Tashqi, oʻrta va ichki davolanadi quloqning alohida yoki aralash jarohatlari uchraydi. Quloq jarohatlariga akustik, mexanik, termik, fizikaviy va kimyoviy omillar sabab boʻladi. Barojarohat, vibrojarohat va atmosfera bosimining oʻzgarishlari quloq jarohatlari orasida alohida oʻrinni egallaydi. Yuzaki jarohatlarga – yumshoq toʻqimalarni zararlanishi, chuqur quloq jarohatlariga – chakka suyagining piramidasini va boshqa qismlarini shikastlanishi yoki sinishi kiradi.
Tashqi quloq jarohatlari. Quloq suprasining alohida oʻzini jarohatlanishi yoki periaurikulyar toʻqima, oʻrta quloq va kalla suyagi boshqa qismlarining jarohatlari bilan birga uchrashi mumkin. Tashqi quloq jarohatlari barcha tashqi quloq kasallilarining 0,3% ni tashkil qiladi. Sentura va hammualliflar (1980) tashqi quloq jarohatlarining quyidagi tasnifini keltiradi:
Lat eyishi va gematoma hosil boʻlishi;
Shilinishi;
Yirtilishi;
Perixondrit va xondoperxondrit;
Tashqi eshituv yoʻlini torayishi;
Kuyishi;
Muzlashi;
Radiasiyadan zararlanishi;
Quloq gajagining tugunchali xondrodermatiti.
Tashqi aerootit.
Jarohatning darajasi klinik belgilar, chakka suyagining rentgenografiyasi va kompyuterli tomografiya tekshiruvlari yordamida aniqlanadi.
Quloq suprasi jarohati zarb tegishi, tishlash yoki lat eyish natijasida yuzaga kelib, janjal, oʻyin yoki sport musobakalari paytida sodir boʻladi. Bunda tashqi, oʻrta va hatto ichki quloq u yoki bu darajada jarohatlanib, quloq suprasini qisman yoki butunlay uzilishi kuzatiladi. Quloq suprasining jarohat maydoniga infeksiya tarqalgan yoki tibbiy yordam oʻz vaqtida koʻrsatilmagan hollarda bemorda quloq suprasi xondroperixondriti rivojlanadi. Keyinchalik bunday asorat togʻayni emirilishiga va quloq suprasi shaklini buzilishiga olib kelishi mumkin.
Davolash. Quloq suprasining yuzaki jarohatida jarohat maydonining terisiga birlamchi ishlov berib, mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida choklar qoʻyiladi. Choklar mumkin qadar erta, dastlabki 2 kun ichida qoʻyilishi lozim. Bemor qoqsholga qarshi emlanib, mushak orasiga yoki ichish uchun antibiotiklar buyuriladi. Jarohat maydoniga fizioterapiya muolajalari buyuriladi, boylami har kuni almashtirib turiladi.
Yalligʻlanish tarqalmagan hollarda jarohat maydoni bitib, iplar bir haftadan soʻng olinadi.
Jarohat maydoni yiringlaganda qoʻyilgan choklar olinib, yiringni chiqarish maqsadida teri qoʻshimcha kesilib, rezina chiqargichlar qoʻyiladi. Jarohat maydoni yiringli jarrohlik qoidalariga binoan parvarish qilinadi (furasilin, 5-10% dimeksid yoki osh tuzining gipertonik eritmasi bilan ishlov beriladi). Bunday hollarda jarohat maydoni ikkilamchi bitishma hosil kilib bitadi.
Chuqur jarohatlarda, shu jumladan quloq suprasi qisman yoki butunlay uzilganda, mahalliy yoki umumiy ogʻriqsizlantirish ostida jarohat maydoni birlamchi jarrohlik ishlovi yordamida ifloslangan toʻqima, yot jismlardan tozalanadi, antibiotiklar qoʻshilgan anestetik eritma bilan yuviladi, aseptik boylam qoʻyiladi, chetlarini yopishqoq plastir yordamida yaqinlashtiriladi.
Quloq suprasining uzilgan boʻlagi toza poliyetilen qopchaga solinib, qisqa vaqt ichida oʻz oʻrniga tiqilishi mumkin. Oʻq-yoy, suqilgan, kesilgan, chopilgan chuqur jarohatlar kalla suyagi va nogʻora pardaning jarohati bilan birga kechishi mumkin. Shuning uchun rentgenografiya, kompyuter tomografiya tekshiruvlari bilan birga bemorning eshitish qobiliyati ham tekshiriladi (shivirlab yoki ovozni chiqarib aytilgan soʻzlar, kamertonlar yordamida), spontan nistagm va nevrologik belgilar mavjudligi aniqlanadi.
Tashqi eshituv yoʻli jarohatlari quloq suprasi jarohati bilan birgalikda yoki yot jismni, quloq kirini chiqarish va quloqni tozalash paytida alohida jarohat sifatida sodir boʻlishi mumkin. Tashqi eshituv yoʻli suyak qismining jarohati koʻpincha yonoq va soʻrgʻichsimon oʻsiqlar, chakka -pastki jagʻ boʻgʻimi, nogʻora boʻshligʻi, baʼzan ichki quloq jarohatlari bilan birga uchrashi mumkin. Bemor pastki jagʻi bilan yerga yiqilganda yoki zarb iyak sohasiga toʻgʻri kelganda tashqi eshituv yoʻli suyak qismining pastki-old qismi sinishi mumkin. Bunday hollarda bemorda quloqdan qon oqishi va pastki jagʻ harakatida quloqni keskin ogʻrishi, nutqni buzilishi kabi belgilar kuzatiladi.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, jarohat maydonini koʻzdan kechirish,zondlash, otoskopiya va chakka suyaklari va chakka-pastki jagʻ boʻgʻimi rentgenografiyasi, eshituv va muvozanat aʼzolarining tekshiruv natijalari asosida qoʻyiladi.
Davolash. Birinchi tibbiy yordam quloqdan qon oqishini toʻxtatish, jarohat maydoniga birlamchi jarrohlik ishlov berish, uni zararsizlantiruvchi eritmalar bilan yuvish, teri ostiga qoqsholga qarshi anatoksinni yuborishdan iborat. Tashqi eshituv yoʻlining torayishi yoki atreziyasini oldini olish maqsadida birinchi kundan boshlab eshituv yoʻliga levomikol yoki sintomitsin emulsiyasiga shimdirilgan pilikcha kiritiladi va boylam qoʻyiladi. Har safar boylam almashtirilganda tashqi eshituv yoʻliga 10 tomchidan gidrokortizon suspenziyasi tomiziladi. Yalligʻlanish jarayoni kamaygandan soʻng tashqi eshituv yoʻliga silikondan yasalgan naychali kengaytirgich kiritiladi. Bir vaqtning oʻzida bemorga antibiotikoterapiya, fizioterapiya tadbirlari (tashqi eshituv yoʻli sohasiga tubus kvars, UVCH, mikrotoʻlqinli terapiya va lazerterapiya) buyuriladi. Tashqi eshituv yoʻlining old- pastki devori singan hollarda pastki jagʻ suyagi boylam yordamida harakatsizlantirilib, bemorga vaqtincha faqat suyuq ovqat isteʼmol qilish tavsiya etiladi.