Surunkali adenoidit – halqum murtagining surunkali yalligʻlanishi oʻtkir respirator, adenovirus, rinovirus, gripp, paragripp yoki boshqa yuqumli kasalliklarda (skarlatina, qizamiq) rivojlanib, bolalarda koʻp uchraydi.
Umumiy va mahalliy immunitetning sustligi,oʻtkir adenoiditni notoʻgʻri davolash, rekonvalessensiya davrida kun tartibiga rioya qilmaslik bakterial, shu jumladan saprofit florani faollashishiga va immun supressiya holatini choʻzilishiga, mikrofloraning yuqori virulentligi oʻtkir adenoidit jarayonini surunkali shakliga aylanishiga yordam beradi.
Klinik belgilari. Surunkali adenoiditning asosiy belgisi – bu burun orqali nafas olishning buzilishi, xurrak otish, halqumning orqa devori boʻylab shilimshiq-yiringli ajralmani oqishi, manqalanish, ertalabki balgʻamli yoʻtal hurujlari hisoblanadi.
Bemor boshi ogʻrishiga, uyqusi buzilganligiga, tez charchashiga, koʻrish oʻtkirligi va hid bilish qobiliyati pasayganligiga, eshituv oʻtkirligining buzilishiga shikoyat qiladi. Surunkali adenoidit bilan kasallangan bolalarda ekssudativ diatez, dermatit, soxta krup va tungi enurez kuzatiladi.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, old va orqa rinoskopiya, faringoskopiya, halqumni barmoq bilan tekshirish, klinik,endoskopiya va kompyuter tomografiya tekshiruvlar natijalari asosida qoʻyiladi. Bemor koʻzdan kechirilganda yuzining rangparligi, koʻzlari ostida koʻkimtir doiralar borligi, ogʻzi yarim ochiq holatda ekanligi- “habitus adenoideus,” koʻkrak qafasining shakli oʻzgarganligi, paypaslanganda mahalliy limfa tugunlar (retromandibulyar, jagʻ osti, yon boʻyin) kattalashganligi va biroz ogʻrishi maʼlum boʻladi. Orofarinoskopiyada ogʻiz boʻshligʻida bir nechta chirigan tishlar borligi va ular notoʻgʻri rivojlanganligi koʻrinadi.
Qiyosiv tashxis. Adenoidlarni oʻsmirlar angiofibromasidan farqlash lozim. Angiofibroma oʻgʻil bolalarda uchrab, aylana shaklga, zich – elastik konsistensiyaga ega boʻladi, anamnez maʼlumotlarida burundan tez-tez qon oqishi kuzatilganligi qayd etiladi.
Burun chigʻanoqlari orqa uchlarining gipertrofiyasi va xoana polipida (bunda harakatchan polip xoanadan oʻsib chiqadi, burunhalqum gumbazi erkin boʻladi) ham surunkali adenoidit belgilariga oʻxshash klinik manzara kuzatiladi. Odatda adenoidlarning konsistensiyasi yumshoqroq boʻlib, ular keng asosi bilan burunhalqum gumbazining orqa boʻlimiga birikadi, kattalarda chandiqli toʻqimaning koʻpligi tufayli adenoidlar toʻqimasi qattiqroq boʻladi.
Davomli subfebrillitetning sabablaridan biri – sil kasalligini inkor etish maqsadida Pirke va Mantu sinamalari bajariladi. Mikrobiologik tekshiruv natijalari asosan kokklar florasi mavjudligini va ularning antibiotiklarga nisbatan sezuvchanligi past ekanligi maʼlum boʻladi.
Davolash tadbirlari ham dorilar, ham jarrohlik usuli bilan burun va halqumning buzilgan faoliyatini tiklashga qaratiladi.
Surunkali adenoiditning qaytalanuvchi kechimida adenotomiya jarrohlik amali kasallik xurujidan 3-4 hafta oʻtgandan keyin bajariladi.
Jarrohlik amalidan oldin bolalarga quyidagi tekshiruvlar oʻtkaziladi:
qonning klinik tahlili (trombotsitlar soni, qon ivishi va qon oqishi vaqti;
VlCh, avstraliya antigeni (Hbs), HVC, RW aniqlash tekshiruvlari;
siydikning umumiy tahlili, axlatni qurtlarga tekshirish;
tishlami sogʻlomlashtirish, toksik difteriya korinebakteriyalari batsillotashuvchilikni aniqlash uchun halqum va burundan surtma olish;
florani antibiotiklarga sezuvchanligini tekshirish;
jarrohlik amali bajarilishi mumkinligi haqida pediatr xulosasi;
yuqumli kasallik bilan ogʻrigan bemorlar bilan muloqotda boʻlmaganligi haqida maʼlumot