Hiqildoq va traxeyadan qon oqishi oʻtkir gemorragik laringit, koʻk yoʻtal, ovoz zoʻriqishlari, hiqildoq gemangiomasi, qon kasalliklari va hiqildoq jarohatlarida hamda hiqildoqda bajarilgan jarrohlik amalidan soʻng kuzatilishi mumkin.
Kasallikning klinik manzarasi qon oqishining tezligi va uning sabablariga bogʻliq boʻladi. Oʻtkir laringit va koʻk yoʻtalda hiqildoqning shilliq pardasi zararlanib, ovoz burmalarida hiqildoqdan qon oqishiga sabab boʻlgan gematoma hosil boʻladi. Laringoskopiyada hiqildoqning shilliq pardasi qizarganligi, qon tomirlari kengayganligi, qontalashlar borligi, komissura va burma osti boʻshligʻida limfadenoid toʻqimaning gipertrofiyasi koʻrinadi. Hiqildoqning kichik gemangiomasida qon oqishi toʻsatdan boshlanib, oʻz-oʻzidan toʻxtashi kuzatiladi.
Qon oqishiga sabab boʻlgan hiqildoqning ichki jarohati intubatsiya, yuqori bronxoskopiya muolajasi paytida sodir boʻlishi mumkin. Baʼzan hiqildoqdan qon oqishi pastki traxeostomiyadan soʻng kuzatilib, traxeostomiya naychasining diametri traxeya yorigʻining diametriga mos kelmasligi, naycha traxeya devorini va boʻyin qon tomirlarini jarohatlashi natijasida yuz beradi.
Eroziv qon oqishlar bemorda hiqildoq perixondriti rivojlanganda, traxeostomiya naychasi boʻyin qon tomir toʻplamiga yaqin joylashganda va asta-sekin qon tomiri devorining eroziyasi va anevrizmasi rivojlanganda kuzatiladi. Jismoniy zoʻriqishdan soʻng bemorda kengaygan qon tomiri yorilib, kuchli qon oqishi tufayli hatto oʻlim holatiga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun traxeostomiya naychasi qon tomir urishiga mos harakat qilganda u albatta chiqarib olinishi yoki joyi almashtirilishi lozim. Yirik qon tomiridan qon oqishi bemor hayotiga jiddiy xavf solishi mumkin.
Klinik belgilari. Bemor yoʻtalganda qip-qizil qon oqishi, qon tupurish va boʻgʻilish holatlari kuzatiladi. Auskultasiyada traxeya va bronxlar sohasida oʻtkinchi xirillashlar eshitiladi.
Tashxis bemorning shikoyatlari, kasallikni boshlanishi, bevosita va bilvosita laringoskopiya, mikrolaringoskopiya, endoskopiya, traxeoskopiya, bronxoskopiya tekshiruvlar natijalari asosida qoʻyiladi.
Qiyosiv tashxis. Hiqildoq va traxeyadan qon oqishini halqum, oʻpka va qiziloʻngachdan qon oqishidan farqlash lozim. Oʻpkadan oqayotgan qonning rangi och-qizil va koʻpikli boʻlib, uzoq vaqt davomida ivimaydi. Qiziloʻngach va meʼdadan oqayotgan qonning rangi toʻq-qizil va hidli boʻlib, qayt qilingan ovqat va meʼda sharbatiga aralashgan boʻladi. Halqum qonashida bemor shilimshiq va qon aralash balgʻam tupuradi.
Davolash. Bemor shifoxona sharoitida davolanadi. Davolashda qon oqishining tezligi, hajmi, xarakteri va sababi eʼtiborga olinadi. Hiqildoq va traxeyadan qon oqishi kuzatilayotgangan bemorga gapirishni taʼqiqlash lozim. Qon kam miqdorda oqqanda hiqildoq ichiga tanin yoki vismut kukuni sepilib, qon koʻp miqdorda oqqanda bemorga muz parchalarini yutish buyuriladi, oyoqlariga issiq qoʻyiladi. Bir vaqtning oʻzida vikasol, disinon, etamzilat natriy, aminokapron kislotasi, askorbin kislotasi, tomir ichiga 10% kalsiy xlorid eritmasi va qon zardobi yuboriladi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonda chiqarilayotgan 0,5% lagoden eritmasinidan 10ml vena ichiga asta-sekin yuborish yaxshi samara bermoqda. Qon oqishiga sabab boʻlgan asosiy kasallik davolanadi. Yirik qon tomiridan qon oqishi bemor hayotiga jiddiy xavf solishi mumkin.