1-mavzu. Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari –fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti
Reja:
1. “Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati” fanining predmeti, obyekti, maqsadi, asosiy vazifalari
2. Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari
3. Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, rivojlantirish bosqichlari va istiqbollari
Tayanch tushunchalar: mustaqillik, strategiya, gʻoya, mafkura, demokratiya, jamiyat, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, gumanizm, yurt tinchligi, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin bozor iqisodiyotiga asoslangan mustakil demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi hamda mamlakatimiz barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik taʼminlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
Maʼlumki, bu kabi jamiyatlar rivojlangan mamlakatlarda bir necha yuz yilliklar ichida nazariya sifatida shakllanib, XX asrning oʻrtalaridan boshlab amaliyotda namoyon boʻldi. Ilgʻor mamlakatlar tajribasini oʻrganish, mamlakatimiz tarixida shakllangan fuqarolik jamiyatining milliy unsurlarini demokratlashtirish va ularni xorijiy tajriba bilan uygʻunlashtirish davr talabi sifatida oʻzligini namoyon qila boshladi.
Jamiyat rivojlanishi toʻgʻrisidagi yangicha ilmiy-nazariy gʻoyalarning oʻzgarishi ijtimoiy hayot sohalarini tubdan oʻzgartirish bilan bogʻliq. Jamiyat ijtimoiy hayoti sohalaridagi tub oʻzgarishlar deganda uning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy gʻoyaviy asoslarini tubdan oʻzgartirish va yagngicha asosga(negizga) oʻtkazilishini anglatadi.
Natijada mustaqillik tufayli jamiyat ijtimoiy hayoti sohalari tubdan oʻzgardi. Uning huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida koʻramiz. Unga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishi mumkin emas” ( 121- modda).
Shuningdek, 2017-yil 7-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-sonli Farmonida mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayotni, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda aholining ishtirokini taʼminlash, davlat va xalq oʻrtasida samarali muloqotni oʻrnatish, xalqimizning yaratuvchanlik salohiyatini yanada keng roʻyobga chiqarib, odamlarimizni shijoat bilan ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirishga qaratilgandir.
Fuqarolik jamiyati fanining predmeti - fuqarolik jamiyatining shakllanishi, rivojlanishi, har bir milliy davlatda fuqarolik jamiyati qaror topishining umumiy, oʻziga xos qonuniyatlarini va tamoyillarini oʻrganishdan iboratdir.
Fuqarolik jamiyati fanining predmeti - bu uzoq va bosqichma-bosqich tarzdagi tarixiy rivojlanish natijasidan iborat boʻlib, fuqarolik jamiyati shakllangan va rivojlangan oraliq davr - bir necha avlodlarning yangi jamiyat qurishdagi ishtiroki, jamiyatshunos olimlarning bu jamiyatni rivojlantirishga doir nazariy ishlanmalari, Birinchi Prezident I.A.Karimov tomonidan Oʻzbekistonda fukarolik jamiyati qurishning “Oʻzbek modeli”ga xos nazariy qarashlar hamda Oʻzbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasining nazariy metodologik asoslari, mamlakatda fuqarolik jamiyatining rivojlanish jarayonidan iboratdir.
Fanni oʻqitishdan maqsad– klinik ordinatorlarga Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi, maqsad va vazifalari, asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida faqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi jarayonida olib borilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishda Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida chuqur bilim berish orqali, ularda faol fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy taxlil va shaxsiy masʼuliyatni shakllantirishdan iborat.
Fanning yana bir asosiy maqsadlaridan biri - bu yoshlarda vatanparvarlik xis-tuygʻularini yuksaltirish, ularning mamlakatga sadoqatini oshirish, yangi jamiyat qurishga befarq boʻlmaydigan inson sifatida tarbiyalashdir.
Fanning asosiy vazifaci - Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun mohiyatini, Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”ning asosiy yoʻnalishlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish. Klinik ordinatorlar ongida fuqarolik jamiyatiga doir tasavvurlarni singdirish, ularda jamiyatni rivojlantirishga doir mustakil fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish, Vatanga sadoqat xis- tuygʻularini yuksaltirish kabilardan iboratdir.
Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi jarayonida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish “Harakatlar strategiyasi”ning asosiy yoʻnalishlari, fuqarolik jamiyatining shakllanish erkinligi, siyosiy partiyalarning oʻrni va ahamiyati, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, jamoatchilik nazorati va davlat organlari faoliyatining ochiqligi, nodavlat notijorat tashkilotlar, ijtimoiy sheriklik, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlish;
“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idorasiga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy boʻlsa, davlat boy va qudratli boʻladi” kabi konseptual gʻoyalarning mazmun mohiyatini, Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan asosiy yoʻnalishlar va vazifalarni bilishi va ulardan foydalana olishi;
Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi jarayonida olib borilayotgan islohotlarni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻzining takliflarini bera olishi, mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar va ularning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishini tahlil qila olish koʻnikmalariga ega boʻlishi kerak.
Fuqarolik jamiyati fanining obyekti - bu rivojlangan mamlakatlarda va Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllanish va rivojlanish jarayoni xisoblanadi. Bu jarayon ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalardagi tub oʻzgarishlarni ifodalaydi va bir necha oʻn yilliklarni oʻz ichiga olib, unda fuqarolik jamiyatining huquqiy davlat bilan oʻzaro uygʻunlikda rivojlanish bosqichlari nazariy va amaliy nuqtayi nazarlardan oʻrganiladi.
Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari - xalqimizning mustaqil taraqqiyot yoʻlidagi bosh gʻoyasidan kelib chiqadigan va oʻzining maʼno-mohiyati, falsafasi, jozibasi bilan uni toʻldirib, fuqarolarimizning qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdirishga xizmat qiladigan bunyodkor gʻoyalardir. Ushbu gʻoyalarning mazmun –mohiyati va asosiy xususiyatlari Prezident I.Karimov asarlarida oʻz ifodasini topgan.
Bular quyidagilardir:
- Vatan ravnaqi;
- Yurt tinchligi;
- Xalq farovonligi;
- Komil inson;
- Ijtimoiy hamkorlik;
- Millatlararo hamjihatlik (totuvlik);
- Diniy bagʻrikenglik.
Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari maʼrifatli dunyoda eʼtirof etilgan umumiy qonun –qoidalar va xalqaro andozalar, umuminsoniy tamoyillar va qadriyatlarning ustuvorligi, inson huquq va erkinliklariga ogʻishmay amal qilish, demokratiya va gumanizm kabi tamoyilllarning talablariga mos keladi.
Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millalararo hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik tushunchalarini tahlil qilar ekanmiz, ularning barchasi Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti I.Karimovning mustaqillik yillarida olib borgan oqilona siyosati tufayli amalga oshganligini qayd qilishimiz oʻrinlidir.
Bir soʻz bilan aytganda, milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari oʻzining maʼno-mohiyati Oʻzbekiston xalqining milliy taraqqiyot yoʻlidagi bosh gʻoyasi – mustaqillikni mustahkamlash, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdan iborat ekanligini xalqimizning qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdirishga xizmat qiladi.
Mustaqillikni qoʻlga kiritish tufayli xalqimiz oʻz taraqqiyot yoʻlini tanladi. Mana oʻttiz bir yildirki bozor iqtisodiyotiga asoslangan mustaqil demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi hamda barcha fuqarolar uchun qonun oldida tenglik taʼminlanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini qurish yoʻlida koʻpgina yutuqlar qoʻlga kiritildi. Buning natijasija mamlakatimizning qiyofasi butunlay oʻzgarib jahon hamjamiyatidagi oʻrni va nufuzi yuksalib bormoqda.
Bu yuksalish jarayoni keng qamrovli falsafiy mazmunga egadir. Zero, bu yuksalishning maʼno –mazmunini fuqarolar, birinchi navbatda yoshlar ongiga singdirish muhim amaliy ahamiyatga ega. Ushbu Konsepsiyada belgilab berilgan strategik vazifalardan biri – davlat xokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishdir. Bu masalaning konseptual(ustuvor) yoʻnalishida qoʻyilishi bejiz emas. Chunki, biz qurayotgan demokratik jamiyatda fuqarolik jamiyatiga oʻsib oʻtish uchun barcha shart – sharoitlar tayyorlanadi. Shu sababli jamiyatning davlat qurilishi sohasini isloh etish va demokratlashtirish oʻta muhimdir. Konsepsiyada davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish orqaligina hokimiyatlar oʻrtasida oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish mumkinligi gʻoyasi ilgari surilgan.
Shuningdek, davlat hokimiyatining uchta subyekti - davlat boshligʻi Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar oʻrtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini taʼminlanishining obyektiv zarurligi mustaqillik yillarida Respublika aholisining siyosiy –huquqiy madaniyatlari va ijtimoiy ong darajasining oʻsib borishi, jamiyatni demokratlashtirish, liberallashtirish jarayonlarining tabora rivojlanib borishi bilan, qolaversa demokratik jamiyatning talablari bilan bogʻliqdir.
Bugungi kunda jamiyatimizning barcha sohalarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Barcha yoʻnalishlarda olib borilayotgan yangilanish jarayonlarini mazmun va mohiyati inson manfaatiga boʻysundirilgani bilan xarakterlanadi. Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini qurish gʻoyasi mustaqillikni dastlabki, yillaridayoq paydo boʻlgan edi. Jahon tajribasidan maʼlumki u fuqarolik jamiyatining asoslari faqat demokratik jamiyatdagina shakllanadi va rivojlanadi. Shu sababli Oʻzbekistonda ham fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish va koʻppartiyaviylik tizimining rivojlanishini shartli ravishda uchta bosqichga boʻlib ilmiy jihatdan tahlil etish maqsadga muvofiqdir.
Birinchi bosqich (1991 – 2000-yillar)da demokratik jamiyatni qurish va fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish uchun muhim boʻlgan quyidagi masalalarga eʼtibor berildi:
-qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini vakolatlarini ajratish asosida milliy davlatchilikni shakllantirish;
- kuchli ijroiya hokimiyatini qaror toptirish, qabul qilingan qonunlarning roʻyobga chiqarilishini fuqarolarning huquq va erkinligini himoya qilinishini, siyosiy – iqtisodiy islohotlarning turmushga tadbiq etilishini taʼminlaydigan prezidendlik boshqaruvini mustahkamlash va rivojlantirish;
- huquqiy davlatni barpo etish;
-bir mafkuraning, bir dunyoqarashning yakkahokimligidan voz kechish, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma – xilligini eʼtirof etish;
-haqiqiy toʻlaqonli demokratiyaning qonuniy tarkibiy sifatida koʻppartiyaviylikni amalda shakllantirish.
Bu bosqichda amalga oshirilgan islohotlarning huquqiy negizini tashkil qiluvchi normativ – huquqiy hujjatlar sifatida 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi (1996), “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi (1999) qonunlar qabul qilindi. Birinchi bosqichda amalga oshirilgan islohotlar jarayonida yurtimizda yangi demokratik siyosiy tuzumning asoslari yaratildi
Ikkinchi bosqich (2001 – 2008-yillar). Bu bosqichdagi ustuvor yoʻnalishlarning barchasini oʻziga qamrab olgan eng muhim vazifa- mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishi jarayonlarini yanada erkinlashtirishdan iborat boʻldi.
Bu bosqichda siyosiy partiyalar va fuqarolik institutlarining davlat ahamiyatiga molik eng muhim qarorlarni qabul qilishdagi roli va taʼsirini tubdan kuchaytirish masalalariga alohida ahamiyat berildi.
Uchinchi bosqich ( 2010 – 2016-yillar). Bu bosqichda nodavlat notijorat tashkiloshtlari va boshqa fuqarolik institutlari rolini yanada kuchaytirish fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratlashtirish va mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga interratsiyalashuvi boʻyicha oldimizga qoʻygan maqsadni roʻyobga chiqarish ustuvor vazifa deb belgilandi.
Bugungi kunda biz oʻz oldimizga qoʻygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, yaʼni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishini taʼminlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallash borasidagi saʼyi-harakatlarimizga xolisona baho berishimizga keng imkoniyat yaratdi. Fuqarolarning siyosiy, huquqiy madaniyatlari fuqarolik jamiyati qurishning muhim omillari hisoblandi. Bu omillar qanchalik rivojlangan yetuk boʻlsa, jamiyatning ilgari siljishi uchun shunchalik mustahkam yaratiladi. Lekin ilgari siljish uchun tayanchning oʻzi kifoya qilmaydi. Oʻsha tayanchga suyanib oldinga odim tashlash uchun muayyan kuch kerak boʻladi. Bu kuch jamiyat va undagi fuqarolarning madaniyati, maʼnaviyati va ruhiyatiga bogʻliqdir.
Fuqarolik jamiyati tushunchasi asosida inson erkinligi, uning barcha koʻrinish va munosabatlarda namoyon boʻlishi gʻoyasi yotadi. Xususan, u iqtisodiy sohada xususiy mulkka ega boʻlish, siyosiy sohada - siyosiy hayotda ishtirok eta olish, huquqiy sohada teng huquqlilik, ijtimoiy sohada uyushmalarga birlashishi, diniy sohada – vijdon erkinligi, madaniy sohada – madaniy xilma-hillik, millatlararo va irqlararo munosabatlarda – millatlar, irqlarning tengligi va tolerant munosabatta boʻlishi, kommunikatsiya sohasida – axborotlarni erkin ayirboshlash va soʻz erkinligi, mafkuraviy sohada – gʻoyaviy xilma-hillik, plyuralizm, migratsiya sohasida – inson, yashash joyini erkin tanlash, ruhiy sohada – inson hurfikrligi va fikrlarning teng huquqli raqobati asosida rivojlanishi asosida amalga oshadi, deb eʼtirof etiladi. Voqelikda bu sohalarning barchasida ideal holatga erishish imkoniyati chegaralanmagan. Lekin tarixiy tajriba ushbu ideal maqsadga amaliyotda muayyan darajada yaqinlashish mumkinligini koʻrsatdi. Hozirgi zamon ilgʻor mamlakatlarida barpo etilgan fuqarolik jamiyatlari toʻgʻrisidagi tasavvurlardan kelib chiqadigan boʻlsak, u holda fuqarolik jamiyati bu:
Birinchidan, jamiyat hayoti faoliyatining iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarida ixtiyoriy ravishda shakllangan, boshlangʻich nodavlat tizimlarini oʻz ichiga qamrab olgan insoniy birlikdir;
Ikkinchidan, jamiyatdagi iqtisodiy, ijtimoiy, oilaviy, maʼnaviy, ahloqiy, diniy, ishlab chiqarish, shaxsiy va nodavlat munosabatlar majmuasidir;
Uchinchidan, erkin individlar, ixtiyoriy ravishda shakllangan tashkilotlar va fuqarolarning turli organlar tazyiqlari, aralashishlari yoki bir qolipga solishlaridan qonunlar vositasida himoyalangan jamiyat boʻlib, unda ular oʻzligini namoyon qila olishlari uchun doimiy imkoniyatlarga ega boʻladi.
Shu bilan bir qatorda, hozirgi davrda fuqarolik jamiyatining asosiy belgilari shakllandi. Bular asosan quyidagilardan iborat:
Iqtisodiy sohada: nodavlat tashkilotlar; kooperativ shirkatlar; ijara jamoalari; aksiyadorlik jamiyatlari; uyushmalar; korporatsiyalarning mavjudligi.
Ijtimoiy sohada: oila, partiyalar, jamoat tashkilotlari va harakatlar; ish va yashash joylaridagi oʻz-oʻzini boshqarish organlari; nodavlat ommaviy axborot vositalari; jamoatchilik fikrini aniqlash, shakllantirish va ifoda etishning madaniylashgan tartibotlari;
- ijtimoiy ixtiloflarni kuch ishlatmasdan, tazyiqsiz, qonunlar doirasida hal qilish amaliyotining mavjudligidir.
Maʼnaviy sohada: soʻz, vijdon va fikrlar erkinligi; oʻz fikrini ochiq bildira olishning real imkoniyatlari; ijodiy, ilmiy va uyushmalar mustaqilligining ham qonuniy, ham amaliy jihatlaridan taʼminlanganligi.
Qolaversa, jamiyat aʼzolarining toʻla mustaqillik bilan faoliyat koʻrsata olish qobiliyati, ularning eng rivojlangan darajadagi ijtimoiy intellektual, ruhiy jihatlardan yuksalishi sodir boʻlishi ham taqozo qilinadi.Soʻngi shart-sharoit esa har bir fuqaroning oʻz shaxsiy mulkiga ega boʻlishi, bu mulkni oʻzi istagan tarzda tasaruf qila olishi uchun uning bu mulkka nisbatan shaxsiy yoki jamoaviy huquqining taʼminlangan boʻlishidir.
Fuqarolik jamiyatining belgilari, mezonlari va institutlarini tasavvur qila olgan har bir kishiga koʻrinib turibdiki, bunday jamiyatning asosini fuqarolik jamiyati institutlari – siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notjorat tashkilotlarning oʻzaro munosabatlari majmuasi tashkil etadi.
Maʼlumki fuqarolik jamiyatining asosi jamoat tashkilotlaridir. Shu bilan bir qatorda fuqarolik jamiyatining oʻziga xos xususiyatlaridan biri – bu nodavlat tizimdagi barcha jamoat tashkilotlariga aʼzolikning ixtiyoriy shaklda boʻlishidir. Bu qoidada birinchidan, shu jamiyatdagi demokratiyaning yuqori darajasini namoyon qilsa, ikkinchidan, jamiyat aʼzolarining ijtimoiy ongi va faolliklari yuksakligini bildiradi. Qolaversa, har bir fuqaro oʻzi kirmoqchi boʻlgan tashkilot faoliyatida oʻzining manfaatlari va ehtiyojlariga mos maqsadlarga erishishiga ishonch hosil qilganidan soʻnggina shu tashkilotga ixtiyoriy ravishda aʼzo boʻla oladi.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishning yana muhim bir vositasi jamiyatda, yon-atrofda kechayotgan voqea hodisalarga fuqarolarning munosabati qay darajada ekanligi bilan ham belgilanadi. Maʼlumki, keyingi paytda qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan tayyorlanayotgan qonunlarning aksariyati xalqimiz fikr mulohazalarini inobatga olgan holda qabul qilinmoqda. Chunki ana shunday yoʻl bilan fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonga aralashuvi vaqt oʻtgan sayin faollashib, mukammallashib boradi. Bu tajriba kelajakda yaxshi samaralar berishiga olib keladi. Demokratik saylov tizimini yanada takomillashtirish, saylovlarga, uning jamiyatda tutgan oʻrni va ahamiyatiga nisbatan munosabat fuqarolarimizning huquqiy bilimi, madaniyati oshgan sayin yanada teran mohiyat kasb eta boshlaydi. Saylovlarda fuqarolarning nafaqat huquqlari balki majburiyatlari ham kuchaytirilishi kerak.
Fuqarolik majburiyatlari orasida saylov varaqasidan boʻlar-boʻlmas yoki sovuqqonlik bilan emas, oqilona foydalanish burchi muhim oʻrinda turishi kerak. Qolaversa fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki ular barpo qiladigan jamiyatni shakllantirishning yana bir muhim vositasidir.
Fuqarolarning siyosiy, nodavlat, notijorat tashkilotlardagi ishtirok va bu borada malakasining oshishi oʻz navbatida jamiyat – fuqaro nazoratini shakllantirishga sababchi boʻladi. Ana shunday yoʻl bilan asta-sekin hukumat qarorlarini xalq tomonidan nazorat qilish tamoyili qaror topadi.
Inson paydo boʻlgandan boshlab jamiyat bor boʻlsa, uning maʼlum bir taraqqiyot davrida davlat paydo boʻlgan. Jamiyat qanday boʻlsa, davlat ham shunday boʻladi. Davlat jamiyatning bir qismi. Davlat faoliyati ustidan fuqarolarning doimiy nazorati oʻrnatilib, uning mukammal mexanizmi yaratiladi. Bu kuchli jamiyatning bosh maqsadidir. Kuchli davlat deganda, har qanday toʻsiqlarni, yangilikka tahdid soluvchi kuchlarni birtaraf etadigan milliy davlatchilikni barpo etish va iqtisodiyotni zamonaviylashtirishda boshqaruv tizimini mustahkam ushlab turadigan, barqarorlikni saqlaydigan islohatlarni puxta oʻylab, bosqichma-bosqich amalga oshiradigan hamda Xalqi ishongan davlatgina kuchli davlat hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 2 – moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar” deyilgan.
Fuqarolik jamiyati maʼnosi shuki, davlatchiligimiz rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalari bevosita xalqqa topshiriladi, yaʼni oʻz –oʻzini boshqarish organlari yanada rivojlanadi.
Oʻzbekistonda qurilayotgan fuqarolik jamiyati milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamohangligida, uygʻunligida bunyod boʻlayapti. Maʼlumki, barcha demokratik mamlakatlar uchun umumiy boʻlgan demokratik meʼyorlar va talablar bor. Lekin bizning vatanimizda demokratiyaning oʻziga xos hususiyatlari, shart-sharoitlari, tamoyillari mavjud. Bizda demokratiya tushunchasi va eng muhimi, uning namoyon boʻlish amaliyoti jamoa hamjihatligi, tashabbusi va jamoatchilik fikrining taʼsirchanligi va obroʻ-eʼtibori asosida shakllangan va rivojlanmoqda. Oʻzbek xalqining oʻziga xos fazilatlarini – qonunga hurmat va itoatda boʻlmoq, rahbarlarga nisbatan hurmat, hayotning past-balandini yaxshi bilish va qadrlash, ahloqiy, maʼnaviy qadriyatlarni ardoqlash, ularga rioya qilish ayni vaqtda fuqarolik jamiyati mezonlari hamdir. Bu mezonlarni amalga oshishida oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yaʼni mahalla fuqarolar yigʻinini oʻrni beqiyosdir. “Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida” 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni amal qila boshlagandan boʻyon mamlakat ijtimoiy hayotda jamoat tashkilotlarining roli ortganligi bilan izohlanadi .
Maʼnaviy hayotimizni yuksaltirish haqida gapirganda, mahallaning roli va taʼsiri xususida toʻxtalish albatta oʻrinlidir. Maʼlumki, azaldan oʻzbek mahallalari chinakam milliy qadriyatlar maskani boʻlib keladi. Oʻzaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar xolidan habar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, toʻy-tomosha, hashar va maʼrakalarning koʻpchilik bilan bamaslahat oʻtkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga boʻlish kabi xalqimizga xos urf-odat va anʼanalar, avvalambor, mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan. Xalqimizga xos oʻzini oʻzi boshqarish tizimining bu noyob usuli qadim-qadimdan odamlarning nafaqat tilida, balki dilida, butun hayotida chuqur joy egallagani bejiz emas. Biz “Mahalla – ham ota, ham ona” degan hikmatli naqlni ana shu hayotiy haqiqatning ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bogʻliq koʻplab qadriyatlar va udum anʼanalarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu bilan birga, mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun oʻzini oʻzi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng koʻlamli faoliyat olib bormoqda. Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va maqomi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Boshqa hech bir davlatda yoʻqligini aytib, faxr qilib kelingan oʻzini –oʻzi boshqarish organi boʻlgan mahallalar ham hukumat tizimiga oʻtkazildi. 2020-yili “Mahalla va oilani qoʻllab –quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Vazirlik “mahalla ishiga aralashmasligi, balki uning faoliyatini qoʻllab –quvvatlashi va manfaatlarini himoya qilishi" aytilgan.
Xulosa qilib aytganda, “Fuqarolik jamiyati” tushunchasi va uning kelib chiqishi haqida turli tarixiy davrlarda oʻziga xos boʻlgan fikrlar ilgari surilgan. Yuqorida misol qilib keltirilgan Oʻrta Osiyo mutafakkirlarining ijtimoiy siyosiy qarashlari bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati poydevorini yanada mustahkamlashda va rivojlantirishda eng muhim omil sifatida xizmat qiladi. Fuqarolar xohish - irodasi bilan yaratilgan jamiyat chindan ham kuchli jamiyatdir. Fuqarolik jamiyatining bosh mezoni- insondir. Bu gʻoyalarni mamlakatimiz fuqarolariga, ayniqsa, yoshlarimizga fuqarolik jamiyatining nazariy-maʼnaviy asoslarini singdirishda asosiy negiz hisoblanadi.
Mavzu yuzaasidan savollar:
1. Fuqarolik jamiyatini qurish – strategik maqsad.
2. Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”ni maqsad va vazifalari
3. Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”ning asosiy yoʻnalishlari
Fuqarolik jamiyati fanining boshqa ijtimoiy fanlar bilan oʻzaro bogʻliqligi va oʻziga xos xususiyatlari nima?
5.Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi – fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti.
6. Fuqarolik jamiyatining asosiy belgilarini ayting
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T.: Oʻzbekiston, 2019.
2. Karimov I.A. Tanlangan asarlar toʻplami 1- 24 jild.
3.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani boʻyicha taʼlim dasturlarini yaratish va respublika taʼlim tizimiga joriy etish toʻgʻrisida»gi Farmoyishi. 2001-yil 18-yanvar.
4. Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. T.: “Yangi asr avlodi”, 2001.
5.. Alisher Navoiy. Mahbubul-qulub. T.: Fan, 1998
6. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. T.: Sharq, 1994.
7. Amir Temur. Temur tuzuklari. T.: Adabiyot va sanʼat, 1996.
8. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. T.: Adabiyot va sanʼat, 1993.
9. Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. T.: Choʻlpon, 1993.
10. Moʻminov I.M. Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli. T.: Fan, 1993.
12. Qirgʻizboyev M. Fuqarolik jamiyati: genezisi, shakllanishi va rivojlanishi. T.: Oʻzbekiston, 2010.