Tashqi quloq tashqi uyqu arteriyasi tomonidan qon bilan taʼminlanadi. Quloq suprasini orqa quloq arteriyasi – a.auricularis posterior, uning old yuzasining pastki uch qismini va qisman quloq solinchagini yuzaki chakka arteriyasi – a.temporalis superfacialis oziqlantiradi. Qayd etilgan qon tomirlar va tashqi eshituv yoʻli atrofida toʻr hosil qiluvchi chuqur quloq arteriyasi (a auricularis profunda) tashqi eshituv yoʻlining chuqur boʻlimlarini hamda nogʻora pardani qon bilan taʼminlaydi.
Tashqi quloqdan vena qoni oldinda orqa pastki jagʻ venasiga (v. retromandibularis), orqada orqa quloq venasiga (v.auricularis potserior) quyiladi. Limfa tashqi quloqdan quloq doʻmboqchasi oldida va tashqi eshituv yoʻlining pastki devori ostida joylashgan limfa tugunlarga, keyin chuqur boʻyin limfa tugunlariga qoʻyiladi.
Tashqi quloq sezuvchanligini quyidagi asab tolalari taʼminlaydi:
n. auriculotemporalis – quloq-chakka asab tolasi (uch shoxli asab tolasining shoxchasi);
n.auricularis magnus (yuqori boʻyin chigalining shoxchasi);
ramus auricularis n.vagus fsayyor asab tolasining quloq shoxchasi).
Uch shoxli asab tolasi asosan tashqi eshituv yoʻlining old, sayyor asab tolasi – orqa yarmiga tarmoqlanadi. Asab tolalarning bunday joylashuvi quyidagi holatlarni izohlashga yordam beradi:
tashqi eshituv yoʻlining orqa devori quloq voronkasi bilan bosilib,koʻzdan kechirilganda yoki paxta bilan tozalanganda bemorda reflektor yoʻtalni paydo boʻlishi;
tashqi eshituv yoʻli orqa devorining chipqonida bemorda quloq ogʻrigi, qusish, koʻngil aynishi belgilarini kuzatilishi;
tashqi eshituv yoʻli old devorining chipqonida faqat ogʻriq belgisini kuzatilishi.
Quloq suprasi mushaklarining harakat innervatsiyasini yuz asab tolasining shoxchasi – orqa quloq asab tolasi (n.auricularis potserior) taʼminlaydi.