Tanglay murtaklarini toʻliq olib tashlash – tonzillektomiya jarrohlik amali quyidagi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda bajariladi:
surunkali tonzillitni konservativ davolash tadbirlarining samarasizligi;
surunkali tonzillitning toksiko-allergik shakli II darajasi;
surunkali tonzillit bilan bogʻliq kasalliklar (revmatizm, revmokardit, tireoidit,strumit, poliartrit, sepsis va boshq.).
Surunkali tonzillit revmatizm bilan birga kechgan hollarda tonzillektomiya kasallikning remissiya davrida, revmatizmga qarshi davolash tadbirlaridan soʻng bajariladi.
Tonzillektomiyaga qarshi koʻrsatmalarga quyidagilar kiradi:
qon kasalliklari;
yurak va buyrak yetishmovchiligi;
stenokardiya, gipertoniya;
qandli diabetning ogʻir shakli;
sil kasalligi;
oʻtkir ichak kasalliklari;
homilaning oxirgi oylari, hayz koʻrish davri.
Angina va oʻtkir respirator kasalliklarda, surunkali tonzillitning xuruj davrida tonzillektomiya jarrohlik amali bemor sogʻaygandan soʻng 2-3 haftadan keyin bajariladi.
Bemor tonzillektomiya jarrohlik amaliga poliklinika sharoitida tayyorlanadi. Bunda u terapevt yoki pediatr, kardiolog, revmatolog, gematolog, nevropatolog, endokrinolog, stomatolog va boshqa mutahassislar koʻrigidan oʻtadi, koʻkrak qafasi rentgenografiyasi, qon va siydikning umumiy tahlili, qon guruhi, rezus-omil, protrombin indeksi, qon retraksiyasi, trombotsitlar sonini, Avstraliya antigeni (Hbs), HVC, RW, VlCh ni aniqlash va EKG tekshiruvlari bajariladi. Bolalarda halqumdan Lyoffler tayoqchasiga surtma olinadi. Jarrohlik amalidan bir hafta oldin bemorga tinchlantiruvchi va gemostatik dorilar va psixolog maslahati tavsiya etiladi.
Tonzillektolmiya jarrohlik amali shifoxona sharoitida bajariladi. Bolalarda u umumiy endotraxeal ogʻriqsizlantirish yoki neyroleptonalgeziya ostida, kattalarda mushak orasiga promedol, analgin, dimedrol yoki ketonal qilingandan soʻng 0,5-1% li novokain eritmasining 10 ml ga 1 tomchi adrenalin gidroxlorid qoʻshilgan aralashma yordamida bajarilgan mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida bajariladi. Tonzillektomiya jarrohlik amali quyidagicha bajariladi (140-rasm):
a) I-bosqich. Old ravoqchalarni kesish
b) II-bosqich. Tanglay murtaklarni ajratish
v) III-bosqich. Ajratilgan tanglay murtagi
g) IY-bosqich.Ajratilgan tanglay murtagini sim bilan kesish
140- rasm.Tonzilektomiya jarrohlik amalining bosqichlari
Tanglay-til ravoqchasinmg chetidan ogʻizhalqumga qarab toʻqimalar yoysimon kesiladi. Ajratgich yoki elevator asbobi yordamida paratonzillyar boʻshliq (murtak kapsulasining orqasi) ochiladi, keyin murtak ekstrakapsulyar usulda yuqori choʻqqisidan pastki choʻqqisigacha tanglay-til ravoqchasidan ajratiladi. Tanlay murtaklari qisqich yordamida ushlanib, chandiqli bitishmalar qaychining uchi bilan ohista ajratilib, joyiga kseroform kukuni sepiladi yoki lagoden eritmasiga shimdirilgan tampon qoʻyiladi. Murtaklarni olib tashlashpaytida choʻqqisi sohasida ichki va tashqi uyqu arteriyalar joylashganini esda tutish lozim!
Tonzillektomiyadan soʻng birinchi kuni bemorga sut, qatiq ichish, iliq va suyuq ovqatlar istemol qilish tavsiya qilinadi, ayrim hollarda yalligʻlanishga qarshi terapiya buyuriladi. Murtaklar joyi
10 kun davomida fibrinli karashdan asta-sekin tozalanib, jarohat maydoni epiteliy bilan qoplanadi. Yurak faoliyatining patologik oʻzgarishlari aniqlangan bemor kardiolog nazoratida boʻlishi lozim.
Tonzillektomiya jarrohlik amalidan keyin quyidagi asoratlar kuzatilishi mumkin. Halqumdan birlamchi qon ketishi asorati jarrohlik amali paytida va ikkilamchi qon ketishi jarrohlik amalidan soʻnggi yaqin vaqt ichida kuzatilishi mumkin. Bemorda arterial, venoz va parenximatoz qon ketishlar kuzatilishi mumkin.
Yirik arteriyadan qon ketishi eng xavfli asorat boʻlib, bunda jarohat maydonidan qip-qizil qon tomir urishiga mos toʻlqinlanib oqadi. Bunday asorat arteriya devorining emirilishi yoki jarrohlik amali paytida jarohatlanishi natijasida yuzaga keladi. Koʻpincha qon ichki va tashqi uyqu, yuqori halqum va til arteriyalardan ketadi. Uni toʻxtatish jarrohdan zoʻr mahoratni talab etadi. Arterial qon oqishida bemorning ogʻzi bir zumda qonga toʻladi. Bunday vaziyatda jarroh qonayotgan maydonni va hiqildoq sohasida uyqu arteriyasini chaqqonlik bilan umurtqa pogʻonasiga bosish, shundan keyin ham qon ketishi toʻxtamasa, unda tashqi uyqu arteriyani bogʻlashi lozim. Boshqa hollarda qonayotgan maydonga spirt, yod, kaliy permanganat eritmalari, ferropirin, lagoden eritmasi, aminokapronat kislota kukuni, quruq trombin, qon zardobi, tromboplastin bilan tiqma quyiladi. Baʼzan atrofiga 0,5% yoki 1% novokain, trimekain, 0,9 % natriy xlorid eritmasi yuborilgandan soʻng qonayotgan qon tomiri Kulikov ninasi yordamida tiqiladi. Koʻpincha qon ketishini toʻxtatishning bunday usuli ijobiy natija beradi. Bu usul ham yordam bermagan ayrim hollarda orqa va old ravoqchalar orasiga lagodenga shimdirilgan doka tiqma qoʻyilgan holda tikiladi. Tiqma 24 – 48 soatdan soʻng olib tashlanadi.
Yuqorida qayd etilgan shoshilinch tibbiy yordam tadbirlari bilan birga bemorga qon ivishini yaxshilovchi dorilar yuboriladi: vena ichiga 0,5% – 10 ml lagoden, 10% kalsiy xlorid yoki glyukonat, 5% aminokapronat kislotasi, ditsinon, etamzilat natriy, qon zardobi, vikasol, bemorning qon guruhiga mos 50-100 ml toza qon vena ichiga tomchilab yuboriladi.
Halqumdan qon ketishi asorati asosan, revmatizm, poliartrit, qon kasalligi bilan ogʻrigan, Salitsilatlar va kortikosteroidlar qabul qilgan bemorlarda kuzatiladi. Bunday asoratni oldini olish maqsadida quyidagi tadbirlar bajarilishi lozim:
bemorni jarrohlik amalidan oldin sinchkovlik bilan tekshirish;
anamnez maTumotlarini batafsil yigʻish;
qon ketishiga moyil bemorlarga tonzillektomiyadan oldin 2 hafta davomida 5-10% kalisiy
xlorid eritmasi, rutin, askorutin ichish tavsiya qilinadi;
ogʻriqsizlantirish paytida 1%-10 ml novokainga 1 tomchi 0,1% adrenalin gidroxlorid
qoʻshiladi.
Tonzillektomiyada kuzatilishi mumkin boʻlgan boshqa asoratlarga quyidagilar kiradi:
nafas yoʻllari yot jismi va boʻgʻilish holati;
oʻtkir limfadenit;
teri osti emfizemasi;
oʻpka atelektazi;
zotiljam;
boʻyinhalqum hoʻppozi;
mediastinit;
yuz asab tolasi falaji va boshqalar.
Tonzilektomiyaning kechki asoratlaridan subatrofik faringit, halqumning chandiqli oʻzgarishlarini va boshqalarni sanab oʻtish mumkin.