Otgematoma – quloq suprasining togʻay va togʻay usti pardalari orasiga yoki teri ostiga qon quyulishi. Otgematoma ayrim hollarda quloq sohasiga oʻtmas zarb tegishi yoki quloq suprasi uzoq vaqt davomida qisilishi nati-jasida paydo boʻladi, lekin u koʻpincha kurash va boks bilan shugʻullangan shaxslarda kuzatiladi. Odatda otgematoma quloq suprasi yuqori qismining old yuzasida joylashgan toʻq qizil yoki koʻkimtir silliq shish shaklida boʻlib, paypaslanganda liqillash belgisi aniqlanadi; baʼzan otgematoma ustidagi teri oʻzgarmasligi mumkin. Qon va limfa toʻplamidan iborat otgematoma odatda ogʻrimaydi va bemorni bezovta qilmaydi; u biroz noqulaylik his etadi (35-rasm).
Kichik otgematoma oʻz-oʻzidan soʻrilishi, baʼzan yiringlab, quloq suprasi xondroperixondriti rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, quloq suprasini koʻzdan kechirish natijasi asosida qoʻyiladi.
Davolash. Kichik otgematoma oʻz-oʻzidan yoki bosuvchi boylam qoʻyilgandan soʻng soʻrilib ketadi. Bunday hollarda zararlangan maydonga 5% yodning spirtli eritmasini surtish tavsiya etiladi. Yirik otgematoma aseptika qoidalariga rioya qilgan holda teshiladi va ekssudat soʻrib olinadi. Keyin quloq suprasi sohasiga 5-7 kunga bosuvchi boylam qoʻyiladi. Yalligʻlangan otgematoma keng ochilib, boʻshligʻi nekrozga uchragan yumshoq toʻqimalardan tozalanadi. Yalligʻlanish jarayoni chuqur va keng tarqalgan hollarda jarohat maydoni ochiq usulda davolanadi. Mikrofloraning antibiotiklarga sezuvchanligi eʼtiborga olingan holda bemorga antibiotikoterapiya buyuriladi (antibiotiklarni limfotrop usulda yuborish eng afzal usul hisoblanadi). Quloq suprasi togʻaylari singanda togʻay boʻlaklari oʻz joyiga oʻrnatiladi va quloq suprasiga bosuvchi boylam qoʻyiladi.