Burun va burun yondosh boʻshliqlari kalla suyagining yuz qismida, koʻz kosasiga yaqin maydonda joylashgan. Burun shartli ravishda tashqi va ichki yoki burun boʻshligʻiga boʻlinadi.
Tashqi burun (nasus externus) asosi bilan pastga qaragan uch qarrali piramida shakliga ega. U suyak va togʻay qismlardan tashkil topgan. Burunning yuqori qismi peshona suyagi bilan chegaradosh boʻlib, burun negizi (radyx nasi) deb ataladi. Burun negizi pastda burun qirrasiga (dorsum nasi) davom etadi va burun uchini (apex nasi) hosil qilib tugaydi. Burunning yon tomonlari burun uchi sohasida harakatchan boʻlib, burun qanotlari (alae nasi) deb ataladi. Burun qanotlarining erkin chetlari burun toʻsigʻining harakatchan qismi (pars mobilis septi nasi) bilan ikkiga boʻlingan burun kataklarini hosil qiladi.
Suyak qismi tashqi burun qirrasini hosil qilgan juft burun suyaklaridan (os nasalia) tuzilgan. har ikki tomonda burun suyaklari yon tomoni bilan yuqori jagʻ suyagining peshona oʻsiqlariga (processus frontalis maxillae) birikib, yuz skeletining noksimon teshigini hosil qilishda qatnashadi. Pastda bu suyaklar tashqi burunning togʻay qismiga birikadi.
Tashqi burunning togʻay qismi suyak qismiga zich birikib, juft yonbosh uchburchak togʻaylar (cartilago nasi lateralis) va juft qanotlarning katta togʻaylaridan (cartilago alaris major) hosil boʻlgan. Burun qanotining katta togʻayi medial va lateral oyoqchalarga (crus mediale and laterale) ega. Yonbosh togʻay oyoqchalarining pastki qismi burun kataklarini hosil qilishda qatnashadi. Yonbosh va burun qanotining katta togʻaylari orasida burun qanotlarining kichik togʻaylari – cartilagines alaris minores (sesamasimon togʻaylar) joylashgan.
Tashqi burunning terisi bezlarga boy boʻlib, ular burunning pastki uchdan bir qismida ayniqsa koʻp boʻladi. Burun dahlizi (vestibulum nasi) ham 4-5 mm masofada teri bilan qoplangan boʻlib, bu maydonda u koʻpgina tuklar bilan taʼminlangan. Burun qanotlarining biriktiruvchi toʻqimasi burun kataklarining orqa-pastki qismini hosil qilishda ishtirok etadi. Burun qanotlari terisining ostida burun teshigini toraytiruvchi va kengaytiruvchi mushaklar joylashgan.