Chig‘anoq (cochlea ) – bu oʻz oʻqi ( modiolus) atrofida 2,5-marta aylanib, tepada choʻqqi hosil qilgan spiral shaklidagi suyakli naydir. Suyak oʻqidan kanal ichiga spiral suyak plastinkasi (lamina spiralis ossea) kiradi. Kesimda chigʻanoq yassi konus shakliga ega (konus asosining eni 9 mm, buyi 5 mm, spiral shaklidagi suyakli nayning uzunligi 32 mm ga teng). Spiral suyak plastinkasining davomi boʻlgan pardali asosiy (bazillyar) plastinka va dahliz (Reyssner) membranasi (membrana vestibularis) chigʻanoq ichida mustaqil nayni – chigʻanoq yoʻlini (ductus cochlearis) hosil qiladi. Bu yoʻl suyakli chigʻanoq nayini yuqori va pastki spiral narvonlarga boʻladi: nayning yuqori boʻlimi – dahliz narvoni (scala vestibuli), pastki boʻlimi – nogʻora narvoni (scala tympani) deb ataladi. Yuqori va pastki narvonlar alohida-alohida joylashgan bulib, ular faqat chigʻanoq choʻqqisidagi gelikotrema (helicotrema ) teshigi orqali bir-biri bilan tutashadi. Dahliz narvoni oval darchaga, nogʻora narvoni esa chigʻanoq darchasi (aylana darcha) orqali nogʻora boʻshligʻiga ochiladi. Nogʻora narvonida chigʻanoq darchasi yonida orqa miyaning toʻr pardasi boʻshligʻiga ochilib, chakka suyagi toshsimon qismining pastki qiyasida tugaydigan chigʻanoq suv oqavasi (ductus endolymphaticus) oʻtadi. Spiral suyak plastinkasining asosi yonida suyak kanali boʻlib, unda eshituv asab tolasining birinchi bipolyar neyron hujayralariga ega chigʻanoqning spiral tuguni (ganglion spirale cochleae) joylashgan.