Hiqildoq organizmda nafas, himoya, ovoz chiqarish va nutq faoliyatlarini bajaradi.
Hiqildoqning nafas faoliyati havoni oʻtkazish va nafasni boshqarishdan iborat. Pastki nafas yoʻliga kirayotgan havoning hajmi ovoz tirqishi kengaygan yoki torayganligiga bogʻliq: erkin nafas olinganda ovoz tirqishi kengayib, nafas chiqarilganda – torayadi; chuqur nafas olinganda ovoz tirqishi ayniqsa keng ochilib, nafas olinmaganda – keskin torayadi. Hiqildoqning asosiy kengaytiruvchi va yordamchi mushaklari ovoz yorigʻini kengaytirsa, yordamchi mushaklar uni toraytiradi.
Uzunchoq miyada joylashgan nafas markazi hiqildoqning sezuvchan va harakat innervasiyasini taʼminlovchi sayyor asab tolasi oʻzaklari bilan bogʻlangan. Hiqildoq yorigʻidan oʻtayotgan havo oqimi uning retseptorlariga taʼsir koʻrsatishi natijada nafas ritmi va chuqurligi reflektor ravishda oʻzgaradi. Bunda havo oqimi – adekvat qoʻzgʻatuvchi sifatida xizmat qiladi. Hosil boʻlgan impuls asosiy afferent yoʻl – yuqori hiqildoq asab tolasining sezuvchan yoʻllari va qoʻshimcha afferent yoʻllar pastki hiqildoq va tilhalqum asab tolalari orqali nafas markaziga etib boradi.
Hiqildoqning himoya faoliyati turlicha namoyon boʻladi. Yutinganda hiqildoq yuqoriga koʻtarilib, hiqildoq usti qopqogʻining hiqildoqga kirish joyini zich yopadi va nafas yoʻlini ovqatni oʻtkazish yoʻlidan ajratadi. Bir vaqtning oʻzida dahliz burmalari qisqarib, ovoz burmalari yopiladi.
Reflektor yoʻtal muhim himoya mexanizmi boʻlib, u turli yot jismlarni (qattiq, suyuq, gazsimon) hiqildoq yorigʻidan chiqarib tashlashga yordam beradi. Hiqildoqning limfadenoid toʻqimasi ham himoya faoliyatini bajaradi.