Follikulyar angina kasallikning ogʻir shakllaridan biri boʻlib, yalligʻlanish jarayoni nafaqat murtaklarning shilliq pardasini, balki follikulalarni ham qamrab oladi. Follikulalarda leykotsitli infiltratlar yoki ayrim maydonlarda nekrozli oʻzgarishlar paydo boʻladi. Murtaklar shishib, shilliq pardasi qizaradi. Epiteliy qavati ostida joylashgan follikulalarda tariq donasiday oq-sargʻish kichik nuqtalar (yiringli follikulalar) koʻrinadi. Shuning uchun murtaklarning erkin yuzi “yulduzli osmon” manzarasini eslatadi.
Klinik belgilari. Follikulyar angina oʻtkir boshlanib, bemorning tana harorati 38-38,50C ga koʻtarilib, tomogʻi ogʻriydi. Ogʻriq, ayniqsa yutinganda kuchayadi va koʻpincha quloq sohasiga ham tarqalishi mumkin. Organizmda umumiy zaharlanish belgilari: holsizlik, qaltirash, bosh ogʻrigʻi, boʻgʻimlar, mushaklar, baʼzan bel va yurak sohasining ogʻrishi, ishtahani pasayishi va qabziyat kuzatiladi. Bolalarda tana haroratini koʻtarilishi bilan birga qusish, meningizm belgilari, talvasa, es-hushni xiralashishi kabi ogʻir belgilar paydo boʻlishi mumkin. Boʻyin va jagʻ osti limfa tugunlari kattalashib, paypaslanganda ogʻriydi. Qonda leykotsitoz (12-15ʼ109/l), tayoqcha yadroli leykositlar sonini koʻpayishi, leykoformulani chapga siljishi, ECHT ni oshishi kuzatiladi; siydikda albuminuriya va mikrogematuriya aniqlanishi mumkin. Faringoskopiyada yumshoq tanglay va ravoqchalarga tarqalgan tarqoq qizarish, infiltratsiya, tanglay murtaklarining shishi koʻzga tashlanadi. Murtaklar yuzasida 1-3 mm hajmdagi koʻpsonli aylana, biroz boʻrtib chiqgan sargʻish-oq nuqtalar koʻrinib, yulduzli osmonni eslatadi. Bu tuzilmalar shilliq parda ostida joylashgan murtaklarning yiringli follikulalari boʻlib, ular kasallikning 2-3-kuni yorilib, shilliq pardada tez bituvchi yarachalar hosil qiladi. Kasallik 5- 6 kun davom etadi.
Follikulyar va lakunar anginalar klinik va patologoanatomik manzarasi bilan bir-biridan kam farq qiladi. Kasallikning klinik shakli esa qaysi jarayon koʻproq rivojlanganligiga bogʻliq boʻladi.