3 –Mavzu: Fuqarolik jamiyati qurilishi va mustahkamlanishida beshta ustuvor yoʻnalish
Reja:
1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish
2. Hozirgi sharoitda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish
3. Xarakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish masalalari
4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish mexanizmini shakllantirish
5. Havfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish
Tayanch soʻzlar: Davlat, jamiyat, koʻppartiyaviylik, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati, xarakatlar strategiyasi, iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligi, sud-huquq tizimi, kuchli ijtimoiy himoya, adolat, jamoatchilik nazorati, havfsizlik, millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik, diniy bagʻrikenglik.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz dahilsizligi taʼminlandi., jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan besh yil muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoyishi qabul qilindi. Shunga muvofiq ravishda 2017–2021-yillarda mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yillarga berilgan nomlar:
2017-yilda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”
2018-yilda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab -quvvatlash yili”
2019-yilda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”.
2020-yilda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”
2021-yil “Yoshlarni qoʻllab–quvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish uchun izchil ravishda yillarga berilgan nomlardan kelib chiqib 5 ta davlat dasturi qabul qilingan. Ularni amalga oshirishga 114 trln. soʻm va qariyib 31 mlrd.AQSH dollari yoʻnaltirilganligi, Oʻzbekistonni rivojlantirish uchun jami 118 ta fundamental gʻoya ilgari surilgani hamda oʻtgan davrda Harakatlar strategiyasini roʻyobga chiqarish uchun 311 ta qonun 2000 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qarorlari, 3000 dan ziyod Hukumat qarorlari qabul qilinganligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz.
“Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” deb nomlangan birinchi yoʻnalishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimi isloh qilinib, ularning faoliyatida samaradorlikni oshirish, davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, davlat organlarida sohaga oid boʻlmagan vazifalarni qisqartirish, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng tatbiq qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Inson manfaatlarini taʼminlash, odamlar bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish va hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Mazkur tuzilmalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi, shuningdek, joylardagi muammolarni chuqur tahlil etish mexanizmi va davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish, ularning faoliyatini baholash mezoniga aylandi. 2017–2021-yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 mln. 780 mingdan ziyod murojaatlar koʻrib chiqildi, shundan 3 mln. 288 mingdan ortigʻi qanoatlantirildi.
Bugun, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tadbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yoʻnalishidagi tub oʻzgarishlar xalqimiz hayotida oʻz aksini topmoqda. Oʻzbekistonda demokratik davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan yuksak gʻoyaga asoslangan holda amalga oshirilmoqda
Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda sudlarni chinakam “adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirish, jumladan Oliy sud faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib, Oliy sud faoliyati takomillashtirildi, sudya lavozimida boʻlishning ilk marotaba besh yillik, keyin oʻn yillik muddati va muddatsiz davri belgilandi.
Sudyalikka hayot tajribasiga ega shaxslarni tayinlash maqsadida ilk marotaba tavsiya etiladigan nomzodlar uchun sudyalikka nomzodning yoshi kamida 35 yosh etib belgilandi. Sudyalikka nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish mexanizmi joriy etildi. Oʻtgan davr mobaynida sudyalarning umumiy soni qariyb 30 foizga oshdi, natijada sudyalar korpusi kuchaytirildi.
2017–2021-yillarda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha muhim qadamlar tashlandi. Jumladan mamlakat aholisi uchun uzoq yillardan buyon ogʻriqli masala boʻlib kelgan “propiska” tizimi tubdan isloh qilindi. Fuqarolik berish tartibining soddalashtirilishi natijasida 2018–2021-yillarda 70 mingdan ortiq shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Uzoq yillar davomida mamlakat uchun tamgʻa boʻlib kelgan Jasliq jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. Qiynoqlarning oldini olish masalasiga davlat rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, bu borada 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni va 6 ta qarori qabul qilindi.
2017–2021-yillarda jazo muddatini oʻtayotgan 6 mingga yaqin mahkumga nisbatan afv etish aktlari qoʻllanildi. Oʻtgan 5 yilda 3 513 nafar, faqat 2021-yilning oʻzida 743 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Unda korrupsiyaga qarshi kurash institutsional va tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tashkil etildi.
2018–2021-yillarda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish bilan bogʻliq 2 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta farmon va qarori, Hukumatning 16 ta qarori qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashkil qilindi. Ayol senatorlarning soni qariyb 30 foizga, deputat ayollar soni esa 50 foizga oʻsdi.
Harakatlar strategiyasining iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yoʻnalishida oʻtgan 5 yil davomida asosiy iqtisodiy islohotlar makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiya darajasi, soliq yukini kamaytirish va soddalashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, biznesga qulay muhit yaratish, infratuzilmani takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi, iqtisodiy integratsiya, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi islohotlar jadal surʼatlarda olib borildi. Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar natijasida barchaga teng va erkin raqobat sharoiti yaratildi. Ortiqcha yigʻimlarni bekor qilish va soliq stavkalarining normallashtirilishi tufayli tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yuki kamaytirildi. Bunda, mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliq stavkalari 2 barobar pasaytirildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi.
Soʻnggi yillarda tadbirkorlikka keng yoʻl ochildi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish bekor qilindi, tadbirkorlikni roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibotlari soni, roʻyxatdan oʻtish uchun ketadigan vaqt qisqartirildi. Yana bir muhim jihat – rejali tekshiruvlar, shuningdek 42 turdagi faoliyatga litsenziyalar va ruxsatnomalar berish bekor qilindi.
Oʻz navbatida, 2017–2021-yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida sanoatning yetakchi tarmoqlari (toʻqimachilik, elektrotexnika, avtomobil sanoati, qurilish materiallari sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, energetika kabi tarmoqlar)ni rivojlantirish strategiyalari qabul qilindi.
Taʼkidlash joizki, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishning zamonaviy, qulay va samarali usuliga aylanib bormoqda. Soʻnggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida faol tashkil etilayotgan bunday iqtisodiy maydonlar import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish, joylarda eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi bandligini taʼminlash imkonini berdi.
2017-yilda boshlangan iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlarining rolini oshirishga qaratilgan eng muhim iqtisodiy islohotlardan biri, bu milliy valyuta almashuv kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish orqali ichki valyuta bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan bogʻliq amaliy qadamlar boʻldi. Shu bilan birga, pul-kredit (monetar) siyosati sohasida koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan toʻlov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirda mamlakat boʻyicha bankomatlar va axborot kiosklarining umumiy soni 11 572 tani tashkil qilmoqda. Shuningdek, 2019–2021-yillarda aholiga xizmat qiladigan valyuta ayirboshlash shoxobchalarining umumiy soni 1 724 tadan 2 664 taga, shu jumladan, “24/7” rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni 722 tadan 1 306 tagacha yetkazildi hamda milliy valyutani chet el valyutasiga qulay ayirboshlash imkoniyati yaratildi.
Oʻzbekistonning moliyaviy sohadagi siyosati tubdan oʻzgardi, xususan byudjetning shaffofligi va ochiqligi taʼminlandi, soliqqa tortishni soddalashtirish va takomillashtirish boʻyicha soliq islohotlari amalga oshirildi, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildiva bu hozirda ham davom etmoqda.
Oʻzbekistonning tashqi savdo faoliyatida 2017–2021-yillarda tashqi savdoni liberallashtirish va respublika eksport salohiyatidan samarali foydalanish natijasida ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Xususan, eksport qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlar uchun bojxona toʻlovlari bekor qilindi, litsenziyalash va eksport tizimi soddalashtirildi.
Oʻzbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish orqali sayyohlik infratuzilmasi rivojlantirildi. Xalqaro sayyohlar soni 2016-yildagi 2 mln.dan 2019-yilda 6,7 mln.gacha koʻpaydi. BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2019-yilda eng yaxshi rivojlanayotgan sayyohlik yoʻnalishiga ega mamlakatlar beshligiga kirdi.
Oʻtgan 5 yil ichida mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari borasidagi siyosati tubdan oʻzgardi. Xususan, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1 373 ta qishloq vrachlik punkti qisqartirilib, oʻrniga 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchalari hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. 306 ta shahar va tuman kasalxonalarida esa yangi ixtisoslashtirilgan poliklinikalar hamda 1 200 ta tez yordam shoxobchasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Viloyatlardagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari 14 ta statsionar va mobil raqamli rentgen, 8 ta MRT (1,5 tesla) bilan jihozlangan boʻlsa, respublika hamda 6 ta hududiy onkologiya muassasasi 6,5 mln. AQSH dollariga teng 2 turdagi 15 ta gamma terapiya uskunalari bilan taʼminlandi.
Maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangi bogʻchalarni qurish uchun 2017–2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish Dasturi hamda 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 80,8 foizga yetkazish maqsad qilingan maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mamlakatda Prezident maktablari, maxsus iqtidorli bolalar maktablari, ijod maktablari va “Temurbeklar maktabi” tashkil etildi. Keng jamoatchilik va ota-onalarning fikr-mulohazalari asosida yurtimizda 11 yillik majburiy maktab taʼlimi qayta tiklandi.
Mamlakatda oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalari asosida ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
2017–2021-yillarda oliy taʼlim muassasalari soni ikki barobar oshirilib, 2016-yildagi 77 tadan 141 taga yetdi, oliy taʼlimga qabul kvotasi ham 3 barobar oshirilib, 28 foizga yetkazildi. 2022-yilda ushbu koʻrsatkichni 38 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yosh ayol-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratilib, 3 ming nafardan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilgani ham taʼkidlab oʻtish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi muammolarga yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida 2020-yilda davlat organi – Yoshlar ishlari agentligiga asos solindi. Yoshlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish maqsadida, Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashkil etildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan yangi tizim – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” joriy etildi. Tizimni raqamlashtirish, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar shaffofligini taʼminlash, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni uch bosqichda monitoring qilib borish imkonini beruvchi “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Taʼkidlash joizki, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida, band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Monomarkaz” MCHJ tashkil etildi. Bugungi kunda hududlarda 14 ta «Ishga marhamat» monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari, 11 ta qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari, 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarining faoliyat yuritayotganligi sohadagi islohotlar samarasidir.
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar borasida ham eʼtirofga loyiq islohotlar roʻy bermoqda.
Xususan, mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida sohaning normativ huquqiy asoslari takomillashtirildi, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Qurolliy Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi, jangovar tarkibi va shayligi kuchaytirildi. Yurtimizning mudofaa salohiyati mustahkamlandi, bunda kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi 2016-yildagi 37 foizdan, 2021-yilga kelib 68 foizgacha oʻsdi, qoʻshinlarning zamonaviy qurol-yarogʻ bilan jihozlanishi darajasi esa oʻtgan davr mobaynida 5 barobarga oshdi.
Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarida yangicha yondashuv natijasida nafaqat milliy siyosat, balki mazkur sohada xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Jumladan, 2018-yilda Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha hisobotdagi “alohida xavotir uygʻotuvchi” davlatlar roʻyxatidan chiqarilgan boʻlsa, muntazam olib borilgan ijobiy oʻzgarishlar natijasida Oʻzbekistonning 2021-yildan diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan ham chiqarilgani demokratik islohotlarning eʼtirofi boʻldi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, Oʻzbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat koʻrsatmoqda.
Shuningdek, soʻnggi yillarda mamlakatda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqildi. Asosiy eʼtibor aholi oʻrtasida profilaktika va tushuntirish ishlarini faol olib borishga qaratilib, saʼy-harakatlar “jaholatga qarshi maʼrifat” degan gʻoyaga asoslanmoqda.
Mamlakatda millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida chuqur oʻylangan siyosat natijasida fuqarolar orasida oʻzaro hamjihatlik yanada mustahkamlanib, millatlararo va konfessiyalararo muloqotning mexanizmlari takomillashtirildi hamda fuqarolar erkinliklarini kengaytirishning huquqiy va tashkiliy asoslari mustahkamlanmoqda. Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va hamjihatlik sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi modeli yaratilib, 2021-yil yakuniga kelib, doʻstlik jamiyatlari soni 38 ta, milliy madaniy markazlar soni esa 150 taga yetdi.
Kuni kecha esa Harakatlar strategiyasining uzviy davomi oʻlaroq, Oʻzbekistonning kelajagi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan eng muhim hujjat – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini imzoladi.
Davlat rahbari taʼkidlaganidek, «bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga oʻyildi».
Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yoʻnalish va 100 ta maqsaddan iborat Bular:
1. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 41 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- xalq bilan muloqotning mexanizmlari va taʼsirchan jamoatchilik nazoratining asoslarini takomillashtirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa hududiy dasturlar ochiq eʼlon qilinib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqiladigan tizimni yaratish;
- mahallaning “faol modeli”ni joriy etish, uni aholining muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan taʼminlash;
- “Elektron parlament” doirasida deputatlarni oʻz saylovchilari bilan, senatorlarni hududlardagi fuqarolar bilan bogʻlash, ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish;
- xalq deputatlari Kengashlarini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilishdagi asosiy boʻgʻinga aylantirish hamda mahalliy davlat hokimiyati faoliyatining asoslarini yangilash;
- davlat organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yoʻnaltirish” gʻoyasi asosida transformatsiya qilish, ular tomonidan markaziy tuzilma va hududlar kesimida “mahallabay” ishlashga qaratilgan yillik dasturlarni eʼlon qilish va muhokama qilish tartibini joriy etish;
- ixcham, professional, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy etish, davlat xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil qilish va byurokratiyani bartaraf etish;
- “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 100 foizga yetkazish, davlat xizmatlari qamrovini oshirish.
2. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 28 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilishni taʼminlash va qaror (harakat) noqonuniy emasligini sudda isbotlash majburiyatini mansabdor shaxsning oʻziga yuklash (“aybdorlik prezumpsiyasi”);
- fuqarolarni yashash joyi boʻyicha hisobga olish (“propiska”) tizimini yanada soddalashtirish va aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar boʻlimiga olib borish oʻrniga barcha maʼlumotlarni joyida tekshirish tartibini joriy etish;
- jinoyat qonunchiligini liberallashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jazoni oʻtab boʻlganlarni jamiyatga reintegratsiya qilish va ularga tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini joriy etish;
- yoʻl infaratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali, yoʻllarda oʻlim holatlarini keskin qisqartirish boʻyicha dastur qabul qilish;
- huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish, ularning faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qilish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga yoʻnaltirish;
3. Iqtisodiyotni rivojlantirish, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida taʼminlash yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 133 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar hamda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravar koʻpaytirish;
- bank tizimida xususiy sektor ulushini amaldagi 18 foizdan 60 foizgacha oshirish hamda fond bozori hajmini 7 mlrd dollarga yetkazish;
- qoʻshilgan qiymat soligʻini amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha, telekommunikatsiya, bank va moliya kabi sohalarda foyda soligʻini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish;
- iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish;
- raqamli iqtisodiyot hajmini 2,5 baravar koʻpaytirib, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 500 mln. dollarga yetkazish;
- iqtisodiyotga 120 mlrd, shu jumladan 70 mlrd dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini 30 mlrd dollarga yetkazish;
- dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish;
- suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni tejash boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish, har yili kamida 7 mlrd m3 suvni tejash;
- chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2 baravar koʻpaytirish;
- meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bogʻlar maydonini 3 baravar va issiqxonalarni 2 baravar koʻpaytirib, eksport salohiyatini 1 mlrd dollarga oshirish;
- sharoiti “ogʻir” boʻlgan 14 ta tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun pasaytirilgan soliq stavkalarini oʻrnatish;
- “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 mln nafardan oshirish hamda xorijiy turistlar sonini 9 mln nafarga yetkazish.
4. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 55 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- maktabgacha taʼlimning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish, nodavlat bogʻchalarga va maktablarga farzandini yuborayotgan ota-onalarning 3 mln soʻmgacha toʻlovlarini daromad soligʻidan ozod etish;
- maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish hamda darsliklarni yangilash uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd soʻm ajratish;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini joriy etish;
- oliy taʼlimga qamrov darajasini amaldagi 28 foizdan 50 foizga yetkazish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish;
- maktab oʻquvchilarining kamida bir kasbni egallashiga koʻmaklashish tizimini joriy etish;
- byudjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratilgan mablagʻlarni 3 baravar oshirish, mamlakatda ishlab chiqariladigan dori vositalari miqdorini 80 foizga yetkazish;
- tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish, “oilaviy shifokor” yoʻnalishi boʻyicha mustaqil faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berish;
- hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatining faoliyati “bir qadam” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etish;
- jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholini 33 foizga chiqarish, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish.
5. Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, ushbu sohani tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 33 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” gʻoyasi asosida sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
- kitobxonlikni keng ommalashtirish va “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish;
- jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash; Oʻzbekiston tarixini oʻrganish va targʻib qilishni rivojlantirish;
- “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, 183 ta tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish va foydalanishga topshirish;
- madaniyat va sanʼat sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va obyektlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash.
6. Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 39 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- xalqaro maydonda atrof muhitga oid tashabbuslar, shu jumladan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqishni ilgari surish;
- Orol dengizining tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, umumiy hajmini 2,5 million gektarga yetkazish;
- ekstremizm va terrorizm, ayniqsa uning zamonaviy koʻrinishlariga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish;
- yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik va ishsizlik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish;
- kasbga oʻqitish koʻlamini 2 baravar oshirib, jami 1 million ishsiz kishini kasb-hunarlarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish;
- jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulklarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etish;
- xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi siyosatini olib borish;
- “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlar bilan doimiy va samarali aloqalar oʻrnatish.
7. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 77 ta chora-tadbir belgilanmoqda:
- fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash;
- davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
- favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan ekologik muammolarni bartaraf etish;
- Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish;
Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir koʻzda tutilgan.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz rivojining muhim fundamental asoslarini oʻzida qamrab olgan boʻlib, faoliyatimizning ustuvor vazifalarini belgilab beradi.
Mavzu yuzasidan savollar
1. Xarakatlar strategiyasi Oʻzbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida qanday ahamiyatga ega?
2. Koʻppartiyaviy tizimning afzalligi nimada?
3. Xarakatlar strategiyasining maqsadi, vazifalari va asosiy yoʻnalishlarini haqida gapirib bering.
4. Mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirildi?
5. Ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan?
6.Xarakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi boʻyicha qanday chora –tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan?
Foydalangan adabiyotlar
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.:Oʻzbekiston, 2019.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2017-yil 7-fevral.
3. Internet saytlari va materiallari