Tashqi eshituv yo‘lining chipqoni (furunculus meatus acustici) – togʻay-parda boʻlimida joylashgan soch follikulalari hamda atrofdagi biriktiruvchi toʻqimaning oʻtkir yiringlinekrotik yalligʻlanishi boʻlib, tashqi eshituv yoʻlining teri va teri osti yogʻ toʻqimasining chegaralangan yalligʻlanishi bilan kechadi. Tashqi eshituv yoʻlining yalligʻlanishi, yaʼni tashqi otitning ikki shakli: chegaralangan (jarayonni faqat togʻay parda qismiga tarqalishi) va tarqoq (jarayonni suyak qismiga ham tarqalishi) tafovut etiladi.
Tashqi eshituv yoʻlining suyak qismida soch follikulalari yoʻqligi sababli bu maydonda chipqonlar paydo boʻlmaydi. Infeksiya (koʻpincha S. aureus, koʻk yiringli tayoqcha, stafilokokklar) teridagi soch follikulalariga tashqi eshituv yoʻlini shpilka yoki boshqa biror oʻtkir jism bilan jarohatlanganda tarqaladi. Shu sababdan kasallik koʻpincha qulogʻidan vaqti-vaqti bilan yiringli ajralma oqadigan bemorlarda uchraydi. Shamollash, modda almashinuvi, xususan uglevodlar almashinuvini buzilishi, notoʻgʻri ovqatlanish, gipovitaminoz kabi umumiy omillar tashqi eshituv yoʻli chipqonining rivojlanishiga yordam beradi.
Klinik belgilari. Tashqi eshituv yoʻli chipqonining yetakchi belgisi – bu keskin ogʻriq boʻlib, u tishlar va koʻzlar sohasiga, boʻyinga, baʼzan boshning barcha qismlariga tarqaladi.Ogʻriq gapirganda, chaynaganda, quloq dumboqchasi va tashqi eshituv yoʻlining pastki devori bosilganda, quloq suprasi tortilganda zoʻrayadi. Chipqon tashqi eshituv yoʻlining barcha devorlarida rivojlanishi mumkin. Ogʻriq tufayli otoskopiya ehtiyotlik bilan, kichik quloq qadoqchasi (voronkasi) yordamida bajariladi. Otoskopiyada tashqi eshituv yoʻlida yalligʻlangan va qizargan terida shish hosil boʻlib, uning yoʻlini torayganligi koʻrinadi. Baʼzan tashqi eshituv yoʻlida bir nechta chipqonlar paydo boʻlishi mumkin. Nogʻora pardada oʻzgarish kuzatilmaydi, bemorning eshitish qobiliyati oʻzgarmaydi. Mahalliy limfa tugunlar kattalashib, yengil paypaslanganda ogʻriydi. Baʼzan yalligʻlanish jarayoni quloq suprasi atrofidagi yumshoq toʻqimalarga, soʻrgʻichsimon oʻsiq sohasiga tarqalishi mumkin. Chipqon tashqi eshituv yoʻlining old yoki pastki devoridagi santoriy tirqishlari sohasida joylashganda infeksiya quloq oldi beziga tarqalib,uni yalligʻlanishiga olib kelishi mumkin.
Bemorning tana harorati biroz koʻtarilib, qaltirash kuzatilishi mumkin. Muvaffaqiyatli davolangan tashqi eshituv yoʻlining chipqoni infiltratsiya bosqichida soʻrilib ketishi mumkin. Boshqa hollarda (hoppoz bosqichida) kasallikning 5-7-kuni chipqonning choʻqqisi yorilib, tashqi eshituv yoʻliga qon aralash yiringli ajralma va nekrozga uchragan chipqon oʻzagi ham oqib chiqadi. Shundan soʻng ogʻriq ka-mayib, bemorning ahvoli biroz yaxshilanadi. Kasallik baʼzan qaytalanishi mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, otoskopiya va audiometriya, obyektiv tekshiruv (quloq doʻmbogʻi bosilganda va chaynaganda ogʻriqni paydo boʻlishi) natijalari asosida qoʻyiladi. Chipqon tashqi eshituv yoʻlining kirish joyida joylashganda u tibbiy asboblarsiz, qolgan hollarda kichik quloq qadoqchasi yordamida koʻzdan kechiriladi. Kasallikni boshida chipqonning oʻzagi ochilgandan soʻng shish ustida kratersimon chuqurlik va undan oqayotgan yiringli ajralma koʻzga koʻrinadi.
Tashqi eshituv yoʻlining chipqoni mastoidit kasalligidan farqlanadi. Chipqonda ogʻriq va shish asosan quloq suprasining birikish maydonida, mastoiditda esa soʻrgʻichsimon oʻsiq sohasida joylashadi. Mastoiditda quloq orqasidagi shish bosilganda barmoq izi qolmaydi, chipqon maydoni bosilganda esa chuqur barmoq izi qolib, u biroz vaqt koʻrinib turadi. Bundan tashqari, mastoiditda tashqi eshituv yoʻli suyak qismining orqa-yuqori devori osilganligi, chakka suyagi rentgenogrammasida – soʻrgʻichsimon oʻsiqning havoli kataklarida havo zichligi kamayganligi va quloqning eshitish qobiliyati pasayganligi aniqlanadi. Chipqonda esa otoskopiyada nogʻora pardada oʻzgarish kuzatilmaydi, bemorning eshitish qobiliyati buzilmaydi.
Qandli diabet kasalligini inkor etish uchun qon va siydikda glyukozaning miqdori, zarurat tugʻilganda mikroflora va uning antibiotiklarga sezgirligi ham tekshiriladi.
Davolash. Kasallikning dastlabki infiltratsiya bosqichida bemorga antibiotiklar buyuriladi: mushak orasiga ampitsillin, ichishga oksatsillin,augmentin bolalarga 375 mg,kattalarga 625 mg dan 3 mahal, sefalosporinlar guruhi antibiotiklari – sefaleksin, sefazolin. Tashqi eshituv yoʻliga borat kislotaning 3% li spirtli eritmasiga shimdirilgan paxta pilikcha kiritiladi. Bemorga tana haroratini pasaytiruvchi va ogʻriqqa qarshi dorilar – panadol, eferalgon, aspirin, paratsetamol tavsiya qilinadi. Desensibilizatsiya maqsadida va yalligʻlanishga qarshi 1% li kalsiy xlorid eritmasidan bolalarga 7- 10 ml/kg miqdorda, kattalarga 300-400 ml gacha 1daqiqada 40-50 tomchi tezligida vena ichiga yuborish tavsiya etiladi. Bundan tashqari bemorga pipolfen, suprastin, stafilokokka qarshi anatok sin yoki gammaglobulin,vitaminlar va fizioterapiya muolajalari (UBN, UVCH, SVCH) buyuriladi.
Chipqonni ochish muolajasi kassallikning hoʻppoz bosqichida (odatda 4-5- kuni), ogʻriq ku chayganda, atrof toʻqima infiltratsiya va mahalliy limfadenit keskinlashganda bajariladi. Mahalliy infiltratsion ogʻriqsizlantirish ostida chipqon choʻqqi sohasida kesilib, oʻzagi va yiringli ajralma chiqarilib, oʻrniga rezina chiqargich kiritiladi; tashqi eshituv yoʻliga gipertonik eritmaga shimdi rilgan pilikcha qoʻyiladi va u har 3-4 soatda almashtirib turiladi.
Limfotrop usulda quloq suprasining orqa yoki pastki asosining terisi ostiga antibiotik (masa lan, 1 ml 0,5% li novokainda eritilgan 1 ml linkomitsinni) eritmasini yuborish yaxshi samara beradi