Halqumning mexanik jarohatlari terining butunligi buzilgan yoki buzilmaganligiga qarab tashqi va ichki, yopiq va ochiq jarohatlarga boʻlinadi. Bundan tashqari, botgan yoki botmagan, faqat kirish teshigi yoki ham kirish, ham chiqish teshigi mavjud boʻlgan jarohatlar tafovut qilinadi.
Halqumning ichki jarohati koʻpincha mexanik taʼsir, termik va kimyoviy kuyishlar natijasida sodir boʻladi. Bola ogʻziga solingan qalam yoki choʻp bilan yikilganda yumshoq tanglayni teshilishi, halqum orqa devori shilliq pardasini yirtilishi va lat eyishi sodir boʻladi. Shunga oʻxshash jarohatlar yot jism chiqarib olinayotganda yoki endoskopiya paytida sodir boʻlishi mumkin. Hasharotlar, ayniqsa ari halqum shilliq pardasini chaqishi natijasida qisqa vaqt ichida mahalliy shish rivojlanib,bemorda boʻqilish holati yuzaga keladi.
Halqumning yopiq tashqi jarohatlariga lat eyish, teri osti yirtilishlari kiradi. Bunday jarohatlar koʻpincha koʻcha transport hodisalarida, sport oʻyinlarida sodir boʻladi. yengil jarohatlarda lat egan maydon ogʻriydi, shishadi va shilliq pardasi ostiga qon quyilib, baʼzi hollarda teri shilinadi.
Halqumning tashqi jarohati aralash (boʻyin, kalla suyagi, gavda, qoʻl-oyoqlarning jarohati bilan birga) va ochiq ( kesilgan, suqilgan, majagʻlangan) jarohatlarga boʻlinadi.
Klinik belgilari. Kasallikning belgilari bir vaqtning oʻzida bir necha aʼzolar, masalan halqum, hiqildoq va qon tomirlar jarohatlanishiga bogʻliq boʻladi. Bemorni ogʻzidan soʻlak va qon oqishi, tomoqʼi ogʻrishi, yutinishi qiyinlashganligiga shikoyat qiladi. Baʼzan bemorda boʻyin sohasining shishi va teri osti emfizemasining klinik belgilari kuzatiladi.
Bemorda ogʻriq, qon oqishi, pastki jagʻ va til osti suyagining jarohatida nafas, nutq, yutinish harakatini buzilishi va teri osti emfizemasi kuzatiladi.
Tashxis bemor shikoyatlarini, kasallikni boshlanishini, jarohat sodir etilgan vaqti va vaziyatini, kasallik belgilari aniqlash hamda paypaslash, gipo-, mezo-, epifaringoskopiya, rentgenografiya, kompyuter tomografiya tekshiruvlari natijalari asosida qoʻyiladi.
Faringoskopiyada boʻyin yumshoq toʻqimalari zararlanganligi, jarohat maydonida shish, gematoma va yalligʻlanish belgilari paydo boʻlganligi koʻrinadi. Burunhalqum, hiqildoqhalqum va jarohat maydoni koʻzdan kechirilib, yot jism bor – yoʻqligi aniqlanadi. Jarohat maydonining joylashuviga qarab jarroh yoki stomatolog maslahati uyushtiriladi, laboratoriya tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Davolash tadbirlari otorinolaringologiya yoki reanimatsiya boʻlimida olib boriladi. Halqumning tashqi jarohatida shoshilinch ravishda qon oqishni toʻxtatish, nafas olish faoliyatini tiklash, ogʻriqsizlantirish va yalligʻlanishga qarshi tadbirlar oʻtkaziladi. Kuchli arterial qon oqishlarda umumiy uyqu arteriyasi bosilib, jarohat maydoni koʻzdan kechiriladi va qonayotgan qon tomir bogʻlanadi.
Halqumning yengil ichki jarohatida jarohat maydoni tozalanib, bemorga yalligʻlanishga qarshi terapiya buyuriladi. Halqumning shilliq pardasi shilinganda jarohat maydoniga 3% kumush nitrat eritmasi surtiladi. Yumshoq tanglay yoki halqumning yon devori yirtilganda jarohat maydoniga chok qoʻyiladi. Bemorga qoqsholga qarshi zardob yuborilib, yalligʻlanishga qarshi davolash tadbirlari oʻtkaziladi. Halqum orti hoʻppozi rivojlanish xavfi tugʻilganda bemor vrach nazorati ostida boʻlishi lozim. Bemor zond orqali ovqatlantiriladi.