Mikrorinoskopiya tekshiruvi jarrohlik mikroskopi yordamida oddiy rinoskopiyadan soʻng bajarilib, burun boʻshligʻining anatomik xususiyatlari haqida aniq tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi. Tekshiruvda burun boʻshligʻi tuzilmalari ancha yirik boʻlib koʻrinishi eʼtiborga olinadi.
Mikrorinoskopiya odatda qorongʻi xonada, bemor boshini tekshiruvchi tomonga biroz burib, koʻzlarini sochiq bilan yopib chalqancha yotgan holatida bajariladi. Dastlab burun boʻshligʻi ajralmalardan yaxshilab tozalanadi, keyin 10% lidokain eritmasi bilan applikasion ogʻriqsizlantirish muolajasi bajarilib, zarur boʻlsa burun boʻshligʻining shilliq pardasiga 0,1% adrenalin gidroxlorid eritmasi surtiladi. Burun dahlizi maxsus moslama yordamida kengaytiriladi, oʻrta burun chigʻanogʻI Killian burun kengaytirgichi yordamida siljitiladi. Tekshiruv paytida elektr soʻrgʻichni ishlatish mumkin.
Burun boʻshligʻining barcha maydonlarni koʻzdan kechirish uchun mikrorinoskopiya odatda kichik kattalashtirish darajasidan (4-6-marta) boshlanib, keyin 10-marta va undan yuqori darajada kattalashtiriladi. Mikroskop obyektivi dastlab burunga kirish joyidan taxminan 200 mm masofada oʻrnatiladi, keyin nozik harakatlar bilan okulyar holatini oʻzgartirib, aniq tasvir olinadi. Tekshiruv paytida koʻzdan kechirilayotgan maydon yaxshi yoritilishi va bemor boshini optimal holatda ushlab turishi lozim. Tekshiruv paytida tekshirilayotgan aʼzo koʻrish maydonidan siljiganda mikroskopning optik qismi va bemor boshining holatlari biroz oʻzgartiriladi. Burun boʻshligʻining orqa boʻlimlarini koʻzdan kechirish paytida mikroskopning optik qismi yoki bemor boshining holatini oʻzgartirish bilan tekshirilayotgan maydonga tushayotgan yorugʻlik burchagi koʻpaytiriladi. Burunning yon boʻlimlarini, burun yondosh boʻshliqlarining tabiiy yoʻllarini, hid bilish tirqishlarini va boshqa chuqur tuzilmalarni koʻzdan kechirish uchun burun boʻshligʻiga kichik koʻzgu kiritiladi.
Mikrorinoskopiya burun boʻshligʻi kichik oʻsmalarining chegarasini aniqlash imkonini beradi, bunda oʻsma joylashgan maydonda shilliq pardaning yuzi gʻadir-budur ekanligi, qon tomirlar toʻri, oq yoki kulrang oʻsma toʻqimasi va fibrinozli karash koʻrinadi. Ushbu tekshiruv oʻsma jarayonining koʻzga ilinmagan qaytalanishini erta aniqlashga yordam beradi.
Jarrohlik mikroskopi yordamida bajarilgan endonazal jarrohlik amallari toʻliqroq bajarilib, bunda jarroh ikkala qoʻllarini ishlatish imkoniga ega boʻladi (bir qoʻli bilan endoskopni ushlab turush ehtiyoji yoʻqoladi).