Parafaringeal hoʻppoz (halqum yon hoʻppozi) – halqum atrofi toʻqimasining yiringli yalligʻlanishi.
Patogenezi. Kasallikning rivojlanishiga anginalar, surunkali tonzillitning asoratlari (tonzillogen sepsis), oʻtkir va surunkali yiringli oʻrta otitning asoratlari (petrozit, boʻyinturuq vena piyozchasi trombozi), yiringli odontogen yalligʻlanishlar (pastki 8-tishning qiyinchilik bilan chiqishi, pastki jagʻ osteomiyeliti, odontogen sepsis), burun va burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, yiringli parotit, halqum shilliq pardasining chuqur jarohatlari va tonzillektomiya jarrohlik amali sabab boʻladi.
Klinik belgilari. Parafaringeal hoʻppozda patologik jarayon boʻyinning yumshoq toʻqimalarida rivojlanadi. Halqum sohasida bir tomonlama keskin ogʻriq paydo boʻlib, yutinganda u kuchayadi. Ogʻriq koʻproq boshning yarmiga va pastki jagʻ tishlariga tarqaladi. Baʼzan bemorning nafas olishi qiyinlashadi, trizm tufayli u ogʻzini ochishga, hatto suyuq ovqatni yutishga qiynaladi, ogʻzidan soʻlak oqadi. Hoʻppoz oʻz-oʻzidan halqum atrofi boʻshligʻiga ochilganda trizm vaqtincha yoʻqoladi, keyin ichki ponasimon mushakning shishi tufayli yana paydo boʻladi. Bemorning umumiy ahvoli ogʻir, tana harorati 400 C va undan ham yuqoriga koʻtariladi, boshini majburiy holatda zararlangan tomonga egib turadi. Zararlangan tomonda eshituv nayi shilliq pardasining shishi tufayli salpingootit belgilari kuzatiladi, otoskopiyada nogʻora parda qizarib, ichkariga botganligi koʻrinadi. Boʻyinning yon yuzasi paypaslanganda ogʻriydi, zararlangan tomonda mahalliy limfa tugunlar kattalashadi. Quloq atrofi, pastki jagʻ burchagi va jagʻ orti chuqurchasi yumshoq toʻqimalarining shishi tufayli boʻyin asimmetriyasi yuz beradi. Parafaringeal hoʻppozda mediastinit, meningit, gʻorsimon sinus va boʻyinturuq vena trombozi, sepsis, jagʻ osti va buyin flegmonasi, yirik qon tomirlardan qon ketishi kabi asoratlar yuzaga kelishi mumkin.
Faringoskopiyada halqum yon devori shishgan va qizargan, shish va qizarish yumshoq tanglay, tanglay ravoqchalari va tilchaga tarqalganligi, zararlangan tomonda murtak bezlari tashqi tomonga boʻrtib chiqib, til oq-sargʻish karash bilan qoplanganligi koʻrinadi. Qonda yalligʻlanishga xos oʻzgarishlar (leykotsitoz, ECHT oshishi,leykoformulani chapga siljishi) aniqlanadi.
Tashxis kasallikni boshlanishi, bemor shikoyatlari, faringoskopiya va laboratoriya tekshiruvlari natijalari asosida qoʻyiladi.
Davolash. Bemorga yalligʻlanishga qarshi terapiya, tomir ichiga suyuqlik yuborish va immunoterapiya bilan birga shoshilinch ravishda jarrohlik amali bajariladi. Stomatolog-jarroh maslahati uyushtiriladi.
Parafaringeal hoʻppoz umumiy va mahalliy (10% li lidokain yoki 1% novokain eritmalari yordamida) ogʻriqsizlantirish ostida murtaklar joylashgan chuqurcha orqali ochiladi (ichki usul). Bunda hoʻppozning eng boʻrtgan maydoni uchi doka bilan chegaralangan tigʻ yordamida 1-1,5 sm uzunlikda kesilib,Gartman asbobi yoki yumshoq qisqich bilan kengaytiriladi.
Toʻsatdan yirik qon tomirlardan qon ketishi kuzatilgan hollarda tomirlar toʻplami ochilib, tashqi uyqu arteriyasi bogʻlanib, keyin – tonzillektomiya jarrohlik amali bajariladi.
Parafaringeal hoʻppoz meningit, sepsis, mediastinit asoratlari bilan kechganda halqum atrofi boʻshligʻi tashqi tomondan ochiladi (tashqi usul). Bunda teri toʻsh-oʻmrov-soʻrgʻichsimon mushagining old cheti boʻylab kesiladi. Keyin pastki jagʻ burchagi sohasida toʻqimalar parafaringeal boʻshliqgacha qavatma-qavat ochilib, yiringli oʻchoq kengaytiriladi. Yiringli toʻplam chiqarilgandan soʻng boʻshliq antibiotik eritmalari bilan yuvilib, unga rezina chiqargich kiritiladi. Jarohat maydoniga boylam qoʻyilib, u kuniga ikki mahal almashtiriladi. Bu usul parafarengeal boʻshliqni (hatto, kalla asosining tashqi yuzasini), boʻyin qon tomirlar toʻplamini va koʻks oraligʻining boʻyin qismini koʻzdan kechirishga yordam beradi. Jarrohlik amalidan soʻng bemorga antibiotiklar, organizm zaharlanishini kamaytiruvchi va simptomatik terapiya buyuriladi.