Hiqildoqning tugʻma torligi (stridor) Kasallik chaqaloqlik davrida kuzatilib, bolaning nafasi shovqinli boʻladi va mushuk qur-qurini eslatadi. Shovqinli qur-qur nafas bola bezovtalanganda, yoʻtalganda, yigʻlaganda kuchayadi, uxlaganda – kamayadi. Uning ovozi jarangdor, emishi yaxshi, umumiy ahvoli qoniqarli boʻladi. Bola ulgʻaygandan soʻng kasallik oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Bunday inspirator shovqin nafas olinganda hiqildoq usti qopqogʻi yumshoqligi tufayli choʻmichhiqildoq usti burmalari bilan birga hiqildoq yorigʻiga kirib qolishi natijasida yuzaga keladi; nafas chiqarilganda ular yana oʻz joyini egallaydi. Bola oʻtkir respirator kasallik bilan ogʻriganda ham qur-qur nafas oladi.
Bola ulgʻayib inspirator shovqin kamaymasa, unda hiqildoqning organik kasalligini (kista, ovoz yorigʻi pardasi) inkor etish uchun bevosita laringoskopiya, kompyuter tomografiya tekshiruvlari oʻtkaziladi.