonat angidridning qondagi miqdori ancha yuqori boʻlishi lozim). Navbatdagi nafas harakatini kechiktirilishi apnoe deb ataladi. Apnoe holati 4-5 dan 15 soniyagacha davom etishi va tun davomida 10 yoki 100-marta takrorlanishi, jami 2-3 coat davom etishi mumkin.
Somnografiya va klinik tekshiruvlarda ronxopatiya bilan ogʻrigan bemorlarda tun davomida gipoksiya va giperkapniya shaklida kechuvchi gaz almashinuvining jiddiy buzilishlari qayd etilgan.
Klinik belgilari. Ronxopatiya koʻproq oʻrta va keksa yoshli erkaklarda (40%) va kamroq ayollarda (20%), asosan semiz kishilarda uchraydi; alkogol ichimliklarni suisteʼmol qilish, jismoniy toliqish uyquda xurrak otishni kuchaytiradi; baʼzan navbatdagi apnoedan soʻng bemor oʻygʻonib, yana uyquga ketadi.
Uyqu vaqtining qisqarishi, uyquning sifatini yomonlashishi natijasida bunday kishilarda kunduzi u yoki bu darajada uyquchanlik, tez charchash, xotira va ish qobiliyatini pasayishi kabi holatlar kuzatiladi.
Ronxopatiyada nafasning obstruktiv buzilishi akustik fenomenni, yaʼni apnoe bilan kechuvchi xurrakni paydo qilib, surunkali kislorod yetishmovchiligi, yurak urishi ritmini va qon bosimini oʻzgarishi, oʻpka arteriyasida qon bosimini oshishi, simpatik faollikni kuchayishi, yurak – qon tomir tizimida jiddiy oʻzgarishlarni rivojlanishi bilan kechadi. Bunday oʻzgarishlar tunda bemorda apnoe paytida oʻlim holati yuz berishiga sabab boʻladi.
Burun, burun yondosh boʻshliqlari va halqum koʻzdan kechirilganda ronxopatiya bilan ogʻrigan bemorda burun orqali nafas olish faoliyati buzilganligi, gipertrofik faringit va sust kechuvchi surunkali tonzillit kasalliklari aniqlanadi. Old rinoskopiyada pastki burun chigʻanoqlarining kattalashishi, burun toʻsigʻining qiyshayishi natijasida burun yoʻllari torayganligi koʻrinadi. Baʼzan umumiy burun yoʻlining tugʻma torligi uchraydi.
Faringoskopiyada giperplastik faringit va surunkali tonzillitning manzarasi, halqumning oʻrta boʻlimi biroz qizarganligi, aksariyat bemorlarda tilcha oʻzayganligi va qalinlashganligi koʻrinadi. Yumshoq tanglayda tilcha asosini bolishsimon qalinlashishi ronxopatiyaning oʻziga xos belgisi hisoblanib, u orqa rinoskopiyada yaqqol koʻzga tashlanib turadi, bunda yumshoq tanglayning cheti va halqumning orqa devori orasidagi old-orqa oʻlchami ancha qisqa boʻladi. Agar meʼyorda u 14- 15 mm ni tashkil qilsa, ronxopatiyada u 7-8 mm atrofida boʻladi. Ayrim bemorlarda halqumni torayishiga halinlashgan shilliq pardani vertikal burmalar hosil qilishi va tanglay murtaklarini kattalashishi sabab boʻladi.
Ronxopatiyada yumshoq tanglayni qalinlashish jarayoni toʻrt bosqichda kechadi:
yumshoq tanglay meʼyorda: bunda shilliq parda yupqa, pushti rangda, tilcha oʻzgarishsiz, tanglay pardasi harakatchan;
yumshoq tanglayni qalinlashishining boshlangʻich bosqichi: bunda uning chetlari va tilcha asosi qalinlashadi;
yumshoq tanglayni keskin qalinlashishi: bunda uning harakati chegaralanadi, barcha maydonlari qizarib, tilcha 2-3-marta kattalashadi, tanglay ravoqchalari qalinlashadi,orqa tanglay ravoqchasi orqaga siljiydi;
tana vazni ogʻir kishilarda yumshoq tanglayni keskin qalinlashishi: bunda uning barcha boʻlimlari keskin qalinlashib, qizaradi, harakati keskin chegaralanadi.
Somnografiya, uyqu paytida bajarilgan elektrfiziologik va klinik tekshiruvlar yordamida xurrak davom etgan vaqtni, uning kuchini, apnoe necha marta takrorlanib, qancha vaqt davom etishini, yurak-qon tomir tizimining buzilishlarini, qondagi gaz miqdorini aniqlash imkonini beradi.
Tashxis. Bemorning asosiy shikoyati – bu uyqusida xurrak otish boʻlib,bu haqida u yaqin kishilaridan eshitadi, oʻzi esa uxlaganda xurrak otishini eshitmaydi. Kasallik qachon boshlanganligi, uyquda nafasni toʻxtab qolishi, uning davomiyligi va necha bor takrorlanishi, tez charchash, kunduzi uyquchan boʻlish, burun orqali nafas olishni buzilishi, halqum kasalliklari haqidagi maʼlumotlar toʻgʻri tashxis qoʻyishga yordam beradi. Faringo- va rinoskopiya, endoskopiya tekshiruvlarida yumshoq tanglay, halqum va tanglay murtaklarining kattalashish darajasi, halqum oʻlchamlari, burun boʻshligʻi tuzilmalarining holati baholanadi.
Davolash. Ronxopatiya jarrohlik amali yordamida davolanadi. Taklif etilgan quyidagi konservativ davolash usullari koʻpincha ijobiy natija bermaydi:
bemor uxlaganda pastki jagʻini bogʻlash; ogʻziga soʻrgʻich qoʻyish yoki chalqancha yotmasligi va boshqalar;
bemor uxlaganda oʻpkasiga niqob orqali havo yuboruvchi asbobdan foydalanish. Ushbu asbob bemorning uyqusini biroz yengillashtirsada, hajmi kattaligi va nafas harakatlari bilan sinxron ishlashi tufayli bemorni qonitirmaydi va u asbobdan foydalanmay qoʻyadi.
Ronxopatiyaning toʻrt darajasi tafovut qilinadi:
I darajasi – xurrak faqat chalqancha yotib uxlaganda kuzatilishi;
II darajasi – chalqancha va yonbosh yotgan holatida baʼzan kuzatilishi;
III darajasi – chalqancha va yonbosh yotgan holatida doimiy ravishda kuzatilishi;
IV darajasi – turli holatlarda kuzatilishi.
Bundan tashqari xurrakni darajasi kuchayib borishiga etibor beriladi. Ushbu tasnif jarrohlik amalini tanlashga yordam bermasada, kasallikning faringoskopik belgilarini toʻldiradi. Jarrohlik amalining hajmi halqum va burun boʻshligʻining anatomik tuzilmalari xurrak otish mexanizmida qay darajada ishtirok etishiga bogʻliq.
Halqumning asosiy tuzilmalarida (yumshoq tanglay, orqa tanglay ravoqchalari, tanglay murtaklari, burun toʻsigʻi va pastki burun chigʻanoqlari) surunkali tonzillitning mahalliy belgilari kuzatilmagan hollarda jarrohlik amali bajarilmaydi. Xuddi shunday davolash taktikasi burun tuzilmalariga ham taalluqli boʻlib, har ikki tomonda burun orqali nafas olish faoliyati meʼyorda boʻlganda jarrohlik amali bajarilmaydi. Bunday hollarda palatinotomiya jarrohlik amali bajarilib, yumshoq tanglayning pastki cheti, tilcha, orqa tanglay ravoqchalari tanglay pardasidan va tilcha asosidan 7-8 sm qoldirib olib tashlanadi.
Jarrohlik amali uzun va Koxer qisqichlari yordamida oson bajariladi, dagʻal chandiq hosil boʻlmasligi uchun jarohat chetiga toʻrtta ketgut choki qoʻyiladi. Jarrohlik amalidan soʻng odatda asoratlar kuzatilmaydi, baʼzan bunday bemorlarda yutish harakatini biroz buzilishi kuzatilib, tez orada tiklanadi. Jarrohlik amalini boshqa asboblar yordamida ham bajarsa boʻladi, lekin bunda toʻqima reaksiyasi kuzatilishi mumkin, masalan yumshoq tanglay lazer nuri yordamida kesilganda kuchli yalligʻlanish reaksiyasi paydo boʻladi va jarohat maydonida keyinchalik dagʻal chandiqlar hosil boʻladi.
Uyquda xurrak otishni butunlay yoʻqotish uchun surunkali tonzillitda, tanglay murtaklari kattalashganda yoki yumshoq tanglay va halqumning orqa devori orasidagi masofa qisqarganda palatinotomiyadan tashqari tonzillektomiya jarrohlik amalini ham bajarish, har ikki tomonda old va orqa tanglay ravoqchalarining asoslarini ketgut bilan tikish lozim. Jarrohlik amalining bu bosqichi halqumning toraygan qismini kengaytirish va shu bilan uyqudagi obstruktiv xurrakning sabablaridan birini bartaraf etish imkonini beradi.
Koʻpincha ronxopatiya burun toʻsigʻining qiyshayishi, gipertrofik rinit yoki burun polipida kuzatiladigan burun yoʻllarining torayishi natijasida yuzaga keladi. Bunday hollarda burun orqali nafas olishni yaxshilash jarrohlik amallari (burun toʻsigʻining shilliq osti rezeksiyasi, konxotomiya, polipotomiya) davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Palatinotomiya mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida bajarilsa, boshqa jarrohlik amallarida (tonzilloektomiya, burun ichi jarrohlik amallari) umumiy ogʻriqsizlantirish qoʻllaniladi. Jarrohlik amalidan keyin bemorga suyuq ovqatlar isteʼmol qilish, tomogʻini furatsilin yoki rivanol eritmalari bilan chayish tavsiya etilib, jismoniy zoʻriqish cheklanadi. Ronxopatiyani davolashda jarrohlik amalining samarasi ancha yuqori boʻlib, uni takroran bajarish zarurati 400 bemordan, faqat 3 nafarida qayd etilgan xolos.