O‘tkir birlamchi tonzillitlar (anginalar) (angina) – oʻtkir infeksion kasallik boʻlib, limfadenoid halqum halqasi to‘qimasining (koʻpincha tanglay murtaklarning) mahalliy yalligʻlanishi bilan namoyon boʻladi. Angina barcha kasalliklar orasida etakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Angina toʻgʻrisida aniq statistik maʼlumot olish qiyin, chunki, birinchidan aksariyat bemorlar oʻz bilganlaricha turli dorilar bilan davolansa, ikkinchidan – shaxsiy amaliyot olib boruvchi shifokorlarga murojaat qiladilar. Shuning uchun aniq maʼlumot olish qiyin. Ammo surunkali tonzillit borasida ToshPTI kafedrasi 20000 dan ortiq aholini turli viloyat va shaharlarda koʻrikdan oʻtkazib, olingan raqam – 16% (1990-y.) tashkil etishini inobatga olib, tonzillit xuruji yiliga 1,5 – 2-marta uchraydi deb hisoblansa, taxminan aholimizning 1/4 qismi (25%) oʻtkir tonzillit bilan kasallanadi deb aytish mumkin. Bunday ahvol respublikamiz sogʻliqni saqlash tizimiga anchagina noqulayliklar tugʻdiradi.
Etiologiyasi. Kasallikning rivojlanishiga A-guruhi mansub betta-gemolitik streptokok (50-80% hollarda), baʼzan stafilokokk, pnevmokokk, adenoviruslar, ogʻiz boʻshligʻi spiroxetasi, zamburugʻlar va boshqa mikroblar sabab boʻladi. Oʻtkir tonzillitlarni rivojlanishida 63% hollarda anaerob floraning roli aniqlangan (C.N.Allaniyozov).
Patogenezi. Infeksiya ekzogen va endogen yoʻllar orqali tarqalib, mikroblar murtakning shilliq pardasiga havo-tomchi yoki alimentar yoʻllar orqali kiradi. Endogen yoʻl orqali yuqish mexanizmida organizm immun holatini susayishi, saprofit yoki shartli-patogen mikrofloralarini patogen mikrofloraga aylanishi yoki patogen xususiyatini oshishi natijasida yuzaga keladi. Autoinfeksiya surunkali tonzillitning huruj davrini rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Anginalar patogenezida organizmning sovuqga boʻlgan moslashuv qobiliyatining susayishi (sovuqqa sezgirlikni oshishi), tashqi muhit sharoitining keskin oʻzgarishlari (ob-havoning harorati, nisbiy namligi, havoda zaharli moddalarni mavjudligi va boshq.), C va B guruh vitaminlar, hamda ovqat tarkibida oqsillar yetishmasligi maʼlum rol oʻynaydi. Limfatik-gipoplastik diatez, markaziy va vegetativ asab tizimi toʻliq rivojlanmaganligi, ogʻiz, burun, burun yondosh boʻshliqlarining surunkali kasalliklari, burun orqali nafas olishni buzilishi ham anginaning rivojiga yordam beradi.
Kasallikning rivojida lakunalar ichi mikroflorasi va oqsilni parchalanishi natijasida hosil boʻlgan moddalar sensibilizatsiyalovchi omil sifatida taʼsir koʻrsatsa, turli ekzogen yoki endogen omillar – sensibilizatsiyalangan organizmda yalligʻlanish jarayonini rivojlanishiga turtki boʻladi. Bundan tashqari, allergik omil infeksion-allergik xarakterga ega revmatizm, oʻtkir nefrit, nospetsifik yuqumli poliartrit va boshqa asoratlarni yuzaga kelishiga yordam beradi.
Tasnifi. B.S.Preobrajenskiy anginalarni quyidagi shakllarga boʻladi:
1.Epizotik – atrof muhit sharoitining oʻzgarishi, koʻpincha shamollash natijasida rivojlangan
anginalar;
2.Epidemik bemordan sogʻlom kishiga yuqishi natijasida rivojlangan anginalar;
3.Surunkali tonzillitning xuruji davrida yuzaga keladigan anginalar.
Ammo amaliyotda B.S.Preobrajenskiy, V.T.Palchun boʻyicha anginalarning quyidagi tasnifi keng qoʻllaniladi.
Oddiy anginalar: Kataral;
Follikulyar;
Lakunar;
Aralash.
Anginalarning notipik shakllari:
Simanovskiy-Vensan;
Gerpetik;
Flegmonoz;
Zamburugʻli;
Aralash.
Yuqumli kasalliklarda rivojlangan (ikkilamchi) anginalar:
Difteriyada;
Skarlatinada;
Qizamiqda;
Zaxmda;
OITSda.
Qon kasalliklarda rivojlangan anginalar:
Agranulositar kamqonlikda;
Monotsitar kamqonlikda;
Leykozda.
Oddiy anginalar quyidagi umumiy belgilar bilan boshqa anginalardan ajralib turadi:
organizmning umumiy zaharlanish belgilarini mavjudligi;
klinik-patologik oʻzgarishlar har ikkala tanglay murtaklarida kuzatilishi;
yalligʻlanish jarayonini oʻrtacha 7-8 kun davom etishi;
oddiy anginalarni qoʻzgʻatgan bakteriya va viruslar yalligʻlanish jarayonida birlamchi omil sifatida xizmat qilishi.
Patologoanotomik oʻzgarishlar. Murtak parenximasida qon tomir kapillyarlari va limfa tomirlarining keskin kengayishi, kichik vena qon tomirlari trombozi va limfa kapillyarlardagi turgʻunlik kabi oʻzgarishlar yuz beradi.