2 mavzu: Fuqarolik jamiyati nazariyalari, ijtimoiy tuzilmasi, iqtisodiy asoslari


Reja:

1.  Fuqarolik jamiyati haqida gʻoyalar evolyutsiyasi

2. Fuqarolik jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy tuzilmalari,  ularning oʻziga xos jihatlari.


Tayanch tushunchalar: struktura (tuzilma), ijtimoiy (sotsial), sotsial struktura, jamiyat, fuqarolik jamiyati, sotsial qatlamlar, sotsial guruhlar, fuqarolik jamiyati, fuqarolarning huquq va erkinliklari, fukarolik jamiyatining strukturasi, fukarolik jamiyati institutlari, nomarkazlashtirish, huquqiy davlat, oʻzini oʻzi boshqarish, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xarakatlar, elita, oʻrta qatlam (sinf), quyi qatlam, erkinlashtirish, huquq.


1.Fuqarolik jamiyati haqidagi gʻoyalar evolyutsiyasi.

Insoniyat taraqqiyotining barcha davrlarida fuqarolik jamiyatini qurish eng ezgu gʻoya sifatida amal qilgan. Unga erishish uchun turli darajadagi nazariy qarashlar ilgari surilgan. Fuqarolik jamiyati konsepsiyasining Yevropacha anʼanasi antik ildizlarga ega. Mazkur anʼananing mazmun-mohiyati nafaqat siyosiy, balki shaxsni ijtimoiy-axloqiy nuqtayi nazardan baholash bilan bogʻlik edi. Bunga Arastu (Aristotel-mil.av.384-322), Aflotun(Platon-mil.av.428-347), Mark Tuliy Sitseron( mil.av.106 -43) kabi mutafakkirlarning qarashlarini misol keltirish mumkin. Masalan, Aristotel(Arastu) oʻzining “Siyosat” deb nomlangan asarida fuqarolik jamiyati masalasiga alohida toʻxtalgan edi. Uning fikricha, qadimiy grek polislari bu – fuqarolik jamiyatining oʻziga xos modeli. Arastu davlat va jamiyat boshqaruvining asosiga umumxalq manfaatini koʻzlash va fozillik tamoyillarini qoʻyadi. Agar bu tamoyillarga amal qilinmasa, fuqarolik jamiyatini qurish juda murakkab ishga aylanadi deb taʼkidlagan.

Aristotel xususiy mulkni eʼtirof etadi. Chunki u inson tabiatiga xos boʻlib, odamlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning oʻzagini tashkil etadi. Aristotel mulk huquqining fuqarolar farovonligi, davlat va uning boshqaruv shakli havfsizligi, qonunchilik organi ishida fuqarolarning ishtiroki mexanizmi, lavozimlarni egallash va vazifalarni bajarish, sud organlari ishidagi rolini atroflicha oʻrgangan. Xukukni Aristotel adolat mezoni deb hisoblagan va unga ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi va ayni vaqtda ularni muhofaza qiluvchi institut sifatida yondashgan. Aristotel fikriga koʻra, siyosiy boshqaruv - bu odamlarning emas, balki qonun boshqaruvidir: xatto eng yaxshi xukmdorlar ham tuygʻular va xissiyotga beriluvchan boʻladi, qonun esa “oqilona tafakkur”dir.

Qadimgi rim mutafakkiri Mark Tuliy Sitseron (mil. av. 106-43 yillar) antik yunon siyosiy fikrlari taʼsirida oʻzining davlat va jamiyat rivojlanishiga doir oʻz taʼlimotini yaratdi. Sitseron fikricha, davlat xalqning boyligidair.Shuningdek, u “xalq” tushunchasi toʻgʻrisida quyidagi fikrlarni bildiradi: “xalq” qandaydir tarzda birgalikda toʻplangan har qanday odamlarning toʻplanmasi emas,Balki, huquq va manfaatlar umumiyligi masalalarida oʻzaro bir birlari bilan, kelishish bilan bogʻliq boʻlgan koʻpchilik odamlarning qoʻshilmasidir”.

Shuningdek, mutafakkir barqaror va adolatli jamiyat qurishni orzu qilar ekan, uning markazini ideal fuqarolar tashkil etishini anglab yetadi. Ideal fuqaro burchlari sifatida Sitseron haqiqatni, adolatni anglagan, ruhiyati ulugʻvor va odob –axloq doirasida boʻlgan, oʻz intilishlarini faqat ezguliklarga qaratgan insonni tushunadi. Fuqaro nafaqat boshqalarga zarar keltirmasligi, balki, boshqalar mulkiga koʻz olaytirmasligi, undan tashqari, adolatsizlikka uchragan insonlarga koʻmaklashishi, umumiy farovonlik yoʻlida mehnat qilishi zarur. Mutafakkir fuqarolarning yana bir muhim burchi – ularning davlat oldidagi, jumlada, askar sifatida Vatanni himoya qilish majburiyatini bajarish muximligini alohida qayd etadi. Sitseron tomonidan ilgari surilgan bu gʻoyalar fuqarolik jamiyatining asosiy unsurlari (element) edi.

Yangi davrda bir qator faylasuflar fuqarolik jamiyati konsepsiyasini yanada boyitdi. Xususan,  ingliz faylasufi Tomas Gobbs(1588-1679) antik davr mutafakkirlariga (Platon, Aristotelga) ergashib, jamiyat va davlat tushunchalarini tenglashtiradi. U davlat, fuqarolik jamiyati va fuqaroviy shaxs tushunchalari oʻrtasiga tenglik belgisini qoʻyadi. Biroq, ayni vaqtda, u agar davlat fuqaro boʻlsa, bu har qanday fuqaro davlat hisoblanishini anglatmasligini qayd etadi.

Nemis faylasufi Immanuel Kant (1724-1804) fuqarolar jamiyatida har bir kishining erkinligi boshqalar erkinligiga monand kelishi bilan ifodalanishini uqtirib, quyidagi prinsiplarni ilgari suradi:

1. Inson sifatida jamiyat aʼzolari erkinligi;

2. Fuqaro sifatida ularning tengligi;

3. Fuqaro sifatida har bir jamiyat aʼzolarining mustaqilligi

Fuqarolik jamiyatini taxlil qilishga nisbatan boshqa bir yondoshuvni G.Gegel(1770-1831) taklif qiladi. Uning fikriga koʻra, fuqarolik jamiyati - bu, avvalo, xususiy mulkka asoslangan ehtiyojlar tizimi, shuningdek, din, oila, tabaqalar, davlat qurilishi, huquq, axloq, burch, madaniyat, maʼorif, qonunlar va ulardan kelib chiquvchi subyektlarning oʻzaro yuridik aloqalaridir. Tabiiy, “nomadaniy” xolatdan “odamlar fuqarolik jamiyatiga kirishlari lozim, chunki faqat shu jamiyatda hukuqiy munosabatlar xaqikqy xususiyat kasb etadi”.!

G.Gegel fikri boʻyicha, tarixiy jarayonni xarakatlantiruvchi kuch sifatida fuqarolik jamiyati emas, balki davlat amal kiladi, u barcha fazilatlarni oʻzida mujassamlashtiradi, inson shaxsi, umumiy siyosiy, moddiy va maʼnaviy asoslarning jamuljam ifodasi xisoblanadi. Davlat insonni har xil tasodiflardan himoya qiladi, adolatni taʼminlaydi, umumiy manfaatlarni ruyobga chiqaradi.

Bizning siyosiy qadriyatlarimiz oʻz gʻilofiga oʻralib qolgani yoʻq. aslida Sharq mamlakatalari mutafakkirlari ijodida bu masalaga oqilona yondashuv uch ming yil ilgari shakllangan. Ijtimoiy taraqqiyotning maʼlum davrlarida sharq mamlakatlari yetakchilik mavqeini egallagan. Har qanday fan, oʻz mohiyatiga koʻra umumbashariydir. Dunyo xalqlari katta-kichikligidan qatʼiy nazar uning rivojiga hissalarini qoʻshgan. Shu nuqtayi nazardan fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish toʻgʻrisidagi gʻoyalar, bilimlar bir yoqlama boʻrttirish yoki kamsitish notoʻgʻri yondoshuvdir.

Fuqarolik jamiyati va uning tushunchalari Markaziy Osiyo ijtimoiy –siyosiy va maʼnaviy hayotining yorqin namunasi “Avesto” muqaddas kitobida yoritilgan. 2001-yilda millat maʼnaviy  madaniyatining eng qadimgi manbasi “Avesto”ning 2700-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov:“...bu noyob asar bebaho tarixiy xujjat boʻlib, u biz yashagan bu qadim yurtda, bu zaminda oʻzining madaniyati va boy maʼnaviyatiga ega boʻlgan buyuk davlat boʻlganligidan, ajdodlarimiz, asrlar davomida bitmas tugunmas kuch va qudrat, tayanch sifatida xizmat qilganligidan dalolat beradi” deb alohida eʼtirof etgan. “Avesto”ning bosh gʻoyasi “ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” har qanday jamiyat va insonlararo munosabatlarning maʼnaviy asosi ekanligidan dalolatdir.

Darxaqiqat, Markaziy Osiyo uygʻonish davri IX-XV asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish, davlat rahbari va xizmatchilarining faoliyat darajalari tasniflari, ijtimoiy masʼuliyati mezonlarining nazariy jihatlari haqidagi gʻoyalar Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk, Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqalar ijodida keng tahlil qilingan.

Xususan, Abu Nasr al-Forobiy (870-950) ning “Fozil odamlar shahri”, “Davlat saodatga erishuv yoʻllari haqida risola” asarlarida sharqona siyosiy-huquqiy va ijtimoiy fikr tarixida ijtimoiy tizim, siyosat, davlat va xukumat haqidagi qarashlar nazariy asoslangan. Forobiy “Fozil odamlar shahri” risolasida  shunday yozadi:” Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi, u bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlishi uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi, Shuning uchun insonlar koʻpaydilar va yerning  aholi yashaydigan qismiga oʻrnashadilar, natijada insonlar jamoasi vujudga keldi”. Forobiy “Baxt –saodatga ergashuv yoʻllari haqida risola” asarida “Davlatning vazifasi insonlarni baxi –saodatga olib borishdir, bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi” – deb taʼkidlagan.

Allomaning fikricha, adolatli jamiyat qurish uchun uni mudofaa qilish va oqilona boshqarish usulini bilish, odamlarga yovuzlikdan saqlanish ezgulikka intilish yoʻllarini koʻrsatish lozim. U davlat rahbarining boshqaruv mahorati umumiy baxtga erishish yoʻlidir deb hisoblaydi.  Davlatni har tomonlama yetuk kishi, yetuk xislatlarga ega boʻlgan, xalq tomonidan saylangan kishilar boshqarishi lozimligini aytadi. Davlatni yetuk kishilar boshqarsagina “fozil jamiyat”, “fozil shahar”, fozil  mamlakat qaror topadi.

Bunday davlatda odamlar chin maʼnoda ozod va erkin boʻladilar. Davlatni (jamoani) boshqaruvchi kishi yoki kishilar guruhidan oʻzlarida olti xil hislatga ega boʻlishi zarur bular:

1. Adolatli boʻlishi;

2. Dono boʻlishi;

3. Qonunlarga qatʼtiy rioya qilish;

4. Yangi qonunlar yarata olish;

5. Kelajakni oldindan koʻra bilish;

6.   Boshqalarga gʻamhoʻr va mehribon boʻlish kerak.

Umuman olganda, Forobiyning fozil jamoa, fozil davlat, fozil rahbar   haqidagi taʼlimoti uning komil inson haqidagi qarashlari bilan uzviy bogʻlanib ketadi. Mutafakkirning qarashicha, adolatli davlatda komil inson xislatlari kamol topadi.

Markaziy Osiyo ilk uygʻonish davrining qomusiy olimlaridan biri Abu Rayxon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973 -1048) dir. U ilm- fanning barcha sohalarida samarali ijod etib, 162 ta kitob va risolalar yozgan deb taxmin qilinadi. Shulardan 28 tasi bizgacha yetib kelgan. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Xindiston” asarlarida adolatli jamiyat va uning amal kilishi asoslarini shakllantirish haqidagi gʻoyalarni ilgari surgan. Uning fikricha, jamiyatning paydo bulishiga odamlarning oʻzaro hamkorligi, birga yashashga ehtiyoji va intilishlari sabab boʻladi. Adolatli jamiyatni qurish axloqiy qadriyatlarga tayanishi va rivojlantirilishi lozim. Davlat rahbarining asosiy vazifasi aholining turli qatlamlari, kuchlilar va kuchsizlar oʻrtasidagi siyosiy va huquqiy adolat mezonlarini oʻrnatishdadir. Bunga uning fikricha ideal ijtimoiy tuzilmani qurish orqali erishiladi.

Abu Ali ibn Sino (980-1037) fikricha ijtimoiy munosabatlar odamlar oʻrtasidagi tafovut va tengliksizlik natijasidir. Xususan, Ibn Sino “iqtisodiy va ijtimoiy hamda shaxsiy xususiyatlarga koʻra tengliksizlik - inson ijtimoiy faolligi sababi hisoblanadi” deb taʼkidlaydi. Ideal davlat qurish esa jamiyat aholisining maʼnaviy- axloqiy ravnaqi bilan bogʻliq. Uning fikricha, maʼnaviy axloqiy qadriyatlarning yuksak qadrlanishi nafaqat har tomonlama farovonlikni, balki jamiyatda adolat va barqarorlikni ham taʼminlaydi.

Adolatli davlat boshqaruvi, uning mukammal nazariy asoslarini yaratish borasida ulkan ilmiy meros qoldirgan oʻrta asrlar mutafakkiri, davlat arbobi Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asari muhim manba hisoblanadi. U amaldorlarni axloqiy fazilatlariga qarab tanlash, adolat va insofni oyoq osti qiladigan kishilarni davlat ishlariga aralashtirmaslikni, davlatni boshqarishda kengash bilan olib borish, faoliyatlarni muntazam nazorat qilish, itoat, ijro va sifatlari toʻgʻrisidagi qarashlari bilan ahamiyatlidir. Ayniksa, Nizomulmulkning“Koʻpchilik boʻlib qabul qilingan tadbir eng savobli boʻladi va shunday yoʻl tutish kerak”  degan fikrlari ajdodlarimizning davlat qurilishining adolatli tartibotlariga katta eʼtibor berganligidan dalolatdir.

Ijtimoiy-siyosiy tafakkur rivoji va huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining asosiy sharti - qonun ustuvorligi tamoyilini amaliyotda qoʻllash tajribasini Sharqning buyuk davlat arbobi va sarkardasi Amir Temur (1336-1405) boy ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy merosi asosida koʻrish mumkin.Uning tuzuklarida davlat tizimi, uni idora qilish uslublari va vositalari, undagi turli lavozim-vazifalar darajasi, tabaqalarning toifalanishi, harbiy qoʻshinlarning tashkil etilishi, jang olib borish mahoratlari, adolatli soliq turlarining joriy etilishi, mamlakatni obodonlashtirish tadbirlari milliy davlatchilikning yuksak madaniy va huquqiy darajada shakllantirishga erishganligidan dalolat beradi. “Har mamlakatning yaxshi kishilariga men yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, buzuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatiimdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga oʻzlariga loyiq ishlar topshirdim hamda haddlaridan oshishlariga yoʻl qoʻymadim. Ulugʻlarini va sharaf - eʼtiborli kishilarni hurmatlab, martabalarini oshirdim. Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yoʻlini toʻsdim».1

Komil insonlar jamiyati hakidagi gʻoyalar Alisher Navoiy (1441-1501) siyosiy va adabiy faoliyati asosi boʻlib xizmat qildi. A.Navoiy ideal ijtimoiy-iqtisodiy tuzum hakidagi qarashlarini oʻzining “Saddi Iskandariy” (1485), “Mahbub- ul-qulub” (1500), “Paygʻambarlar va podsholar tarixi” (1488) va b. asarlarida yoritgan. Ijtimoiy-iqtisodiy tuzum muammolarini faqat adolatli hukmdor boshqarayotgan va qonun ustuvor boʻlgan mamalkatda amalga oshishi mumkin. Shunday qilib, A.Navoiy uchun adolat va qonun ijtimoiy taraqqiyotning asosi hisoblanadi. Uning konsepiyasida hukumdor shaxs alohida ahamiyat kasb etadi. Fazilatli va ideal shaxs hakida mulohza yuritar ekan Navoiy oʻziga xos insonparvar nazariyani yaratadi. Oʻz nazariyasida mutafakkir, bir tomondan hukumdor va bogʻbonni, boshqa tomondan davlat va bogʻni solishtiradi. Unga koʻra, agar bogʻbon aqlli va mehnatsevar boʻlsa, uning bogʻi gullab-yashnaydi. Xuddi shunday agar mamlakatning aqlli, dono, adolatli, xalqi uchun qaygʻuradigan va uni sevadigan hukumdori boʻlsa, u rivojlnib farovonlashadi.

Yuqorida aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, XVIII asr oʻrtalariga kelib fuqarolik jamiyati - davlat anʼanaviy paradigmasi (davlatning manfaatidan kelib chiqqan xolda biror bir muddatga moʻljallangan, qonun darajasiga koʻtarilmagan xarakat uchun qoʻllanma) qayta koʻrib chiqila boshlandi. Bu jarayon XVIII - XIX asrlarga kelib toʻxtadi, bu davrga kelib yangi tizim oʻzining - xususiy mulk, erkin bozor iqtisodiyoti, parlamentar demokratiya va huquqiy davlat, ijtimoiy va siyosiy sohalar oʻrtasidagi boʻlinish.

Fuqarolik jamiyati demokratik normalari va qadriyatlari -

Fuqarolik jamiyati demokratik normalari va qadriyatlari - zamonaviy ijtimoiy-falsafiy tafakkurda ham taxil qilingan. Zamonaviyroq koʻrinishda demokratiya gʻoyalari Turkistonda maʼrifatparvar jadidlar faoliyatida kuzatiladi. Yevropada boʻlgani kabi Turkistonda ham oʻrta asrlar feodal munosabatlari, dogma va anʼanalarga qarshi boʻlgan maʼrifatparvar gʻoyaviy oqim sifatida xarakterlanadi. U progressiv kuchlarning mamlakatni feodal turgʻunlik davridan olib chiqishga xarakat qilgan va kurashganlarini aks ettiradi. Jadidlar taʼlim tizimini isloh etishni talab qilib, dunyoviy fanlar faolroq oʻqitiladigan yangi usuldagi maktablarni ochgan, ularda aniq, tabiiy-ilmiy, iqtisodiy fanlar oʻqitilgan.

Zamonaviy tadqiqotchilar taʼkidlashicha, demokratik qayta qurish gʻoyalari va fuqarolik jamiyati shakllanishi yosh xivaliklar va yosh buxoroliklar uyushmalari dasturlarida oʻz aksini topgan. Ular jadidlar liberal xarakati sifatida nafaqat ijtimoiy munosabatlarni isloh qilishda, balki 1920-yilda Xiva va Buxoroda xalq namoyishlarida ishtirok etganlar. Turkiston avtonomiyasi uchun kurashgan jadidlar, mustaqillik uchun xarakatga munosib xissasini qoʻshgan.

Yurtimizda ijtimoiy-falsafiy fikr, xususan jadidlar qiyofasida, fuqarolik jamiyati gʻoyalari maʼrifat qadriyatining shakllanishiga qaratilgan edi. M.Bexbudiy, A.Avloniy, A.Fitrat oʻz davridan ilgarilab oʻtib, fukarolik jamiyati faqat mustaqil mamlakat doirasida amalga oshishi, haqidagi xulosasini aytadilar. Bundan tashkari, ular, anʼana va urf-odatlar demokratlashuvga toʻsiq boʻlmasligini, aksincha, mavjud anʼanalar doirasida amalga oshirilgan modernizatsiya, fuqarolik jamiyatining shakllanishi va barqaror taraqqiyotining muhim omili ekanligini asoslaydi.

Shuni taʼkidlash lozgʻimki, “jamiyat” va “fuqarolik jamiyati” tushunchalari sinonimlar emas. Umuman olganda jamiyat – bu kishilarning butun umumiyligi, ularning organik birligi va yaxlitligi. Jamiyat birlashishga moyil boʻlgan birliklar, yaʼni guruhlar, sinflar, qatlamlardan iborat. Davlat jamiyatining eng muhim tarkibiy elementidir. U jamiyatda asosan siyosiy funksiyalarni bajaradi. 

Fuqarolik jamiyati  haqiqiy fuqarolardan, yaʼni uzviy bogʻliqlikda boʻlgan hamda ahloqiy madaniyatga tayanadigan huquqiy va siyosiy madaniyatga ega odamlardan  iborat jamiyatdir. 


Gʻarb namunasidagi fuqarolik jamiyatining strukturasi quyidagilardan iborat:

-jamiyatning asosiy birligi - siyosiy qaramlikdan xoli boʻlgan, oʻz huquqlaridan foydalanishga qobil boʻlgan shaxs;

-turli tuman manfaatlarni ifodalash va amalga oshirish zaruriyati asosida shakllanadigan jamoat tashkilotlari va xarakatlar;

-nodavlat ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar va institutlar (xususiy mulk, mehnat, tadbirkorlik va xokazo);

-davlatdan mustaqil boʻlgan ishlab chiqaruvchilar (xususiy firmalar va boshkalar);

-jamoat birlashmalari va tashkilotlari;

-saylovchilar uyushmalari, turli klublar va toʻgaraklar;

-munitsipal, yaʼni oʻzini oʻzi boshqarish organlari;

-taʼlim va tarbiyaning nodavlat soxasi;

-nodavlat ommaviy axborot vositalari;

-siyosiy partiyalar, konun chikaruvchi va vakillik organlari atrofidagi davlat bilan fuqarolik jamiyatini (bogʻlovchi boʻgʻin» sifatidagi) turli lobbi tashkilotlari;

-tadbirkorlar, fermerlar tashkilotlari, kasaba, isteʼmolchilar uyushmalari, ilmiy va madaniy tashkilotlar, sport jamiyatlari va boshqalar.

-oila;

-diniy tashkilotlar va boshklar.

Shuningdek, qator tadqiqotchilar fuqarolik jamiyatini rivojlanishini quyidagi isbot talab qilmaydigan jihatlarini ajratib koʻrsatdi:

- fuqarolik jamiyati davlatgacha yoki davlatdan tashqarida mavjud boʻlmaydi; ayni davlat, qaysiki fuqarolik jamiyati uning chegarasi ichida mavjud boʻladigan davlat fuqarolarning farovonligi va ularning alohida maqsadlariga (agar bu maqsadlar qonunga xilof boʻlmasa) mansub jihatlarni himoya qiladi;

- fuqarolik jamiyati davlatdan fuqarolarning hayotini, sogʻligʻini, havfsizligini va boshqa ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishni talab qilishga xaqlidir;

- bir tomondan moddiy moʻl-koʻlchidikda yashayotgan, ikkinchi tomondan muxtojlikda turmush kechirayotgan oʻrtasidagi ziddiyatlarni yumshatuvchi ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish majburiyati davlat zimmasiga yuklanadi;

- davlat oʻzining tashqi siyosati va mudofaa qudrati bilan fuqarolik jamiyatini yashashini taʼmindaydi.

Fuqarolik jamiyati oʻz ichiga qator ostki tizimlarni oladi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va maʼnaviy. Bu ostki tizimlarning funksiyalaridan kelib chiqib ularning har biri doirasida alohida-alohida ravishda shakllanadigan fuqarolik jamiyatining uyushmalarini strukturalash mumkin.

Shuningdek, jamiyatshunos olimlar fuqarolik jamiyatining uchta asosiy sohalardagi strukturalarini bir-biridan ajratib, ularni quyidgaicha ifodalaydi: iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy.

Iqtisodiy sohada fukarolik jamiyatining strukturasi quyidagilardir: xususiy mulkchilikka asoslangan koʻp ukladli bozor iqtisodiyoti, mulkchilikning turli shakllari va ularning huquqiy tengligi, jamoaviy xoʻjaliklar, kooperativlar, xususiy korxonalar va aksionerlik jamiyatlari (sanoat, savdo, moliyaviy soxalarda); tarmoklar buyicha birlashmalar va uyushmalar (tadbirkorlar, fermerlar, sanoatchilar, banklar, neftchilar kabilar birlashmalari). Bu korxona va tashkilotlar fukarolarning uz tashabbuslari bilan tuziladi. Ular bilan bir katorda davlatning unitar korxonalari ham faoliyat yuritishi mumkin. Raqobatchilik aloqalari va manfaatlarni intergatsiya qilish masalalari erkin bozor iqtisodiyoti qonunlari bilan xal etiladi.

Fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-siyosiy sohasi oʻz ichiga quyidagilarni oladi: fuqarolar ijtimoiy-siyosiy faolligining turli shakllari (majlislar, namoyishlar va boshk.); ijtimoiy, siyosiy tashkilotlar va xarakatlar (kasaba uyushmalari, kam taʼminlangan qatlamlarlarga yordam uyushtirish jamiyati, nogironlar jamiyati,  siyosiy partiyalar va boshk.); oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat ommaviy axborot vositalari. Ularning anʼanaviy strukturaviy unsurlari: oila, sotsial guruxlar va birliklar. Bu moxada ijtimoiy fikrni shakllantirish va ifodalash, umum kabul kilingan meʼyorlar va kadriyatlarni joriy etish, sotsial ixtiloflarni kelishtirish, sotsial birliklarni uzini uzi tashkillashtirishni ragbatlantirish, fukarolar hamkorligi asosida o‘zaro yordamlar uyushtirish.

Fuqarolik jamiyatining maʼnaviy sohasi bevosita odamlarning maʼnaviy- axloqiy jihatlardan rivojlanishi, ularning ilmiy va badiiy ijodiyoti, madaniy rivojlanishi bilan boglikdir. Bu soxadagi fuqarolik jamiyatining unsuri - bu soʻz va vijdon erkinligidir. Ularni amalga oshirish alohida olingan shaxslarning oʻz eʼtiqodlarini himoya qilish, oʻz fikrini oshkora ayta olish, oʻz shaxsiy gʻoya va konsepsiyalarini rivojlantirish imkoniyatlariga ega boʻlish, ijodiy tashabbuskorlik va oʻzini oʻzi rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishni ifodalaydi. Bu soha uz ichiga mustakil faoliyat yuritadigan ijodiy, ilmiy, madaniy, maʼnaviy, maʼrifiy va boshqa uyushmalar, birlashmalar va tashkilotlarni oladi (masalan, yozuvchilar, rassomlar, kompozitorlar, uyushmalari, ilmiy hamjamiyatlar, madaniy va maʼrifiy tashkilotlar, diniy maskanlar va boshqalar.

Oʻzbekiston Respublikasi kuchli demokratik, huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlidan bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Fuqarolik jamiyati demokratik islohotlarning muhim tarkibiy qismi boʻlib, davlatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi. 

Qisqa davr ichida ijroiya, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatlari bir –biridan ajratildi. Konstitutsiyaning 58- moddasiga asosan davlat organlari va mansabdor shaxslarning  jamoat birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shuningdek, jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligiga” eʼtirof etildi.

Oliy Majlis koʻppartiyaviylikka asoslangan saylovlar asosida shakllandi. Xalqning oʻz-oʻzini boshqarish huquqlari yuzasidan bir necha qonunlar qabul qilindi. Boshqaruvda davlatning oʻrni kamayib, jamoat birlashmalarining ishtiroki kuchayib bormoqda. 

Fuqarolik jamiyati tushunchasi asosida inson erkinligi, uning barcha koʻrinish va munosabatlarda namoyon boʻlishi gʻoyasi yotadi. Xususan, u iqtisodiy sohada - xususiy mulkka ega boʻlish, siyosiy sohada, siyosiy hayotda ishtirok eta olish, huquqiy sohada - teng huquqlilik, ijtimoiy sohada- uyushmalarga birlashishi, diniy sohada – vijdon erkinligi, madaniy sohada – madaniy xilma-hillik, millatlararo va irqlararo munosabatlarda – millatlar, irqlarning tengligi va tolerant munosabatta boʻlishi, kommunikatsiya sohasida – axborotlarni erkin ayirboshlash va soʻz erkinligi, mafkuraviy sohada – gʻoyaviy xilma-hillik, plyuralizm, migratsiya sohasida – inson, yashash joyini erkin tanlash, ruhiy sohada – inson hurfikrligi va fikrlarning teng huquqli raqobati asosida rivojlanishi asosida amalga oshadi, deb eʼtirof etiladi. Voqelikda bu sohalarning barchasida ideal holatga erishish imkoniyati chegaralanmagan. Lekin tarixiy tajriba ushbu ideal maqsadga amaliyotda muayyan darajada yaqinlashish mumkinligini koʻrsatdi.


Mavzu yuzasidan savollar

1.Fuqarolik jamiyati haqidagi gʻoyalar evolyutsiyasi

2.Fuqarolik jamiyati gʻoyasining ijtimoiy  tuzilmasini yoritib bering

3. Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy sohadagi tuzilmasi qanday?

4.Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllanishi


Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

1.Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –T.:Oʻzbekiston, 2019y.

2. I.A.Karimov Oʻzbekiston –bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻli.-T.:Oʻzbekiston,1998-y.

3.Mirziyoyev Sh.M. Vatanimiz taqdiri va kelajagi yoʻlida yanada hamjihat boʻlib, qatʼiy harakat qilaylik. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2017-yil 16-iyun.

4.Mirziyoyev Sh.M. Jismoniy va maʼnaviy yetuk yoshlar- ezgu maqsadlarimizga  yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2017-yil 1-iyul.

5.Qirgʻizboyev M. Fuqarolik jamiyati: genezisi, shakllanishi va rivojlanishi. –T.: Oʻzbekiston,2010-y.

6. Shodmonov A. Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi.-T.: Oʻzbekiston, 2011-y.