Hiqildoqhalqum (laryngopharynx, hypopharyngx) hiqildoq usti qopqogʻining yuqori cheti va til ildizi sathidan boshlanib, IV, V, VI boʻyin umurtkalari oldida joylashadi, keyin qadaxsimon torayib qiziloʻngachga oʻtadi. Hiqildoqhalqum halqumning eng tor qismi hisoblanadi. Hiqildoq- halqumning old devorida til negizi ustida IV- til murtagi (tonsilla lingualis) joylashgan. Oldinda va pastda hiqildoqhalqum hiqildoqqa kirish joyiga ochiladi. Hiqildoqqa kirish joyining yon tomoni va halqumning yon devori orasida noksimon choʻntaklar boʻlib, ovqat luqmasi ular orqali qiziloʻngachni kirish qismiga siljiydi. Hiqildoqqa kirish joyi oldida hiqildoq usti qopqogʻi, yon tomonlarda – choʻmich-hiqildoq usti burmasi (lig. arepiglottica) bilan chegaralangan.