Burun va burun yondosh boʻshliqlarining endoskopiya tekshiruvi koʻrish burchagi 0° dan 120° gacha boʻlgan yumshoq va qattiq endoskoplar yordamida bajariladi. Tekshiruv mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida bajariladi, buning uchun burun boʻshligʻining shilliq pardasi 10% lidokain eritmasi yoki qon tomirlarni toraytiruvchi dori qoʻshilgan boshqa anestetiklar yordamida applikatsiya usulida ogʻriqsizlantiriladi. Odatda endoskop halqum yoki burun orqali kiritiladi.
Endoskopiya tekshiruvi
burun va burun yondosh boʻshliqlari kasalliklarini,
burun boʻshligʻi turli boʻlimlarining patologik oʻzgarishlarini aniqlash va
endonazal jarrohlik amalini burun boʻshligʻi tuzilmalarining anatomik tuzilishini minimal buzgan holda bajarish imkonini berib, amaliyotga tobora keng tadbiq etilmoqda.
Tekshiruvda koʻpincha “Karl Storz”, ”Richard Wolfʼ, ”Karl Zeiss” firmalari ishlab chiqqan qattiq endoskoplar toʻplamidan va “Olimpus”, “Pentax” firmalari ishlab chiqqan fibroendoskoplardan foydalaniladi. Burun boʻshlig‘ining turli boʻlimlari va burun yondosh boʻshliqlarining barcha devorlarini koʻzdan kechirish uchun odatda “0” optikali qattiq endoskop, baʼzan koʻrish burchagi 30° , 70° , 90° va 120° ga,diametri 4,0-2,7mm ga yoki 1,9mm ga teng endoskoplar ishlatiladi.
Burun boʻshligʻining endoskopiya tekshiruvi burun orqari nafas olish buzilgan, burundan uzoq vaqt davomida qon oqishi kuzatilgan va sababsiz bosh ogʻriqlarida bajarilgan old va orqa rinoskopiya tekshiruvlari etarli maʼlumot olish imkonini bermagan hollarda bajariladi. Bundan tashqari, burun boʻshligʻi endoskopiyasi orqa miya suyuqligi burun orqali oqayotgan hollarda fistula maydoni qaerda joylashganligini va burun oʻsmalarida boʻyin metastazi manbaʼini aniqlash, biopsiyaga toʻqima boʻlagini olish va jarrohlik amalidan soʻng burunning fotova videohujjatlariga ehtiyoj tugʻilganda qoʻllaniladi.
Shartli ravishda endoskopiya tekshiruv usullarini ikkiga boʻlish mumkin:
1) diagnostik endoskopiya;
2) jarrohlik endoskopiya.
Diagnostik endoskopiyaning maqsadi shilliq pardadagi patologik oʻzgarishlarni erta aniqlash va sogʻlom shilliq parda, burun chigʻanoqlari va boshqa anatomik tuzilmalarga zarar etkazmagan holda jarrohlik amalini bajarishdan iborat.
Diagnostik endoskopiya quyidagi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda bajariladi:
burun orqali nafas olishni qiyinligi,
burundan ajralma oqishi,
hid bilish faoliyatining buzilishi,
burundan sababsiz qon oqishi,
burun boʻshligʻi oʻsmalari,
polipozli gaymoroetmoidit,
eshituv nayi faoliyatining buzilishi,
sababsiz bosh ogʻriqi, jarrohlik amalidan oldin tekshirish va jarrohlik amalidan soʻng davolash samarasini nazorat qilish,
foto- va videohujjatlarning zarurligi va boshqalar.
Bir soʻz bilan aytganda, burun va burun yondosh boʻshliqlarining deyarli barcha kasalliklarida diagnostik endoskopiya tekshiruvini qoʻllash mumkin.
Tekshiruvdan oldin burun boʻshligʻi tozalanishi, kerak boʻlsa shilliq pardaga qon tomirlarni toraytiruvchi va ogʻriqsizlantiruvchi dorilar surtiladi.
Burun boʻshligʻining endoskopiya tekshiruvi bemor chalqancha yotgan va boshini tekshiruvchi turgan oʻng tomonga biroz burgan holatda bajariladi. Tekshiruvchidan maʼlum izchillikka rioya qilish talab etiladi, shunda tekshiruvchi biror bir holatni koʻzdan qochirmasligiga ishonch hosil qilib, tekshiruvni tez bajaradi.
Burun boʻshligʻining endoskopiya tekshiruvi uch bosqichda bajariladi:
Birinchi bosqichda burun boʻshligʻining dahlizi va umumiy burun yoʻli koʻzdan kechirilgandan soʻng endoskop burun boʻshligʻining tubi boʻylab burunhalqum tomon siljitiladi.
Burun dahlizida “old burun klapani", yaʼni ichki tomondan burun toʻsigʻi, pastdan burun boʻshligʻining tubi, tepadan uchburchak togʻay bilan chegaralangan boʻshliq joylashgan. Meʼyorda burun klapanining burchagi uchburchak togʻay va burun toʻsigʻi orasida 10 -15° ni tashkil qiladi. Ushbu burchakni kamayishi va burun klapanining torayishi burun orqali nafas olish faoliyatini qiyinlashtiradi,bunda burun qanotlarining jipslashishi kuzatiladi.
Tekshiruv paytida pastki burun chigʻanogʻi shilliq pardasining holatiga baho berish, baʼzan burun – koʻz yoshi kanali teshigini va yuqori jagʻ boʻshligʻida jarrohlik amali bajarilgan bemorlarda pastki burun yoʻli va yuqori jagʻ boʻshligʻi orasida hosil qilingan yoʻl ni koʻzdan kechirish mumkin. Endoskopni yanada chuqurroq siljitib pastki burun chigʻanoqlarining orqa qismlari, eshituv nayining halqum teshigi va burunhalqum gumbazining holatiga baho beriladi, adenoidlar bor – yoʻqligi va ularning hajmi, burun yondosh boʻshliqlarining tabiiy yoʻllaridan burunhalqumga oqib tushayotgan ajralmaning xarakteri aniqlanadi.
Ikkinchi bosqichda oʻrta burun yoʻli koʻzdan kechiriladi. Bunda diametri 4 yoki 2,7 mm ga teng, koʻrish burchagi 30° yoki 70°ga teng endoskop ponasimon boʻshliqning old devorigacha ponagʻalvirsimon choʻntakka kiritiladi. Buning uchun qator hollarda oʻrta burun chigʻanogʻini ichki tomonga siljitishga toʻgʻri keladi. Endoskopni burun boʻshligʻidan chiqarish paytida ilgaksimon oʻsimta, katta gʻalvirsimon pufak, yarim oy tirqish, gʻalvirsimon voronka, ponasimon boʻshliqning tabiiy yoʻli, gʻalvirsimon boʻshliq katakchalari navbatma-navbat koʻzdan kechiriladi,oʻrta burun chigʻanogʻi shilliq pardasining giperplaziyasi va osteomeatal tizim blokadasining darajasi aniqlanadi. Oʻrta burun yoʻlining boshlangʻich qismida osteomeatal kompleks joylashgan.
Ilgaksimon oʻsiq taroqcha shaklida boʻlib, burunning tashqi devomiy burun yoʻli riga birikadi, u tepaga va orqa tomonga choʻzilgan. Oldinda va undan biroz yuqoriroqda oʻrta burun chigʻanogʻining birikish maydonida yarim oy tirqishiga ochilgan burun yostiqchasining (agger nasi) hujayralari joylashgan. Ilgaksimon oʻsiq gʻalvirsimon voronkaning (infundibulum ethmoidale) old devori hisoblanadi, uning pastki boʻlimiga yuqori jagʻ boʻshligʻining tabiiy yoʻli ochiladi. Koʻpincha endoskopiya tekshiruvida oʻrta burun chigʻanogʻining ostida g‘alvirsimon boʻshliqning yirik katakchasi – gʻalvirsimon pufakchani (bulla ethmoidalis) koʻrish mumkin. Gʻalvirsimon voronka oʻrta burun yoʻlidagi yarim oy tirqishida joylashgan, uning old esa devorida peshona boʻshligʻining tabiiy yoʻli ochiladi.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining tabiiy yoʻli ilgaksimon oʻsimtaning erkin cheti orqasida joylashganligi tufayli uni koʻzdan kechirib boʻlmaydi. Baʼzan endoskopiyada oʻrta burun chigʻanogʻining kattalashgan old uchi – concha bullosa koʻrinadi, bu holat oʻrta burun chigʻanogʻi haddan tashqari havo bilan toʻlganligini bildiradi.
Uchinchi bosqichda yuqori burun yoʻli va hid bilish tirqishi koʻzdan kechiriladi. Baʼzan yuqori burun chigʻanogʻi va orqa gʻalvirsimon katakchalarning teshiklarini, yuqori burun chigʻanogʻi orqa qismining orqasida joylashgan ponasimon boʻshliqning teshigini koʻrish mumkin. Bunda odatda eng ingichka, yaʼni koʻrish burchagi 30° yoki 70° teng endoskop ishlatiladi.
Burun boʻshligʻining yuqori boʻlimlariga kirishni yengillashtirish uchun oʻrta burun chigʻanogʻini tashqi tomonga yengil siljitish lozim boʻladi.
Burun yondosh boʻshliqlarining endoskopiya tekshiruvi quyidagi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda bajariladi:
1) boʻshliqlarning rentgen tasvirida patologik oʻzgarishlar boʻlib, bemorda sinusitning klinik belgilari boʻlmaganda;
2) sinusitning klinik belgilari mavjud boʻlib, rentgenologik belgilari boʻlmagan hollarda;
3) jarrohlik amalidan oldin boʻshliq holatini aniqlash maqsadida;
4) yuqori jagʻ boʻshligʻida oʻsma jarayonini aniqlash va uni davolash paytida kasallik dinamikasini nazorat qilish maqsadida.
Yuqori jagʻ boʻshligʻining endoskopiya (sinusoskopiya) tekshiruvi odatda qoziq tish chuqurcha (fossa canuna) maydonida joylashgan old devori orqali bajariladi. Buning uchun mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida qoziq tish chuqurchasi va koʻz usti asab tolasi sohasida yumshoq toʻqimalar kesilib, siljitiladi. Keyin yuqori jagʻ boʻshligʻining old devori toʻrtinchi va beshinchi tish ildizlari sohasida diametri 4 mm ga teng maxsus troakar – naycha yordamida yengil aylanma harakatlar bilan teshiladi va endoskop kiritiladi. Asbobni pastki burun yoʻlida joylashgan ichki devoridan ham kiritish mumkin. Baʼzan yuqori jagʻ boʻshligʻi oʻrta burun yoʻli orqali koʻzdan kechiriladi. Endonazal yoʻlning afzalligi shundanki, bunda oʻrta burun yoʻlidagi tabiiy yoʻlni kengaytirish yoki pastki burun yoʻlida sunʼiy teshik hosil qilish mumkin boʻladi. Ammo endoskopni pastki burun yoʻli orqali kiritish qiyin, chunki burun toʻsigʻi qiyshiqligi, boʻshliq devorining qalinligi bunga toʻsqinlik qiladi. Baʼzan yuqori jagʻ boʻshligʻining ichi qalinlashgan shilliq parda bilan toʻlganligi, qontalashlar yoki ajralmani koʻpligi tufayli uni koʻzdan kechirish juda qiyin.
Meʼyorda yuqori jagʻ boʻshligʻining shilliq pardasi sargʻish, yupqa (0,1 mm) boʻlib, qon tomirlar toʻri aniq koʻrinib turadi. Orqa-ichki boʻlimlarida yuqori jagʻ boʻshligʻi gʻalvirsimon suyak katakchalaridan faqat yupqa suyak plastinkasi bilan ajralib turadi.
Surunkali gaymoritda yuqori jagʻ boʻshligʻining ichi koʻpincha shilimshiq-yiringli ajralma bilan toʻlgan, shilliq pardasi odatda notekis qalinlashgan, ayrim maydonlarida polipoz, fibrinoz jarayonlari rivojlanganligi koʻrinadi. Tabiiy yoʻlning oʻtkazuvchanligini boʻshliq ichiga fiziologik eritma yuborish usulida tekshiriladi. Endoskopga oʻrnatilgan maxsus qisqichlar biopsiya tekshiruvi uchun boʻshliqning turli maydonlaridan toʻqima boʻlagini olish imkonini beradi.Yiringli etmoiditda gʻalvirsimon boʻshliq shilliq pardasining rangi toʻq-sariq boʻlishi, tarqoq shishi va qizarishi oʻtkir yalligʻlanish jarayonidan dalolat beradi.
Peshona boʻshligʻining endoskopiya tekshiruvini diagnostik muolaja deb atab boʻlmaydi, chunki u ekstranazal timpanopunksiya yoki endonazal old etmoidotomiya jarrohlik amalidan soʻng bajariladi. Ponasimon boʻshliq endoskopiyasi ham mustaqil muolaja yoki gʻalvirsimon boʻshliqda bajarilgan jarrohlik amali paytida bajariladi. Bunda toʻgʻri burchakli endoskop nazorati ostida oʻrta burun chigʻanogʻining orqa uchi sathida boʻshliq troakar yordamida ochilib, hosil qilingan teshik orqali boʻshliq ichiga koʻrish burchagi 30 0,70 0 ga teng endoskoplar kiritiladi. Tekshiruvda shilliq pardaning holatiga, boʻshliq ichidagi ajralmaning xarakteriga, asbob kiritilganda qon oqishiga eʼtibor beriladi.
Burun va burun yondosh boʻshliqlarining endoskopiya tekshiruvidan soʻng bemorda bir necha vaqt davomida paresteziya va nevrologik ogʻriqlar kuzatilishi mumkin.