Oʻtkir adenoidit (retronazal angina) – halqum murtagining oʻtkir yalligʻlanishi. Kasallik oʻtkir yoki surunkali qaytalanuvchi kechimga ega boʻlishi mumkin. Koʻpincha bolalarda halqum murtagi rivojlanishi davrida burun va burun yondosh boʻshliklari yalligʻlanishining asorati sifatida hamda turli yuqumli kasalliklarda uchraydi; kattalarda kasallik kam – murtak invalyutsiyasi (bola ulgʻaygan sari sodir boʻluvchi atrofiya jarayoni) rivojlanmagan hollardagina kuzatilishi mumkin. Yalligʻlanish jarayoni murtakdan halqumning yuqori va oʻrta boʻlimlarining shilliq pardasiga tarqalishi mumkin. Kasallikni koʻpincha bolalar va oʻsmirlarda uchrashini bir tomondan ularda halqum murtagi borligi, ikkinchi tomondan uni infeksiyaga qarshi oʻta kuchli reaksiyasi bilan izohlash mumkin.
Etiologiyasi. Oʻtkir adenoidit (epifaringit) koʻpincha bolalar respirator kasalliklari bilan birga kechadi. Uni rivojlanishiga opportunistik va shartli-patogen florani turli noqulay omillar (ijtimoiy — maishiy,alimentar,ekologik va boshq.) taʼsirida faollashishi sabab boʻladi. Bunda A guruhiga mansub beta-gemolitik streptokokk muhim ahamiyatga ega. Adenoiditning rivojlanishiga sabab boʻlgan boshqa mikroorganizmlarga mikoplazmalar, xlamidiylar, rinova koronoviruslar, gripp va paragripp viruslari, Epshteyn-Barr virusi,“C” va “G” guruhi streptokokklari va stafilokokklar kiradi.
Oʻtkir adenoidit havo-tomchi yoʻli orqali tarqalib, bolalar maktab va bogʻchalarda boʻlgan kuz-qish va bahor fasllarida kasallikni koʻpayishi qayd etiladi. Bu yoshdagi bolalarda halqum murtagi koʻpincha kattalashgan boʻlib, u turli klinik belgilar bilan kechuvchi immunitetni buzilishidan va organizm himoya kuchining sustligidan dalolat beradi.
Immunitet tanqisligi holatining asosiy klinik belgisi – bu LOR-aʼzolarda, bronx- oʻpka tizimida, koʻzlarda, terida va yumshoq toʻqimalarda koʻpincha anʼanaviy va patogenetik terapiyaga chidamli opportunistik va shartli – patogen mikroblar qoʻzgʻatgan turli surunkali qaytalanuvchi infeksion – yalligʻlanish jarayonlarini rivojlanishidir. Organizm immun tizimidagi sifat yetishmovchiligi son koʻrsatkichi, yaʼni limfoepitelial toʻqimani kattalashishi bilan qoplanadi.
Klinik belgilari. Yosh bolalarda oʻtkir adenoidit tana haroratini 39-400C ga koʻtarilishi, burun orqali nafas olishni keskin buzilishi, quloq ogʻriqi, hurujli yoʻtal bilan namoyon boʻladi. Yosh bolalarda kasallik keskin taʼsirlanish belgilari, emishini qiyinlashishi, parenteral dispepsiya, qusish, ich ketishi, qator hollarda bosh miya pardalarining taʼsirlanish belgilari bilan juda ogʻir kechadi. Burundan dastlab suyuq, keyinchalik shilimshiq – yiringli ajralma oqib, mahalliy limfa tugunlar, asosan boʻyin va pastki jagʻ limfa tugunlari kattalashadi va manqalanish kuzatiladi. Tana harorati 380C va undan yuqoriga koʻtariladi, boʻyin va jagʻ osti limfa tugunlari kattalashib, paypaslanganda ogʻriydi. Katta yoshdagi bolalarda va kattalarda kasallik tana haroratini biroz koʻtarilishi yoki meʼyorda boʻlishi, umumiy holatni yengil buzilishi bilan kechishi mumkin.
Yalligʻlanish jarayoni nay murtaklari, halqum, bodomcha bezlarning ravoqchalari va limfoid follikulalariga tarqalganda kasallik oʻtkir epifaringit sifatida kechishi va bemorda kataral oʻrta otit, evstaxeit, retrofaringial hoʻppoz asoratlari kuzatilishi mumkin.
Shuni eʼtiborga olish lozimki, oʻtkir yalligʻlanish jarayoni surunkali kechimiga aylanganda kattalashgan halqum murtaklaridagi shish va infiltratsiya jarayoniga proliferatsiya jarayonini ham qoʻshiladi, natijada murtaklar muguzlanib, yanada kattalashadi. Bu esa murtaklarning fiziologik faoliyatini keskin buzilishiga olib keladi: eshituv naylarining halqum teshiklari torayadi; burun orqali nafas olish faoliyati buziladi (bola ogʻzi orqali nafas oladi, nafas harakatlari yuzaki boʻlib, olingan havoning hajmi kamayadi).
Bosh miyada qon aylanishi buzilib,bemorda turli nevrologik belgilar bilan kechuvchi bosh miya gipoksiyasi jarayoni rivojlanadi. Halqum murtagining qon tomirlari ekstra-va intrakranial qon tomirlar bilan anastomoz hosil qilishi esa yalligʻlanish jarayonida kalla ichi asorati, xususan surunkali bazal leptomeningitni rivojiga olib kelishi mumkin.
Burun orqali nafas olishning uzoq vaqt davomida buzilishi tish jagʻ tizimining notoʻgʻri rivojlanishiga, yuqori va pastki jagʻ suyaklarini notoʻgʻri oʻsishiga olib keladi (habitus adenoideus).
Baʼzan bolalarda burunhalqumning gumbazida jabra tirqishining bitmasligi va rudimentar choʻntak – Tornvald kistasi hosil boʻlishi mumkin. Kista kattalashgan halqum murtagi bilan yopilgan va patologik ajralma bilan toʻlgan yashirin boʻshliqdir.
Balogʻat yoshidagi bemorlarda adenoidit kasalligi kamdan-kam uchraydi va bunda murtak surunkali yalligʻlanish holatida boʻladi. Yalligʻlanish jarayoni murtakdan halqum va nafas yoʻllari shilliq pardasining barcha boʻlimlariga tarqalib, kataral, yiringli, yiringli-nekrotik xarakterga ega boʻlishi mumkin.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, klinik, allergologik, immunologik tekshiruvlar asosida qoʻyiladi. Faringoskopiyada halqumning orqa devori, orqa tanglay ravoqchalari keskin qizarganligi, halqumning orqa devori boʻylab shilimshiq-yiringli ajralma oqayotganligi koʻrinadi. Endoskop yordamida bajarilgan orqa rinoskopiyada yoki epifaringoskopiyada halqum murtagi keskin shishgan va qizarganligi, uning yuzasida nuqtali va koʻshilib ketgan yiringli karashlar borligi aniqlanadi.
Old rinoskopiyada burun boʻshligʻi shilliq pardasi kizargan va shishganligi, umumiy burun yoʻlining orqa boʻlimlarida shilimshiq yoki shilimshiq-yiringli ajralma koʻrinadi.
Qator hollarda burun boʻshligʻi anemizatsiya qilinib, tozalangandan soʻng qizargan va turli darajada shishib kattalashgan va shilimshiq-yiringli ajralma bilan qoplangan adenoidlarni koʻrish mumkin.
Periferik qonda chapga siljigan leykotsitoz, ECHT ni oshishi, virusli zararlanishda limfotsitoz kuzatiladi; siydikning umumiy tahlilida oqsil borligi aniqlanadi.
Halqum orqa devoridan surtma olib, mikrobiologik tekshiruvidan oʻtkazish kasallikni qoʻzgʻatgan bakteriyalarni aniqlash va tegishli davolash tedbirlarini oʻtkazishga yordam beradi.
Davolash mahalliy va tizimli davolash tadbirlaridan iborat.
Mahalliy davolash tadbirlari: bemorga burun tomchilari yoki aerozol shaklida qon tomirlarni toraytiruvchi, yalligʻlanishga qarshi, mukolitik va antiseptik dorilar, immunomodulyatorlar buyuriladi. Barcha dorilar burun boʻshligʻi va halqum tozalangandan soʻng kiritiladi;
Tizimli terapiyada turli dorilar ishlatiladi;
Simptomatik vositalarga tana haroratini tushuruvchi, ogʻriqsizlantiruvchi dorilar kiradi.
Viruslarga qarshi atsiklovir, interferon va immunomodulyator dorilar: polioksidoniy, likopid,
arbidol, IRS-19,immudon.
Etiotrop terapiya: mikrofloraning antibiotiklarga sezgirligi aniqlangandan soʻng bemorga asosan penitsillin guruhi antibiotiklari (fenoksimetilpenitsillin, amoksitsillin/klavulanat) yoki II -III avlodga mansub sefalosporinlar (sefuroksim, sefatoksim, seftriakson) va makrolidlar (eritromitsin, roksitromitsin, azitromitsin) buyuriladi.
Mahalliy usulda qoʻllaniladigan fuzafunjin (bioparoks) aerozoli davolashda yaxshi natija beradi. U bakteriyalarga va yalligʻlanishga qarshi keng taʼsir spektriga ega. Bioparokc aerozoli har burun teshiklariga har 4 soatda 4 ingalyatsiyadan buyuriladi. Ingalyasiyadan oldin “ burun boʻshligʻi dushini ” bajarish davolash samaradorligini yanada oshiradi.
Adenoiditning rivojlanishiga allergik omil sabab boʻlgan hollarda bemorga antigistamin dori vositalari tavsiya etiladi (klamastin, loratadin, ebastin, setirizin).
Aksariyat hollarda adenoidit 3-5 kun davomida sogʻayish bilan tugaydi, qator hollarda kasallik 15-20 kun davom etishi mumkin, bemorning umumiy ahvoli nisbatan yomonlashadi.
Dorilar bilan davolash tadbirlari samara bermagan hollarda adenotomiya jarrohlik amali bajariladi. Halqum murtagi gipertrofiyasining II-III darajasida adenoidlarni kasallikning xuruj davri davolangandan keyin rejaga asosan 1-2 oy ichida jarrohlik amalini bajarish tavsiya qilinadi.