Nafas olish faoliyati burunning asosiy faoliyati hisoblanadi. Meʼyorda nafas olish va nafasni chiqarish paytida burun orqali oʻtayotgan havoning hajmi taxminan 500 sm.kub. ga teng. Burun orqali nafas olish fiziologik jarayon hisoblanadi. Nafas olinganda koʻkrak qafasida yuzaga kelgan manfiy bosim tufayli havo oqimi burunning har ikki yarmiga kiradi. Havo oqimining asosiy qismi umumiy burun yoʻlidan oʻrta burun chigʻanogʻi boʻylab pastdan tepaga yoysimon shaklda tarqalib, orqaga va pastga, xoanalar tomon yoʻnaladi. Nafas olinganda burun yondosh boʻshliqlaridan havoning bir qismi chiqariladi, bu esa kirayotgan havoni isitish va namlashga, bir qismini hid bilish maydoniga tarqalishiga yordam beradi. Nafas chiqarilganda havoning asosiy qismi pastki burun chigʻanoqlari sathidan chiqariladi, bir qismi esa burun yondosh boʻshliqlariga kiradi. Yoysimon yoʻl, burun ichi yoʻllarining murakkabligi havo oqimiga ancha qarshilik koʻrsatadi, bu hol fiziologik ahamiyatga ega, chunki havo oqimi burun shilliq pardasiga koʻrsatgan bosimi nafas refleksini qoʻzgʻatishda ishtirok etadi.
Burun boʻshligʻi shilliq pardasidagi refleksogen maydonlar burun boʻshligʻini boshqa aʼzolar bilan bogʻlab turadi. Bunday reflektor bogʻlanishni I va V juft bosh miya asab tolalari amalga oshiradi (mexano-,xemo va termoreseptorlarning faoliyati tufayli). Masalan, burun boʻshligʻi shilliq pardasiga tamaki tutini taʼsir etilganda nafas harakatlarining tezligi va chuqurligi oʻzgaradi, xloroform bugʻidan esa u butunlay toʻxtab qolishi mumkin. Uch shoxli asab tolasining shoxchalari “buran-bronx refleksi”rn paydo qilishi aniqlangan. Masalan, 54 – 80,5% hollarda bronxial astma kasalligi allergik rinitdan soʻng rivojlanadi.
Burun orqali nafas olishning qiyinlashishi va ogʻiz orqali nafas olish natijasida oʻpkaga yetarli miqdorda havo kirmasligi quyidagi kompensator mexanizmlarni ishga tushishiga olib keladi:
1) nafas olish harakatlarining soni oshadi;
2) nafas chiqarish harakati choʻziladi;
3) koʻkrak qafasi va diafragmaning ekskursiyasi kuchayadi;
4) plevra va traxeya ichi bosimi oshadi.
Ogʻiz orqali nafas olinganda oʻpkaning havo almashinuvi 25-30% ga kamayadi, bu esa qonda kislorod va karbonat angidrid miqdoriga taʼsir koʻrsatib, natijada eritrositlar soni va gemoglobin miqdori kamayadi, eozinofillar soni va ECHT oshadi, glyukoza miqdori oʻzgaradi, koʻkrak qafasidagi manfiy bosim pasayib, oʻpkaning nafas harakatlari susayadi, natijada organizmda gipoksiya holati rivojlanadi. Ularni barchasi asab, yurak qon-tomir, qon ishlab chiqarish va boshqa tizimlarda salbiy oʻzgarishlarni rivojlanishiga olib keladi.