Quloq kiri (cerumen) – tashqi eshituv yoʻlida togʻay-parda boʻlimining bezlari ishlab chiqargan chirk moddasi va koʻchgan epidermis qatlamini toʻplanishi. Meʼyorda tashqi eshituv yoʻli bezlarining ajralmasi, yaʼni chirk moddasi qurib, kichik toʻplam yoki poʻstloq shaklida chaynash yoki gapirish paytida chakka-pastki jagʻ boʻgʻimi va tashqi eshituv yoʻli old devori harakatlanishi tufayli tashqariga chiqariladi. Tashqi eshituv yoʻlida quloq kirini toʻplanishiga chirk moddasi ishlab chiqarilishining oshishi, tashqi eshituv yoʻli torligi yoki qiyshiqligi, yorigʻiga chang kirishi, yalligʻlanish jarayoni, quloq kirini gugurt choʻpi yoki shpilka yordamida tozalashga urinish, giperxolesterinemiya, tashqi eshituv yoʻli dermatiti, ekzemasi, ekzostozi kabi omillar yordam beradi. Chirk moddasi odatda tashqi eshituv yoʻlining togʻay-parda qismida toʻplanib, keyin suyak qismiga ham tarqaladi.
Quloq kirining rangi sargʻish yoki toʻq jigarrang, yumshoq, dagʻal yoki toshsimon boʻlib, tashqi eshituv yoʻlini qisman yoki butunlay yopib qoʻyishi mumkin. Tashqi eshituv yoʻlida qolib ketgan quloq kiri qurib, uning devorlarida toʻplanib, qotadi va terini bosishi tufayli yoʻtal paydo boʻlishi, baʼzan esa eshitish faoliyatini pasayishiga sabab boʻladi.
Klinik belgilari. Odatda bemor quloq kirini his etmaydi, baʼzan qulogʻi bitishiga, shangʻilashiga, autofoniyaga va reflektor yoʻtalga shikoyat qiladi. Eshituv yoʻli butunlay yopilib qolganda bemor toʻsatdan eshitmay qolganligiga yoki eshitish qobiliyati pasayganiga shikoyat qiladi. Bunday shikoyatlar koʻpincha qulogʻi ichiga suv kirganda kuzatiladi (suv taʼsirida chirk moddasi shishadi). Quloq kiri tashqi eshituv yoʻlining suyak qismida toʻplanib, nogʻora pardani bosganda bemorda bosh aylanishi, koʻngil aynishi, bosh ogʻriqi, eshituvni keskin pasayishi kuzatiladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari va otoskopiya natijalari asosida qoʻyiladi. Otoskopiyada tashqi eshituv yoʻlini qisman yoki butunlay yopib turgan toʻq sariq yoki qora tiqma borligi aniqlanadi.
Davolash. Quloq kiri quloqni yuvish yoki zond yordamida quruq tozalash usuli yordamida chiqariladi. Quloqni yuvishdan oldin bemor ilgari quloq kasalligi bilan ogʻriganligi aniqlanadi, chunki quloq kasalligini boshdan kechirgan bemorda nogʻora pardada bitmagan teshik bor boʻlishi mumkin. Bunday hollarda quloqni yuvish man etiladi, chunki suv nogʻora pardaning teshigi orqali nogʻora boʻshligʻiga kirib, yalligʻlanish jarayonining avj olishiga va quloqdan yiring oqishiga sabab boʻlishi mumkin. Bunday hollarda quloq kiri quruq usulda chiqarib olinadi.
Quloqni yuvish uchun tana haroratiga mos (370C) 50-100 ml iliq suv yoki furatsilin eritmasi ishlatiladi. Qotgan quloq kirini yumshatish uchun bemorning qulogʻiga dastlab 7-10 tomchi 2% li sodali eritma tomiziladi, 10-15 daqiqadan keyin Jane shpritsi yordamida yuvib chiqariladi. Muolaja quyidagicha bajariladi:
Davolovchi vrach oʻng qoʻliga Jane shpritsini olib, chap qoʻli bilan bemorning quloq suprasini orqaga va yuqoriga (yosh bolalarda – orqaga va pastga) tortadi; bunda u chap qoʻlining toʻrtinchi barmogʻini shprisga tirab, uni tashqi eshituv yoʻliga chuqur kirib ketishini, devorlari jarohatlanishini oldini oladi. Keyin bemorni boʻyniga sochiq tashlanib yoki sellofan fartuk bogʻlanib, yuviladigan quloq ostiga buyraksimon likopcha qoʻyiladi. Shprisning uchi eshituv yoʻlining boshlangʻich qismiga kiritilgandan soʻng vrach suv oqimini tashqi eshituv yoʻlining orqa-yuqori devori boʻylab yuboradi. Shunda quloq kiri parchalangan yoki butun holda chiqadi.
Yuvilgandan soʻng tashqi eshituv yoʻli zondga oʻralgan quruq paxta yordamida suv qoldiqlaridan quritiladi va nogʻora parda koʻzdan kechiriladi. Tashqi eshituv yoʻlining terisiga 700 spirtga (yoki 3% borat kislotasiga) shimdirilgan paxta yordamida ishlov beriladi (chunki muolaja paytida terida kichik jarohatlar yuz berishi mumkin).