Quloq suprasi perixondriti (perichondritis auriculae) – quloq suprasi togʻayi va togʻay usti pardasining yalligʻlanishi.
Kasallikni koʻk yiringli tayoqcha (P.aeruginosa) qoʻzgʻatadi. U quloq suprasining turli jarohatida infeksiyani togʻay usti qavatiga tarqalishi natijasida rivojlanadi. Perixondrit tashqi eshituv yoʻli chipqoni, gripp va sil kasalligining asorati sifatida ham rivojlanishi mumkin.
Klinik belgilari. Perixondritning dastlabki belgisi – bu quloq suprasi yoki tashqi eshituv yoʻli sohasining avval ogʻrishi, keyinchalik ushbu maydonning terisida pufakchalar paydo boʻlishidir. Paydo boʻlgan shish quloq suprasining barcha maydonlariga (solinchak qismidan tashqari) tarqalib, dastlab gʻadir-budir xarakterga ega boʻladi. Keyinchalik togʻay va togʻay usti pardasi orasida yiringli ekssudat toʻplanib, paypaslanganda liqillash va quloq suprasining keskin ogʻrishi aniqlanadi. Bemorga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmagan hollarda jarayon togʻayning emirilishiga olib keladi. Buning oqibatida quloq suprasi chandiqlanadi, bujmayadi, uning shakli keskin oʻzgaradi (37-rasm). Serozli perixondrit yengilroq kechadi.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, obyektiv tekshiruv natijalari asosida qoʻyiladi. Kasallikning boshlangʻich belgilarini quloq suprasi saramasidan va otgematomadan farqlash lozim, bunda asosan etiologik omil eʼtiborga olinadi. Saramasda zararlangan maydonning chegarasi, yaʼni demorkasiya chizigʻi koʻzga tashlanib turadi, yalligʻlanish jarayoni esa quloqning solinchak qismiga va atrof teri sohalariga tarqalishi bilan ajralib turadi. Otgematoma quloq suprasi yuqori qismining old yuzasida joylashgan toʻq qizil yoki koʻkimtir silliq shish shaklida boʻlib, odatda ogʻrimaydi.
Davolash. Bemorga yalligʻlanishga qarshi mahalliy va umumiy terapiya buyuriladi: 7 kun davomida mushak orasiga ampitsillin, sefamizin, klaforan yuborish, augmentin 0,375 yoki 0,625 g 1 tabletkadan kuniga 3 mahal ichish. Bir vaqtning oʻzida quloq suprasiga 1% li polimiksin, sintomitsin, levomikol, gioksizon malhamlari, 5% li yod, 10% li kumush nitrat eritmalari surtiladi, 10% dimeksidga shimdirilgan boylam qoʻyiladi. Bemorga UBN, UVCH yoki SVCH, ultraton fizioterapiya muolajalari tavsiya qilinadi. Quloq atrofi terisining ostiga kuniga bir marta limfotrop usulda 0,5% novokainda eritilgan antibiotik yuboriladi. Bundan tashqari davolashda tibbiy zulukdan foydalanish ijobiy natija beradi.
Zararlangan maydonda liqillash belgisi aniqlanganda quloq suprasining terisi keng kesilib, nekrozga uchragan toʻqimalar olib tashlanadi. Hoʻppoz boʻshligʻining ichiga antibiotik yoki gipertonik eritmaga shimdirilgan tiqma qoʻyiladi va rezina chiqargich oʻrnatiladi. Jarohat maydoniga aseptik boylam qoʻyiladi. Tiqma har 3-4 soatda, boylam – kuniga bir marta, ogʻir hollarda – kuniga 2-marta almashtirib turiladi. Ajralma oqishi toʻxtagandan soʻng jarohat maydoniga bosuvchi boylam qoʻyiladi.