Yot jism ogʻizhalqum, burunhalqum yoki hiqildoqhalqumda tiqilib qolishi ovqatlanish vaqtida yoki yot jism ogʻizga solinganda (tish tozalagich, nina, toʻgʻnagʻich, tugma va boshqalar) sodir boʻlishi mumkin.
Klinik belgilari. Bemorda tomoq sohasini ogʻrishi, unda suqilish yoki noxushlik his etish kuzatiladi; baʼzan ogʻriq quloq sohasiga tarqalishi, ogʻizdan soʻlak oqishi, qon tupurish, burun orqali nafas olish, yutish harakatlarini qiyinlashishi va yoʻtal kuzatilishi mumkin.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemorning shikoyatlari, faringoskopiya, bilvosita laringoskopiya, orqa rinoskopiya va boshqa tekshiruvlar natijalari asosida qoʻyiladi.
Koʻpincha oʻtkir uchli yot jism (baliq suyakchalari, nina) murtaklar choʻntaklarida, til negizida, noksimon choʻntaklarda tiqilib qoladi.
Murtaklarni koʻzdan kechirish uchun old ravoqchalar shpatel bilan asta bosilib, murtaklar ichki tomonga siljitiladi. Odatda yot jism murtakda yoki ravoqchalar orasidagi shilliq parda burmasida tiqilib qoladi. Baʼzan yot jismning bir uchi murtak toʻqimasiga suqilgan boʻlsa, ikkinchi uchi til negiziga tegib turadi. Bilvosita laringoskopiyada til negizining shilliq pardasi shilinganligi koʻrinadi. Til negizi va noksimon choʻntakni koʻzdan kechirish va tiqilib qolgan yot jismni olib tashlash uchun shilliq pardaga 2% dikain, 10% lidokain sepiladi. Tekshiruvda til murtagi toʻqimasi hamda til negizi va hiqildoq usti qopqogʻi orasidagi boʻshliq holatiga eʼtibor beriladi. Noksimon choʻntakni koʻzdan kechirish uchun bilvosita laringoskopiya (yoki gipofaringoskopiya) tekshiruvi bajariladi. Muolaja bemorning boshi oldinga yoki yot jism tiqilib qolgan tomonga egilgan holda bajariladi. Bunda til negizi, hiqildoqhalqumning yon devori, choʻmichsimon togʻay, choʻmichsimon hiqildoq usti qopqogʻi burmalarining shilliq pardasi shishganligi, zararlangan tomonda noksimon choʻntak torayganligi koʻrinadi.
Zarurat tugʻilganda rentgenologik, KT yoki MRT tekshiruvlari oʻtkaziladi. Agar klinik va rentgenologik belgilar noaniq boʻlib, bemor yutinganda kuchli ogʻriq paydo boʻlishiga shikoyat qilca, unda yot jism qiziloʻngachda tiqilib qolganligiga shubha qilish mumkin.
Davolash. Halqum yot jismi faringoskopiyada uchi egri qisqich yordamida chiqarib olinadi. Til negizi yoki noksimon choʻntakda tiqilib qolgan yot jism shilliq qavatga 10% lidokain sepilib yoki 2% dikain surtilgandan soʻng bilvosita laringoskopiyada hiqildoq korntsangi yordamida chiqarib olinadi.
Yosh bolalarda hiqildoqhalqum yot jismi umumiy ogʻriqsizlantirish ostida bevosita laringoskopiya paytida chiqarib olinadi.
Burunhalqum yot jismlari orqa rinoskopiyada mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida korntsang yoki Mikulich qiskichlari yordamida chiqarib olinadi.