Hiqildoq yuqori nafas yoʻlining oxirgi qismi boʻlib, u pastki nafas yoʻlining yuqori qismiga, yaʼni traxeyaga oʻtadi. Kattalarda hiqildoq V-YI boʻyin umurtqasi, bolalarda -III-IV boʻyin umurtqalari, qariyalarda esa V – VII boʻyin umurtqalari sathida joylashadi.
Hiqildoq skeleti boylam va boʻgʻimlar yordamida oʻzaro birikkan 3 toq – qalqonsimon (cartilago thyroidea), uzuksimon (cartilago cricoidea), hiqildoq usti togʻayi (epiglottis) va 3 juft – choʻmichsimon (cartilago aryteoidea), shoxsimon (sartilago corniculata) va ponasimon (cartilago cuneiformis) togʻaylardan tuzilgan (146-rasm). Qalqonsimon, uzuksimon va choʻmichsimon togʻaylar gialin togʻaylar boʻlsa, qolganlari – elastik togʻaydir.
Erkaklarda qalonsimon togʻayning yuqori qismi boʻyinning old yuziga boʻrtib chiqib promenenta laryngea deb ataladi. Bolalar va ayollarda boʻrtish koʻzga kurinmaydi. Oʻgʻil bolalarda qalqonsimon togʻay qizlarnikiga qaraganda kattaroq boʻladi. Yosh bolalarda hiqildoq usti togʻayi tor va tarnovsimon shaklda boʻladi .
Hiqildoq 2 juft boʻgʻimlarga ega: uzukqalqonsimon (articulatio cricothyroidea) va uzukchoʻmichsimon (articulatio cricoarytenoidea). Ular yupqa boylamlar bilan taʼminlangan. Hiqildoqning boshqa boylamlari nisbatan yoʻgʻonroq boʻladi.
Hiqildoq qalqontil osti membranasi (membrana thyrohyoidea) yordamida tilosti suyagiga, uzuktraxeya boylami (lig.cricotracheale) yordamida – traxeyaga birikadi. Qalqonsimon togʻayning old pastki cheti va uzuksimon togʻayning yoyi orasida uzukqalqonsimon boylam (lig.cricothyroideum) joylashgan. Hiqildoq usti togʻayini qalqonhiqildoq usti va til ostihiqildoq usti boylamlari ushlab turadi (lig. thyroepidloticum et lig.hyoyepiglotticum). Oʻrta va yon til osti hiqildoq usti burmalari (plica glossoepiglottica media et lateralis) hiqildoq usti togʻayiini va til ildizini bir-biriga tutashtirib turadi,burmalar orasidagi chuqurlik vallekulalar deb ataladi (valleculae epiglotticae).
Uzuksimon togʻay hiqildoqning asosi, yaʼni uning tayanchi boʻlib xizmat qiladi. Uning plastinkasida choʻmichsimon togʻaylar joylashgan. Choʻmichsimon togʻaylarning har biri ikki oʻsiqqa ega: ovoz (processus vocalis) va mushak (processus muscularis) oʻsiqlari. Choʻmichsimon togʻaylar uzukchoʻmichsimon boʻgʻimida aylanma vertikal va siljish harakatlarini bajarganda ovoz yorigʻi torayadi yoki kengayadi.
Uzuk-choʻmichsimon boʻgʻim, chin boʻgʻim boʻlib, qopcha va sinovial qatlamiga ega. Boʻgʻimni yalligʻlanishi (artrit) ovoz burmalari harakatini cheklab qoʻyishi mumkin.
Uzuk-qalqonsimon boʻgʻim uzuksimon va qalqonsimon togʻaylarning old qismlarini bir-biriga yaqinlashtiradi yoki uzoqlashtiradi, natijada ovoz burmalari goh taranglashib, goh boʻshashadi.