Burun boʻshligʻi (cavum nasi) ogʻiz boʻshligʻi va kalla suyagi old chuqurchasi orasida joylashgan. Burun boʻshligʻi burun toʻsigʻi yordamida ikkita bir xil yarim boʻshliqga boʻlinadi va old tomondan burun kataklari orqali tashqi muhitga, orqa tomondan xoanalar orqali burun-halqumga ochiladi. Burun boʻshligʻining har bir yarmi atrofida toʻrt juft burun yondosh boʻshliqlari (yuqori jagʻ, gʻalvirsimon, peshona va ponasimon) joylashgan.
Burun boʻshligʻida lateral (tashqi), medial (oʻrta), yuqori va pastki devorlari tafovut qilinadi.
Burun boʻshligʻining lateral (yonbosh, tashqi) devori
burun suyaklari,
yuqori jagʻ suyagining peshona oʻsigʻi,
yuqori jagʻ suyagining ichki devori,
koʻz yoshi suyagi,
gʻalvirsimon suyak katakchalari,
tanglay suyagining perpendikulyar plastinkasi,
ponasimon suyagi qanotsimon oʻsigʻining ichki plastinkasi va
pastki burun chigʻanoqlaridan hosil boʻlgan.
Xoanalar ichki tomondan dimogʻ suyagining orqa cheti, tashqi tomondan – ponasimon suyagi qanotsimon oʻsigʻining ichki plastinkasi, pastdan – tanglay suyagi gorizontal plastinkasining orqa cheti bilan chegaralangan.
Burun boʻshligʻining lateral devorida gorizontal holda 3 ta – yuqori, oʻrta, pastki burun chigʻanoqlari joylashgan (concha nasalis superior, media et inferior). Agar pastki burun chigʻanogʻi alohida suyakdan iborat boʻlsa, oʻrta va yuqori chigʻanoqlar gʻalvirsimon suyakning oʻsimtasi hisoblanadi. Burun toʻsigʻi va burun chigʻanoqlarining tashqi yuzasi orasida umumiy burun yoʻli, pastki burun chigʻanogʻi va burun boʻshligʻining tubi orasida – pastki burun yoʻli hosil boʻladi. Har bir chigʻanoq ostida shu nom bilan ataluvchi, yaʼni yuqori,oʻrta va pastki burun yoʻllari (meatus nasi superior, media et inferior) bor.
Burun boʻshligʻining yuqori devori (burun tomi)
old tomonda burun suyaklaridan,
oʻrta qismlarida – gʻalvirsimon suyakning elaksimon plastinkasi (lamina cribrosa) va gʻalvirsimon suyak katakchalaridan,
orqa tomonda ponasimon boʻshliqning old devoridan hosil boʻlgan.
Elaksimon plastinkaning tirqishlari orqali hid bilish asab tolasi burun boʻshligʻidan kalla boʻshligʻiga oʻtadi.
Bu asab tolasining piyozchasi (bulbus olfactorius) elaksimon plastinkaning kalla yuzasida joylashgan. Elaksimon plastinkaning qalinligi 2 -3 mm ga teng. Bolalarda burun gumbazi 2-3 yoshda suyaklanadi.
Burun boʻshligʻining pastki devori (tubi)
yuqori jagʻ suyagining tanglay oʻsiqlari va
tanglay suyagining gorizontal plastinkalaridan hosil boʻlgan.
Bu suyaklar oʻzaro oʻrta chiziq boʻylab choklar yordamida birikadi. Chaqaloqlarda burun tubi kichik boʻlib, uning pastki devori yuqori jagʻda joylashadi va tish elementlariga tegib turadi. Burun boʻshligʻi tubining oldi va oʻrtasida qanot-tanglay kanali joylashgan boʻlib, undan burun boʻshligʻiga boruvchi qanottanglay asab tolasi (n. sphenopalatinum) va arteriyasi (a.sphenopalatinum) oʻtadi. Ushbu kanalda arteriya katta tanglay arteriyasi bilan anastamoz hosil qiladi. Burun boʻshligʻining orqa devori, yaʼni chiqish joyi - xoanalar, ichki (medial) tomondan dimogʻ suyagi, tashqi (lateral) tomondan – ponasimon suyakning qanotsimon oʻsigʻi, tepadan ponasimon suyakning tanasi, pastdan tanglay suyagining gorizontal plastinkasi bilan chegaralangan. Kattalarda xoanalarning oʻlchami 20 x 12 mm ni tashkil qiladi. Chaqaloq va yosh bolalarda xoanalar tirqishsimon shaklda boʻladi.
Yosh bolalarda baʼzan xoanalarni tugʻma qisman yoki toʻliq yopilishi patologiyeasi 27 000 tugʻilgan bolaga bittadan toʻgʻri kelada (A.G. Shanturov).
Burun boʻshligʻining oʻrta devori, yaʼni burun toʻsigʻi (septum nasi) burun boʻshligʻini chap va oʻng boʻshliqlarga boʻladi. Burun toʻsigʻi suyak va togʻay qismlardan tashkil topgan boʻlib, uning
orqa qismi gʻalvirsimon suyakning perpendikulyar plastinkasi va dimogʻ suyagidan (vomer),
old qismi esa burun toʻsigʻi togʻayidan (cartillago septi nasi) tuzilgan.
Chaqaloqlarda gʻalvirsimon suyakning perpendikulyar plastinkasi pardali tuzilmadan iborat
Perpendikulyar plastinka va dimogʻ suyagi, burun toʻsigʻi togʻayi va dimogʻ suyagi orasida oʻsish maydoni joylashgan. Bu maydonning jarohatlanishi burun toʻsigʻi va tashqi burun shaklining oʻzgarishiga (deformatsiyasiga) olib kelishi mumkin. Burun toʻsigʻi 10 yoshli bolada toʻliq shakllanib boʻladi. Uning keyingi oʻsishi oʻsish maydoni hisobiga boʻladi. Togʻay va suyak toʻqimalarining oʻsish tezligi turlicha boʻlganligi sababli oʻsish maydonida burun orqali nafas olishni qiyinlashtiruvchi burun toʻsigʻi boʻrtmalari va nishlari hosil boʻlishi mumkin.
Burun toʻsigʻini qiyshayishi oʻz navbatida burun orqali nafas olishni qiyinlashtirib, surunkali kislorod yetishmovchiligi tufayli yuzaga kelgan bosh ogʻriqiga va asab kasalligiga sabab boʻladi.
Yosh bolalarda ham jismoniy, ham aqliy rivojlanishni sekinlashishga olib keladi. Burun orqali nafas olishni qiyinlashishida nafas olish jarayonini tartibga solish uchun, kompensator ravishda og'iz orqali nafas olish yuzaga keladi va o'z navbatida og'iz bo'shlig'i va tomoq kasalliklariga sababchi bo'ladi.