Oʻtkir faringit (pharyngitis acuta)-halqum shilliq pardasining oʻtkir yalligʻlanishi. Kasallik mustaqil ravishda infeksiya yoki turli zararli omillarni (uzoq vaqt davomida ogʻiz orqali nafas olish, chekish, spirtli ichimliklar suisteʼmol qilish, sovuq havoda baland ovozda gapirish) bevosita taʼsiri natijasida rivojlanadi. Koʻpincha u yuqori nafas yoʻllari, yuqumli va oshqozonichak kasalliklari bilan birga uchraydi.
Etiologiyasi. Kasallikni viruslar (adenovirus, enterovirus, gripp virusi) va bakteriyalar (Corynebacterium diphtheriae, Haemophilus influenzae, Moraxella catarralis, A, C, G guruhiga mansub streptokokklar, diplokokklar, gonokokklar, Mycoplasma pneumoniae, Chlamydia pneumoniae) qoʻzgʻatadi. Sovqotish, burun va burun yondosh boʻshliqlari, burunhalqum va yuqumli kasalliklar, disbakterioz, chekish, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish, oshqozon-ichak kasalliklari oʻtkir faringitni rivojlanishiga yordam beradi.
Patomorfologiyasi. Morfologik oʻzgarishlar shilliq pardaning shishi va infiltratsiyasi, qon tomirlarni kengayishi va epiteliy qatlamini koʻchishi bilan namoyon boʻladi. Yalligʻlanish jarayoni eshituv nayining shilliq pardasiga tarqalishi mumkin. Limfoid toʻqima toʻplangan maydonlarda -
halqumning orqa devori, tanglay-halqum ravoqchalari orqasida patologik jarayon ayniqsa keskin rivojlanadi, follikulalar shishib va bir-biriga yaqin joylashgan folikulalar qoʻshilib, yirik granulalar hosil qiladi – granuolez faringit
Klinik belgilari. Bemor tomogʻi achishiga, qichishiga, qurishiga, unda noxushlik yoki “yot jism” his etishiga, quloqlari bitishiga shikoyat qiladi. Tana harorati meʼyorda yoki subfebril, ayrim hollarda undan yuqori boʻladi. Faringoskopiyada halqumning shilliq pardasi qizargan, shishgan, ayrim maydonlarda shilimshiq-yiringli karash bilan qoplanganligi koʻrinadi. Halqumning orqa va yon devorlarida aylana toʻq-qizil tepacha shaklida alohida joylashgan follikulalami koʻrish mumkin.
Tashxis bemor shikoyatlari, anamnez maʼlumotlari, faringoskopiya manzarasi, mikrobioligik tekshiruvlar asosida qoʻyiladi. Difteriya, kataral angina va boshqa yuqumli kasalliklar ham shunga oʻxshash klinik belgilar bilan kechishi mumkinligini esda tutish lozim.
Davolash tadbirlari odatda mahalliy usulda tomoqni antiseptik eritmalar (marmarak, moychechak, furatsilin, xlorofilipt va boshq.) bilan chayish, unga turli aerozollar (bioparoks, polideksa, izofra va boshq.) purkash, antigistamin dorilar, paratsetamol, iliq ishqorli ingalyatsiyalar, organizm immunitetini oshiruvchi dorilarni (IRS-19, imudon, tonzilgon-N va boshq.) tavsiya qilishdan iborat. Bemorga issiq, sovuq, nordon, oʻtkir va shoʻr ovqatlami isteʼmol qilish, chekish va spirtli ichimliklar ichish man etiladi.