4-mavzu: Demokratik va fuqarolik jamiyati rivojida kuchli ijtimoiy himoya va adolat tamoyillari.



REJA:

1. Ijtimoiy himoya va ijtimoiy adolat tamoyillari tushunchasi va uning mazmun mohiyati. 

2. Oʻzbekistonda kuchli ijtimoiy himoya siyosati, uning bosqichlari. 

3. Ijtimoiy himoya siyosatining asosiy modellari va ularning oʻziga xos xususiyatlari. 

 4.Ijtimoiy himoya siyosatining jamiyat barqarorligini taʼminlashdagi roli.


 Tayanch tushunchalar: Ijtimoiy tabaqalar, ijtimoiy adolat, ijtimoiy himoya, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy kafolatlar, ijtimoiy himoyaning tarkibiy qismlari va yoʻnalishlari, ijtimoiy totuvlik.


Ijtimoiy himoya tushunchasi - aholining yordamga muxtoj qatlamini davlat byudjeti xisobidan maʼlum bir miqdor va muddatda  taʼminlanib turish jarayonidir.

Demokratik jamiyatning mohiyati shundaki, adolat va haqiqat gʻoyasi ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab oladi. Jamiyatda mulkiy jarayonlarning obyektiv oʻzgarishi yuz berayotgan bir paytda jamiyatning keskin tabaqalanishiga, yaʼni oshib-toshib ketgan boylaru kambagʻal- qashshoqlarga boʻlinib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu maʼnoda ijtimoiy himoya muhofazaga muhtojlarni davlat himoyasiga olishdir. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya insonning jamiyatdagi munosib oʻrnini belgilovchi va faolligining yuksalishini taʼminlovchi asosiy koʻrsatkichdan biriga aylanadi.

XXI asr boshlarida demokratik tamoyillarning ustuvor kelishi koʻzga tashlanadi. Ijtimoiy himoya tizimi ham hozirgi zamon davlatchiligining oʻziga xos demokratlashuvidagi asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilmoqda. Jamiyatning kam taʼminlangan tabaqalarini ijtimoiy himoya qilish tamoyili hozirgi zamon taraqqiyot konepsiyasida yangicha yoʻnalishdir. Maʼlumki, hatto barqaror demokratik taraqqiyotga erishgan bugungi Yevropa mamlakatlari ham oʻz vaqtida bunday amaliyotni chetlab oʻtgan edilar. Oʻzbekistonda esa ushbu tamoyilni amalga oshirish uchun hukumat dasturlari ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Bu islohotlarni yanada kengaytirish uchun zarur edi. Hozirda, aytish mumkinki, Oʻzbekiston ijtimoiy siyosatida ana shu aniq natijaga erishildi. Bu real yoʻnalishga ega boʻlgan amaliy bosqichdir. Ijtimoiy islohotlar konsepsiyasi jamiyatda barqarorlik va havfsizlik tizimining mustahkamlanishiga qaratildi. Natijada Oʻzbekiston ijtimoiy siyosatida barqaror oʻzgarishlarga erishildi. Jahon ekspertlarining xulosalariga koʻra, aynan ushbu konsepsiya Oʻzbekistonning ijtimoiy taraqqiyot bosqichiga kirishiga asos boʻldi. Xususan, yaqinda BMTning YUNISEF tashkiloti tomonidan turli davlatlarning ijtimoiy rivojlanishi boʻyicha eʼlon qilingan qiyosiy tadqiqot natijalari ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Oʻzbekistonda yuritilayotgan ijtimoiy siyosatdagi oʻzgarish jamiyat tabaqalarining manfaatlarini himoya qilishda amaliy ahamiyat kasb etishi zarur. Aynan ushbu ijtimoiy talab bajarilsagina, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning asoslaridan biri - ijtimoiy totuvlik saqlanadi.

Ijtimoiy totuvlik ustuvor boʻlgan jamiyatdagina kuchli ijtimoiy siyosat yuritish uchun imkoniyat yaratiladi. Ammo ijtimoiy totuvlik oʻz-oʻzidan kelib chiqmaydi. Zero, har qanday jamiyatda turli ijtimoiy tafovutlarning boʻlishi tabiiy holdir. Mutaxassislar fikricha, bu ijtimoiy tafovutlar quyidagi guruhlar oʻrtasida maʼlum maʼnoda ijtimoiy farqlarning mavjudligida oʻz ifodasini topadi:

- boylar va kambagʻallar orasida;

- koʻp millatli davlatlarda aholining etnik guruhlari orasida;

- aholining diniy guruhlari orasida;

- markaz va mintaqalar orasida;

- erkaklar va ayollar orasida;

- turli avlodlarga mansub odamlar orasida.

Bu tafovutlar Oʻzbekiston jamiyatida ham koʻzga tashlanadi. Shu sababli imkon qadar aytib oʻtilgan tafovutlar koʻrinishini kamaytirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilib borilishi ijtimoiy siyosatning maqsadlaridan biridir.

Hozirgi paytda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga davlat tomonidan shunchaki moddiy yordam koʻrsatishgina emas, balki jamiyat aʼzolarining aksariyat qismini ehtiyoj va manfaatlarini qondirish va ruyobga chiqarishda avvalo, ularning oʻz tashabbusi, intilishi va masʼuliyatini kuchaytirish asosidagi ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish vaqti yetdi. Aynan shu maʼnoda ijtimoiy sohada amal qilib kelayotgan ustuvor tamoyillar, xususan, qonun ustuvorligi, islohotlarni bosqichma-bosqich joriy etish, kuchli ijtimoiy siyosat kabi tamoyillar ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Har qanday demokratik jamiyat maʼlum maʼnoda ijtimoiy asoslarni birlamchi manba sifatida qabul qiladi. Ijtimoiy asoslari boʻlmagan jamiyat oʻz taraqqiyotida sobit boʻla olmaydi. Shu maʼnoda demokratik jamiyat taraqqiyoti uchun kuchli ijtimoiy himoya va adolat tamoyillari muhimdir.

Umumiy maʼnoda ijtimoiy himoya demokratik huquqiy davlat tomonidan fuqarolar, turli jamoalarning xuquqlarini taʼminlash bilan cheklanib qolmay, ulardan amalda foydalanishni kafolatlash, amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishni anglatadi. Yaʼni, insonlar davlat uchun emas, davlat xalq uchun xizmat qiladi, bu inson va uning qadr-qimmatiga hurmat deb baholanadi.

“Adolat” turlicha talqin qilinadigan, xilma – xil tarzda namoyon boʻladigan tushunchadir. Baʼzi axloqiy – huquqiy meʼyorlar ham adolat mezoni sifatida qaraladi.Bu, oʻz navbatida, adolat mezonlarining jamiyat rivojiga, insoniyat taraqqiyotiga, muayyan mamlakat qonun –qoidalariga mos yoki mos emasligi bilan belgilanadi.

Milliy mafkura umuminsoniy gʻoyalarga tayanadi, barcha taraqqiyparvar xalqlar uchun orzu boʻlgan ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdek yuksak gʻoyalarga xizmat qiladi. Aynan shunday jamiyatda adolat va haqiqat amaliy qimmat kasb etadi.

Adolat jamiyatning muayyan shaxsga munosabatida yaqqol namoyn boʻladi. Insonning jamiyatdagi oʻrni, qadr –qimmati adolat mezoni hisoblanadi. Hayotning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy sohalarda  sodir boʻladigan barcha voqea va xodisalar bu jarayonga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladi. Bu taʼsir inson erki va irodasini belgilaydi, alohida shaxs uchun maʼnaviy mezon vazifasini bajaradi. Ana shu sababdan ham mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurishga kirishildi.     

2.  Mamlakatimizning ijtimoiy himoya tizimi rivojini umumiy tarzda qarab oʻtish oʻrinlidir. Maʼlumki, 1991-yilda sobiq totalitar tuzum inqirozga uchragach, uning oʻrnida vujudga kelgan yangi mustaqil mamlakatlar demokratiyaga asoslangan jamiyat barpo etishda turli yoʻllarni tanladilar.

Birinchisi, Yevropa va Amerika davlatlari tajribasida sinab koʻrilgan “falaj qilib davolash” yoʻli edi. Koʻpgina mamlakatlar ushbu “tezkor” yoʻlni tanladi. Bu mamlakatlarda mustahkam qonunlar majmui ishlab chiqilmasdanoq, jamiyatni keskin tarzda demokratlashtirishga oʻtildi. Oqibatda bu oʻz navbatida koʻplab murakkab muammolarni keltirib chiqardi.

Ikkinchi yoʻl - jamiyatni bosqichma-bosqich isloh qilib borish yoʻli boʻlib, bunda Oʻzbekiston tashabbuskor boʻldi. Oʻzbekistonda avval qonunlar majmui yaratildi, soʻng bozor infrastrukturasi tizimini shakllantirishga eʼtibor qaratildi va iqtisodiyotni isloh qilishga kirishildi. Natijada jamiyat keskin ijtimoiy larzalarni chetlab oʻtdi. Bu birinchi navbatda ijtimoiy himoya tizimiga ham tegishli edi. 1992-yilda mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol tang holatda edi. Shunday sharoitda kam taʼminlangan fuqarolar davlat tomonidan ijtimoiy muhofaza qilinishi zarurligi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Bu siyosat davlatning islohotchilik roliga tayangan holda amalga oshirilmoqda. Shu tariqa bozor iqtisodiyotiga oʻtishda davlat nazoratining boʻlishi ijobiy natijalar berdi.

Birinchi bosqich. Narxlar islohoti va narxlarning erkinlashtirish. (1992-yil 10-yanvardan boshlab). Bu bosqichdv aholini ijtimoiy himoyalash chora – tadbirlari tizimida 3 yoʻnalish yaqqol namoyon boʻldi: 1. Narxlarning erkinlashtirilishi, pulning qadrsizlanishi darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning kam va oʻrta darajasi  muntazam oshirib borildi. 1993-yil yanvarda joriy etilgan yagona tarif jadvali katta ahamiyatga ega boʻldi.

1992 – 1994-yillarda oziq – ovqat mahsulotlari asosiy(7ta) turlari, kommunal va tarnsport xizmatlari uchun davlat dotatsiyalarining saqlanib turganligi aholiga ijtimoiy jihatdan katta yordam boʻldi.

3.Kam taʼminlarga va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga hukumat tomonidan alohida eʼtibor qaratildi.

Ikkinchi bosqich. Respublikaning ichki isteʼmol bozorini himoya qilish. (1992 - 1994-yillar).

 Kuchli ijtimoiy himoya siyosatining tarkibiy qismlari va yoʻnalishlari koʻp. Ular: ijtimoiy taʼminot, yangi ish oʻrinlari yaratish, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, madaniyat,sport va jismoniy tarbiya sohalarini qamrab oladi. Kuchli ijtimoiy himoyalash siyosati iqtisodiy islohotlarning barcha sohalarida quyidagi yoʻnalishlar: a) daromad siyosati sohasida; b)ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy kafolatlar sohasida; v) aholini ish bilan taʼminlash va mehnat bozorini shakllantirish sohasida; g) aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasida olib borilayapti.

Oʻzbekistonda ijtimoiy oʻzini-oʻzi himoyalash tizimi batamom yoʻlga tushib ketgan emas. Boqimandalik kayfiyatidan ijtimoiy himoya isteʼmolchilari ham qutulishi lozim. Fuqarolar endilikda oʻzlarini-oʻzi taʼminlash usuliga oʻtishlari kerak. Oʻzbekistonda xususiy mulkchilikning qaror topishi bu sohada qatʼiy oʻzgarishlar boʻlishiga olib kelishi zarur. Shunisi ham muhimki, ijtimoiy himoyani doimiy jarayon sifatida tushunmaslik lozim. Aks holda boqimandalik kayfiyati battar kuchayishi mumkin. Ijtimoiy himoya ayrim fuqarolar uchun imkoniyat, xolos. Har qanday sharoitda ijtimoiy yordam jamiyat aʼzolari uchun imtiyozga aylanmasligi lozim. Bu oʻrinda jamiyatning oʻzini-oʻzi ijtimoiy himoyalash tizimiga oʻta borishini taʼminlash uchun ushbu tadbirlarni amalga oshirish lozim:

- nodavlat, nohukumat tashkilotlar, jamgʻarmalar, uyushmalar va turli shakldagi mulk egasi boʻlgan tashkilotlarning moddiy ahvolini yaxshilashni qoʻllab-quvvatlash;

- barcha turdagi korxonalar, muassasalar va uyushmalarni zamon talabiga javob beradigan xodimlar va ayniqsa huquqshunos, psixolog va sotsiolog mutaxassislar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berish lozim;

- muassasalarning xorijiy turdosh muassasalar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish. Ular oʻz yoʻnalishlarida zarur tajriba orttirishlari talab etiladi;

- ijtimoiy himoya tizimida iqtisodiy muhofazalanishni asta-sekin ijtimoiy fondlar zimmasiga oʻtkaza borish zarur. Bunday holatda odamlarni ijtimoiy muhofazalashning taʼsirchan vositasi yuzaga keladi;

- ijtimoiy muhofazalashda boqimandalik, masʼuliyatsizlik, befarqlik singari illatlarga barham beruvchi taʼsirchan vosita va usullarni qidirib topish va hayotga joriy eta borish talab etiladi.

Shuni aytib oʻtish zarurki, hap qanday jamiyat ijtimoiy muhofaza tizimida oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻladi. Mustaqillikka erishilgandan soʻng oradan yigirma toʻqqiz yil oʻtdi. Oʻzbekistonda nafaqat moddiy farovonlik, jamiyatning demokratlashuvi kabi muhim jarayonlar kuchli ijtimoiy himoya tizimi mexanizmi yaratilgan taqdirdagina maʼno-mazmunga ega boʻlishi mumkin.

Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekistonda islohotlar muqarrarligining gʻoyat muhim sharti boʻlmish aholini ijtimoiy himoya qilish uzluksiz ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Bu holat oʻz navbatida quyidagi omillarni belgilab beradi:

- Kuchli ijtimoiy himoya siyosati istiqlol va taraqqiyot yoʻliga ishonchni mustahkamlaydi, bu ishonch esa aniq moddiy zamin asosida hosil boʻladi.

- Kuchli ijtimoiy himoya siyosati eng avvalo inson uchun munosib turmush va faoliyat sharoitlarini yaratadi. XXI asr boshida dunyo taraqqiyotida munosib turmush darajasi inson omilining yetuk sharti boʻlib qolayotganligi eʼtiborga olinsa, mamlakatimizda bu masalani hal etishda ijtimoiy himoyalashdan unumli foydalanish masalasi nechogʻli ahamiyatli ekani ayon boʻladi.

- Kuchli ijtimoiy himoya siyosati fuqarolarning islohotlarning izchil kechishidan manfaatdorligini oshib borishini taʼminlaydi va bu yangilanish jarayonining orqaga qaytishiga imkon bermaydigan ijtimoiy tayanch boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda aholining kam taʼminlangan tabaqalariga, bolalar, qariyalar, nogironlarni, shuningdek sogʻliqni sakdash, taʼlim, fan, madaniyat va sanʼat sohalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati oʻzining muayyan tajribalariga ega boʻldi. Maʼnaviy, tarixiy va madaniy qadriyatlar, aholining axloqiy holati, yosh avlodni tarbiyalash vazifalari dolzarb boʻlgan Oʻzbekiston uchun bu holat katta ahamiyatga ega. Bu tajriba fuqarolarning siyosiy faolligini yanada oshirish, mehnat resurslarini ijtimoiylashtirish, mintaqaviy rivojlanishni avj oldirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni barqarorlashtirish imkonini beradi.

Kuchli ijtimoiy himoyalash siyosati jamiyatda yangicha fikrlashning, asoslarini yaratishga qodirligi tufayli ham demokratik jamiyat barpo etishga koʻmaklashadi. Zero, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik yuzaga kelgach, fukarolar fikrlashga, yangi zamon tartiblarini tuzishga ishtiyoq bilan intiladilar. Chunki, fikrlovchi odam fuqarolik jamiyatiga taʼsir oʻtkazish qobiliyatini mumkin qadar koʻproq ruyobga chiqara olgan taqdirdagina, kuchli boʻla oladi.

Oʻz navbatida ijtimoiy sohaning ahvoli toʻgʻrisida umumiy jahon standartlari nimadan iborat, degan savol tugʻiladi. Mutaxassislar fikricha, bu sohada ham bir necha modellar amal qiladi. Ularni umumiy tarzda kuchli ijtimoiy himoya tizimining ayrim elementlarini oʻzida ifoda etuvchi skandinavcha model, Bismark modeli va Beverij modeli tariqasida tasniflash mumkin.


Bozor munosabatlari sharoitida ijtimoiy himoya modellari


Skandinavcha model

(Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya) Bismark modeli

(Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya) Beverij modeli

(Irlandiya, Angliya)

Asosiy koidasi: Asosiy koidasi: Asosiy koidasi:

Mamlakatda yashovchi barcha fuqarolar ijtimoiy taʼminlanish huqukiga ega Jamiyat aʼzolariga ijtimoiy taʼminot uchun zarur vositalarni ishlab tonishga imkoniyat berish Har bir fuqaro favqulodda holatlarda (kasallik, pensiya yoshi, oʻlim, tugʻish va h.k.) ijtimoiy sugʻurtali nafaqa va pul yordami bilan qamrab olinishi zarur

Bosh siyosiy maqsad -toʻla-toʻkis bandlikka erishish (davlat masʼuliyati) Bosh siyosiy maqsad - daromadlarni himoyalash (xodim masʼuliyati) Bosh siyosiy maqsad - minimal darajadagi daromadlarni himoyalash


     Skandinaviya yarim orolidagi davlatlarda ijtimoiy hayot juda zoʻr. U yerdagi mamlakatlarda pensiya tizimi ham havas qilarli darajada. Masalan, Finlandiyada nafaqahoʻrlarga oyiga 550 yevrodan kam pensiya toʻlash mumkin emas. Yuqori tomondan esa pensiya miqdori cheklanmagan va har kim ishlaganiga qarab pul olaveradi.

     Germaniyalik pensionerlarga ham havas qilish mumkin. Bu mamlakatda oyiga 350 yevrodan kam pensiya toʻlash mumkin emas. Uy –joyga muxtoj pensionerlar davlat tomonidan uy bilan taʼminlanadi.Germaniyada oʻrtacha pensiya oladigan fuqaro mamlakatda belgilangan oʻrtacha yashash xarajatlaridan orttirib mashina olish va yiliga ikki marta boshqa mamlakatga dam olgani borishi mumkin.Registonda nega buncha qari yevropaliklar koʻp ekaniga endi hayron qolmang. Ularning nafaqasi har qanday davlatga aylanib kelishga imkon beradi.

Ispaniyada oʻrtacha pensiya 700 -900 yevroni tashkil etadi. Shuningdek, nafaqaxoʻrlar har qanday oziq –ovqat mahsulotlarini arzonroqqa sotib olishi va xorijga chiqishda arzon chiptalarni xarid qilishi mumkin.

Daniyada kamida 40 yil yashagan va qaysidir sohada belgilangan miqdorda mehnat qilgan fuqaro oyiga oʻrtasa 2 800 dollar pensiya oladi.Koʻp fuqarolar AQSHda ishchi boʻlib faoliyat yurituvchi Meksika ham pensionerlar uchun juda yaxshi joy hisoblanadi U yerda er –xotin birgalikda oʻrtacha 2 200 dollar pensiya olishi mumkin. Ha, baʼzi amerkaliklar pensiya yoshiga yaqinlashgach, Meksikaga ketishi bejiz emas.

Shveysariyada ijtimoiy hayot bir nechta ustunlarga qurilgan. Oʻsha ustunlardan biri – odil pensiya tizimi. Oʻrtacha pensiya 1 900 dollar boʻlgan bu mamlakatda fuqaro oladigan pensiya puli evaziga pensiyagacha boʻlgan davridagi hayotining 60 foizini taʼminlay oladi. Shuningdek, bu davlatda oʻziga xos erkin sugʻurta mavjud. Unga koʻra, ish vaqtida pul jamgʻarib borishingiz mumkin.Pensiyaga chiqqach esa yigʻilgan pullarni olishingiz mumkin.

Fransiyada oʻrtacha pensiya 1 000 dollarni tashkil etadi. Pensiyaning qolgan asosiy qismi esa ishchining mehnat faoliyati davomida toʻplangan oʻziga xos ballarga bogʻliq. Yaʼni, ishchi butun faoliyati davomida pensiyasi uchun muhim boʻlgan ballarni jamgʻarib boradi. Fransiya fuqarosi vafot etsa ham toʻplangan pensiya pullari qolib ketmaydi. U toʻplagan pullar turmush oʻrtogʻining pensiyasiga qoʻshib berilishi mumkin.

  AQSH pensiya uchun hammadan koʻp pul sariflaydi. U oʻzining dunyoda tengsiz mamlakat ekanini his qilgan holda fuqarolarining ijtimoiy himoyasi uchun hech ikkilanmay pul sariflaydi.

AQSHda umri davomida hech qayerda ishlamay, davlatga soliq toʻlamaganlar ham nafaqa yoshiga yetgach, har oyda 300 dollardan pul oladi. Tabiiyki, boshqa ijtimoiy himoya pullari, faqatgina AQSH fuqarosi boʻlgani uchungina beriladigan turli xil imtiyozlardan tashqari. Biroq bunday miqdorda pensiya oladigan amerkaliklar juda kam. Chunki ozgina boʻlsa-da, mehnat faoliyatida band boʻlganlar nafaqaga chiqqach, oyiga 700 dollardan qarilik pensiyasini olishadi. Shuningdek, AQSHda boquvchisi yoʻq pensionerlarga maxsus koʻp qavatli uylarda yashash imkoniyati beriladi. Ular nafaqasi hisobidan oʻsha uylarda imtiyoz asosida yashashi va yana koʻplab qoʻshimcha ijtimoiy koʻmaklardan foydalanishi mumkin. AQSHda pensiya yoshi 67 yosh etib belgilangan.

Osiyo davlatlarida pensiya toʻlash tizimlari boshqa qitʼalarnikidan boshqacharoq. Masalan, Xitoy va Xindistonda pensiya hanuzgacha faqat davlat xizmatida ishlab keksaygan, nogiron boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga toʻlanadi. Oddiy fuqarolarga pensiya toʻlanmaydi. Xindistonning har bir shtatida alohida pensiya qonunchiligi amal qiladi.

Nazarimizda, ushbu davlatlarning har biri oʻz yutuq va kamchiliklariga ega. Ularni respublikamizda shunchaki tatbiq qilib boʻlmasligi aniq. Oʻzbekiston ijtimoiy taʼminot sohasida oʻz modeliga ega va u ijtimoiy kafolat tizimining oʻzgaruvchan xususiyatiga mos tarzda takomillashib boradi. 

Oʻtish  davrida ijtimoiy  muammolarning yuki ortadi. Yoʻlga tushgan karvon kabi ijtimoiy sohaning  muammolari ham borgan sari ortib boradi. Shuning uchun  ijtimoiy sohada yuzaga keluvchi muammolarning yechimini modellashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Bunda eng muhim muammolar rivojlanishi tendensiyalari oʻz vaqtida aniqlanishi katta ahamiyatga ega. Xususan, Oʻzbekistonning ijtimoiy  hayotida yuz berayotgan yirik oʻzgarishlar asosidagi muammolarni hal etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish muhim. Misol tariqasida u quyidagi koʻrinishda boʻlishi mumkin:



Ijtimoiy muammolar va ularni hal etish tadbirlari


Ijtimoiy muammolar - Ularni hal etish tadbirlari

1 Sosial tabaqalashuv va qutblanish - fuqarolar tomonidan oʻzlari va oila aʼzolarini sosial xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida ishlab topish imkoniyatlarining ortishi

2 Kambagʻallik - xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi imkoniyatlarni vujudga keltirish

3 Ishsizlik - ishlab chiqarishda sosial ehtiyojlarni qondirishga moʻljallangan xizmat va mahsulotlar ulushining ortishi

4 Xududlarning tabaqalashuvi -  daromadlar tengsizligi va shaxsiy manfaatdorlikning ortishi

5 Taʼlim tizimidagi muammolar - taʼlimning boshqa shakllarini joriy etish, taʼlim tizimini izchil isloh qilish.


Oʻtgan 5 yil ichida  mamlakatimizda  ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari borasidagi siyosati tubdan oʻzgardi. Xususan, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1 373 ta qishloq vrachlik punkti qisqartirilib, oʻrniga 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchalari hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. 306 ta shahar va tuman kasalxonalarida esa yangi ixtisoslashtirilgan poliklinikalar hamda 1 200 ta tez yordam shoxobchasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

  Pandemiya sharoitida tibbiyot muassasalarini zarur asbob-usukunalar va jihozlar bilan taʼminlash uchun xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha tegishli hujjat qarorlari, loyihalari ishlab chiqildi. Natijada viloyatlardagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari 14 ta statsionar va mobil raqamli rentgen, 8 ta MRT (1,5 tesla) bilan jihozlangan boʻlsa, respublika hamda 6 ta hududiy onkologiya muassasasi 6,5 mln. AQSH dollariga teng 2 turdagi 15 ta gamma terapiya uskunalari bilan taʼminlandi. Shuningdek,Toshkent shahrida koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi. 

Pandemiya sharoitida aholining zayf qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida tuzilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari 9139 ta mahallada istiqomat qiluvchi 413 072 ta ehtiyojmand oilaga 49 mlrd. 910 mln. soʻm miqdorida homiylik xayriyalari yetkazib berildi.

Shuningdek, ijtimoiy sharoiti ogʻir 14 ming nafardan ortiq xotin-qiz doimiy daromad olinadigan, 22 299 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlari bilan taʼminlandi. Qolaversa, nogironligi bor xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilda 5579 nafar nogironligi bor xotin-qizga 2250 ta nogironlik aravachasi, 1357 ta eshitish moslamasi, 1972 ta reabilitatsiya vositalari yetkazib berish koʻzda tutilgan boʻlib, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 7 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.

      Maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangi bogʻchalarni qurish uchun 2017–2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish Dasturi hamda 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 80,8 foizga yetkazish maqsad qilingan maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.

       Respublikamizda Prezident maktablari, maxsus iqtidorli bolalar maktablari, ijod maktablari va “Temurbeklar maktabi” tashkil etildi. Keng jamoatchilik va ota-onalarning fikr-mulohazalari asosida yurtimizda 11 yillik majburiy maktab taʼlimi qayta tiklandi.

Mamlakatda oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalari asosida ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.   

       2017–2021-yillarda oliy taʼlim muassasalari soni ikki barobar oshirilib, 2016-yildagi 77 tadan 141 taga yetdi, oliy taʼlimga qabul kvotasi ham 3 barobar oshirilib, 28 foizga yetkazildi. 2022-yilda ushbu koʻrsatkichni 38 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yosh ayol-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratilib, 3 ming nafardan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilgani ham taʼkidlab oʻtish maqsadga muvofiq.

       Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi muammolarga yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida 2020-yilda davlat organi – Yoshlar ishlari agentligiga asos solindi.  Yoshlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish maqsadida, Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashkil etildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

     Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan yangi tizim – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” joriy etildi. Tizimni raqamlashtirish, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar shaffofligini taʼminlash, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni uch bosqichda monitoring qilib borish imkonini beruvchi “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasi ishga tushirildi. 

     Taʼkidlash joizki, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida, band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Monomarkaz” MCHJ tashkil etildi. Bugungi kunda hududlarda 14 ta «Ishga marhamat» monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari, 11 ta qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari, 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarining faoliyat yuritayotganligi sohadagi islohotlar samarasidir.

Aholini ijtimoiy himoya qilishning yangi tartiblarini joriy qilish va mustahkamlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa va dafn marosimi uchun nafaqa Davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirilishi belgilandi.

 Oʻzbekistonda hozirgi kunda ijtimoiy taʼminot tizimida boshqaruv idoralari hisoblangan 12 ta viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri hamda 153 ta tuman va 36 ta shaharda ijtimoiy taʼminot tizimlari mavjud. Shuningdek, yolgiz nogironlarga va qariyalarga moʻljallangan oʻnlab internat uylari, nogironlik sababi va guruhini belgilovchi tibbiy ekspertiza komissiyalari, xususan, nogironlikni ekspertiza qilish va nogironlarning mehnat qobiliyatini tiklash boʻyicha 1 ta ilmiy-tekshirish instituti faoliyat yuritmoqda. Pensionerlarning davolanishi va dam olishiga moʻljallangan bir qancha maxsus sanatoriyalar ishlab turibdi.

Kam taʼminlangan oilalarga va koʻp bolali muxtoj oilalarga moddiy yordam toʻlovlarini moliyalashtirishning asosiy manbai respublika va mahalliy byudjet vositalari hisoblanadi.

 Harakatlar strategiyasi doirasida ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha belgilangan barcha  islohotlar xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan. Bu esa jamiyat barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Maʼlum boʻladiki, Oʻzbekiston demokratik taraqqiyotning jahon tajribasini sinchiklab oʻrganmoqda. Oʻzbekistonda demokratik fuqarolik jamiyatini barpo etish va uning tayanchi sifatida insonparvar tuzumni shakllantirish yoʻlida islohotlarni amalga oshirish “inson - jamiyat - davlat” tizimidek kuchli uygʻunlikni talab etmoqda.

Xullas, mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimining oʻziga xos tajribasi va anʼanalari toʻplangan. Bunda «inson - jamiyat - davlat” munosabatlari, inson omili yuksak mavqeda turadi. Shu maʼnoda Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini zamon talablariga mos tarzda takomillashtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud va ular mamlakatda demokratik jamiyatni kurishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.


                                     

Mavzu yuzasidan savollar:

1. Oʻzbekistonda kuchli ijtimoiy himoya siyosati:uning maqsadi,   bosqichlari haqida gapirib bering. 

2. Kuchli ijtimoiy himoya siyosatining tarkibiy qismlari va yoʻnalishlari haqida nima bilasiz? 

3. Harakatlar strategiyasida  ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha bugungi kunda  mamlakatimizda qilingan amaliy ishlar.                             

3 “Adolat” va “tenglik” tushunchalarini izohlab bering.


 Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

1.Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –T.:Oʻzbekiston, 2019y.

2. I.A.Karimov Oʻzbekiston –bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻli.-T.:Oʻzbekiston,1998-y.

3.Mirziyoyev Sh.M. Vatanimiz taqdiri va kelajagi yoʻlida yanada hamjihat boʻlib, qatʼiy harakat qilaylik. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2017-yil 16-iyun.

4.Mirziyoyev Sh.M. Jismoniy va maʼnaviy yetuk yoshlar- ezgu maqsadlarimizga  yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2017-yil 1-iyul. 

5.Qirgʻizboyev M. Fuqarolik jamiyati: genezisi, shakllanishi va rivojlanishi. –T.: Oʻzbekiston,2010-y.

6. Shodmonov A. Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi.-T.: Oʻzbekiston, 2011-y.