Anginalardan keyin rivojlanadigan asoratlar umumiy va mahalliy asoratlarga boʻlinadi. Ularni rivojlanishiga betta-gemolitik streptokokk va boshqa mikroflora sabab boʻladi.Umumiy asoratlar orasida birinchi oʻrinda revmatizm va yurakni zararlanishi (tonzillokardial sindrom) turadi. Baʼzan buyrak (tonzillorenal sindrom), boʻgʻimlar, qon ishlab chiqarish aʼzolari va oshqozon-ichak tizimini zararlanishi yoki sepsis kuzatiladi.
Anginaning mahalliy asoratlaridan koʻpincha paratonzillit, baʼzan halqum orti (retrofaringial) va parafaringial hoʻppozlar, oʻtkir boʻyin limfadeniti, oʻtkir oʻrta otit (ayniqsa halqum va nay murtaklari anginasida), hiqildoq shishi va torayishi (koʻpincha paratonzillitda uchraydi), tonzillogen mediastenit va sepsis kuzatilishi mumkin.