Lakunar angina lakunalar ichida va kirish qismida dastlab serozli-shilimshiq, keyinchalik yiringli ajralma toʻplanishi bilan kechadi. Ajralma leykotsitlar, limfotsitlar, koʻchgan epiteliy va fibrindan iborat. Lakunalar atrofini oʻragan karashlar bir-biri bilan qoʻshilib, murtaklar yuzasini qisman yoki butunlay qoplashi mumkin, ammo bunday karashlar atrof toʻqimalarga (ravoqchalar, yon devorlar, tilcha) tarqalmaydi va oson koʻchadi. Lakunar anginaning shu belgisi birinchi navbatda uni halqum difteriyasidan farqlashga yordam beradi.
Klinik belgilari. Kasallikning boshlanishi va klinik manzarasi follikulyar anginaga oʻxshasada, anginaning bu shakli nisbatan ogʻirroq kechadi. Jarayon koʻpincha ikkala murtakda bir vaqtda rivojlanib, baʼzan bemorda bir vaqtning oʻzida ham follikulyar, ham lakunar angina belgilarini kuzatish mumkin. Faringoskopiyada murtaklarning qizargan shilliq pardasining yuzasida, lakunalar ochiladigan maydonda sargʻish-oq karash paydo boʻlib, shilliq pardada nekroz va koʻchgan epiteliy maydonchalari koʻrinadi.Fibrozli karash ayrim maydonlarda bir-biriga qoʻshilib murtak sathini toʻliq qoplasada, lekin murtaklar chegarasidan chiqmaydi. Karashlar shpatel yordamida oson koʻchadi (129-rasm). Kasallik oʻrtacha 5-7 kun davom etishi yoki asoratlangan ogʻir kechimida undan koʻproq muddatga choʻzilishi mumkin.
Tanglay murtaklarining oʻtkir yalligʻlanishi Pirogov-Valdeer limfadenoid halqasining boshqa murtaklariga ham tarqalishi mumkin.
Burunhalqum murtagi yalligʻlanganda bemorning dimogʻi ogʻriydi, ogʻriq burun sohasiga tarqalib, burun orqali nafas olish qiyinlashadi. Til murtagi yalligʻlanganda bemorning tomogʻi ogʻrib, yutinganda va tilini ogʻzidan chiqarganda ogʻriq kuchayadi. Halqum yon devorlarining limfoid toʻqimasi yalligʻlanganda ushbu maydonda biroz ogʻriq va shish paydo boʻladi. Baʼzan kasallik ogʻir kechib,bemorda yiringli mediastenit rivojlanishi mumkin.
Davolash. Kataral, follikulyar va lakunar angina bilan ogʻrigan bemor asosan uy sharoitida, lekin kasallik ogʻir kechgan hollarda davolash yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanadi. Bemorga alohida idish-tovoq va sochiq ajratilib, qonning umumiy va biokimyoviy tahlili oʻtkaziladi, tanglay murtagidan bakteriologik tekshiruv uchun surtma olinadi. yengil va vitaminlarga boy ovqatlar, koʻp miqdorda iliq suyuqliklar ichish (limonli choy,sharbatlar,madanli suvlar) tavsiya qilinadi.
2010-yilda 8-9-oktyabr oyida Oʻzbekiston otorinolaringologlarining III – syezdi boʻlib, unda oʻtkir tonzillitlarda (anginalarda) yalligʻlangan tanglay murtaklari kriptalari ichida yigʻilib qolgan yiringni antiseptik dori vositalari bilan (xloryod, xlorfillipt, yodinol, 0,25% formalin, ekteritsid va h.k.) yuvish muammosiga bagʻishlangan maʼruza boʻldi (prof. C.A.Hasanov). Keltirilgan maʼlumotlarda 4 500 nafar bemordan faqat bittasida yengilgina peritonzillit alomatlari qayd etilganligi, u ham tezda bartaraf etilganligi koʻrsatib oʻtildi. Yiringli jarayonning oltin qoidasi – yigʻilgan yiringni chiqarib tashlash lozimligi va kerak boʻlganda hoʻppozda tonzillektomiya jarrohlik amalini bajarish amaliyotda qoʻllanilishini koʻrsatib, oʻz amaliyoti natijasida 5 000 dan ziyod oʻtkir tonzillitda kriptalarni yuvib, birirta asorat kuzatilmaganligini dosent A.A.Hasanov hammaga maʼlum qildi.
Shu bilan birga bemorlarga etiotrop, patogenetik, simptomatik davolash tadbirlari va vitaminlar buyuriladi. Kasallikni turli mikroflora koʻzgʻatishini eʼtiborga olgan holda bemorga keng taʼsir koʻlamiga ega antibiotiklar (ampitsilin, sefamizin, amoksiklav, klaforan, augmentin va boshq.) buyuriladi. Bioparoks mahalliy yalligʻlanish jarayoniga qarshi taʼsirga ega boʻlib, kuniga 4 mahal aerozol shaklida buyuriladi. Antibiotiklar eritmasini pastki jagʻ suyagi burchagidan 1sm old-pastki sohasiga teri ostiga limfotrop usulda yuborsa boʻladi.
Yalligʻlanish jarayonining 63% dan ortiq hollarda anaerob mikroblar ishtirok etishini nazarda tutib vena ichiga metrogil eritmasi tomchilab yuboriladi (S.N. Alaniyozov, 2006).
Bemorga antigistamin dori vositalari, vitaminlar (shu jumladan, askorutin) ichish tavsiya qilinadi. Tomoqni furatsilin, 2% ichimlik sodasi erimasi yoki shoʻr suv, dorivor marmarak, kalendula damlamasi bilan kuniga 4-6-marta chayish tavsiya qilinadi. Klinikamizda olib borilgan tajribalar shuni koʻrsatadiki, 1% kalsiy xlorid eritmasini kattalarga 400 ml gacha miqdorda (bolalarga 7- 10 ml/kg dozada bir daqiqada 40-50 tomchi) tomchilab yuborish yaxshi samara beradi.
ToshPTI LOR klinikasida olib borilgan kuzativlarga koʻra angina bilan ogʻrigan bemorlarni 96% da burun yondosh boʻshliqlarida surunkali yalliglanish borligi aniqlanadi, demak faqatgina oʻtkir tonzillitni (anginani) davolash bilan chegaralanmay, sinusitlarni ham davolash lozim.
Mahalliy usulda tanglay murtaklari sohasiga UVCH, qisqa toʻlqinli terapiya muolajalari oʻtkazilib, jagʻ osti limfa tugunlari sohasiga issiq yarimspirtli boylam qoʻyiladi. Koʻrsatma boʻyicha bemorga salisilatlar (paratsetamol, panadol), mukolitiklar va tinchlantiruvchi dorilar buyuriladi. Angina bilan ogʻrigan bemor 6-8 kun davomida ishdan yoki oʻqishdan ozod etilishi, ishga yoki oʻqishga ruxsat berishdan oldin qon va siydik tahlillari, EKG tekshiruvi oʻtkazilib, bir oy davomida vrach nazorati ostida boʻlishi lozim.
Aralash angina juda kam uchraydi va yuqorida qayd etilgan anginalar belgilarini birga kechishi bilan namoyon boʻladi.