Halqum murtagi gipertrofiyasi (adenoidlar) (vegetatio adenoides) halqum (burunhalqum) murtaginingpatologik gipertrofiyasi. Koʻpincha 3- 12 yoshli bolalarda, baʼzan 26-40, hatto 70-75 yoshli kishilarda ham uchrashi mumkin. Adenoidlarning 3 darajasi tafovut etiladi:
I darajada – halqum murtagi kattalashib, dimogʻ suyagini yuqoridan 1/3 qismini yopib turadi;
II darajada – kattalashgan murtaklar dimogʻ suyagini 2/3 qismini yopib turadi;
III darajada – murtak xoanalarni butunlay yopib turadi.
Klinik belsilari. Halqum murtagi gipertrofiyasi sharsimon oq-pushti rangdagi tuzilmalar boʻlib, gistologik tekshiruvda yuzaki va parenximatoz yalligʻlanish belgilari aniqlanganda, uni surunkali adenoidit deb baholash mumkin.
Halqum murtagi gipertrofiyasi quyidagi mahalliy va umumiy asoratlarga sabab boʻladi: burun orqali nafas olishning qiyinlashishi, yuz tuzilishning buzilishi, eshitish qobiliyatini va nutqni buzilib, yopiq manqalanish, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, uyquni buzilishi, xotirani pasayishi, ayrim bolalarda enurez, xoreya, pleksit, epilepsiya, laringospazm, bronxial astma, koʻrish oʻtkirligining pasayishi, qomatni (skolioz, lordoz) va yurak – qon tomir tizimi faoliyatining buzilishi va boshqalar. Bunday asoratlar burundan nafas olish qiyinligi va adenoidlarni asab tizimiga taʼsiri natijasida yuzaga keladi. Adenoidlar organizmning allergik holatiga ham taʼsir koʻrsatadi.
Tashxis bemorning yoshi, shikoyatlari, kasallikka xos yuz tuzilishi asosida qoʻyiladi. Bemorning yuzi biroz choʻziqroq, ogʻzi yarim ochiq holda, yuqoridagi tishlari betartib joylashgan va oldinga boʻrtib turgan boʻladi – habitus adenoideus (142-rasm). Uzoq vaqt davomida ogʻizdan nafas olish koʻkrak qafasining shaklini oʻzgartiradi (qush koʻkrak). Old va orqa rinoskopiya (143-rasm), endoskopiya, kompyuter tomografiya tekshiruvlari va burunhalqumni barmoq yordamida paypaslash aniq tashxis qoʻyishga yordam beradi.
Shuni taʼkidlab utish lozimki, burundan nafas olishni buzilishiga surunkali sinusitlar ham sabab boʻladi, dimogʻiga oqib tushayotgan balgʻam esa burunhalqum murtagini yalligʻlanishiga olib keladi. Shuning uchun halqum orqa devorida yiringli ajralma borligi aniqlanganda, dastlab burun yondosh boʻshliqlari rentgenografiyasi tekshiruvi bajarilib, patologik oʻzgarishlar aniqlanganda sinusitni davolash lozim. Davolashdan soʻng burundan nafas olish qobiliyati tiklangan bemorlarda adenotomiya jarrohlik amali bajarilmaydi.
Davolash. Qarshi koʻrsatmalar mavjud boʻlmagan, laboratoriya tekshiruvlarida oʻzgarishlar aniqlanmagan bemorda umumiy yoki mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida adenotomiya jarrohlik amali bajariladi.