6 –Mavzu: Globallashuv jarayonlari va bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi. Geosiyosat
Reja:
1. Globallashuvi tushunchasi va uning oʻziga xos xususiyatlari.
2.Bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi tushunchasi. Mafkuraviy munosabatlarning texnologik va intellektual asoslari.
3. Globallashuv jarayonida milliy oʻzlikni asrab qolish dolzarb masala.
4.Geosiyosat va geosiyosiy jarayonlar.
Tayanch tushunchalar: Globallashuv, globallashuv jarayonida dunyoning mafkuraviy manzarasi, globallashuvning inson va jamiyat hayotiga taʼsiri, globallashuvning ijobiy jihatlari, globallashuvning salbiy jihatlari, globallashuv oqibatlari, globallashuvning salbiy oqibatlarini oldini olish, qadriyat, milliy qadriyat, integratsiya, milliy oʻzlik, ijtimoiy hodisalar, geosiyosat va geosiyosiy jarayonlar.
Bugungi kunda “globallashuv” soʻzi eng koʻp ishlatiladigan tushunchalardan biri hisoblanadi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, ushbu tushuncha inson va jamiyat hayoti rivojining hozirgi davridagi muhim xususiyatlarni, jumladan, tez surʼatlar bilan oʻzgarib borayotgan, kishilik sivilizatsiyasi bugungi kungacha boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan oʻta shiddatli va murakkab bir voqelikni oʻzida mujassam etadi.
Ayni paytda, kishilik jamiyati rivojida ustuvor boʻlib borayotgan mayllardan kelib chiqiladigan boʻlsa, insoniyatning istiqbolini ham tasavvur qilish imkonini beradi. Eng umumiy maʼnoda, globallashuv muayyan hodisa, jarayonning barcha mintaqalar, davlatlar va butun Yer yuzini qamrab olganini hamda ularning insoniyat taqdiriga daxldor ekanini anglatadi. Globallashuv jarayonining hayotimizga tobora tez va chuqur kirib kelayotganining asosiy sababi esa, bugungi kunda har qaysi davlatning taraqqiyoti va ravnaqi nafaqat yaqin va uzoq qoʻshnilar, balki jahon miqyosida boshqa mintaqa va hududlar bilan chambarchas bogʻlanib borayotganidadir. Biron mamlakatning bu jarayondan chetda turishi ijobiy natijalarga olib kelmaydi. Ilmiy adabiyotlarda globallashuvning turli jihatlari farqlanadi. Eng avvalo, aholi sonining tez oʻsib borishi sharoitida oziq-ovqat, ichimlik suvi va shu kabi ehtiyojlarni qondirish, tabiatning zoʻriqishi bilan bogʻliq masalalarni yaxlit holda ifodalovchi demografik–ekologik muammolar mavjudligini alohida qayd qilish lozim. Hech qanday milliy chegaralarni tan olmaydigan, dunyoda umumiy texnologik va axborot maydoni yuzaga kelayotganini xarakterlovchi texnosferaning globallashuvi uning yana bir oʻziga xos xususiyatidir.
Globallashuv (globalizatsiya) – lotincha “glob” soʻzidan olingan boʻlib, butun yer shariga aloqador jarayonlarni anglatadi. Yer sharining, Yer kurrasining fan-texnika yutuqlari tufayli insoniyat ixtiyoridagi huddi bir butun sharga, kurraga aylanishini tushuntirish uchun ishlatiladi. Insoniyat taraqqiyoti ayni vaqtda ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish jarayonidir. Yer shari hammamizga maʼlum, har jihatdan oʻzlashtirilgan,har kuni har burchagida ntma boʻlayotgani barchamizga maʼlum boʻlmoqda. Fan va texnikaning yutuqlari bu borada insonning imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Globallashuv - turli mamlakatlar iqtisodi, madaniyati, maʼnaviyati, odamlari oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir va bogʻliqlikning kuchayishidir. Globallashuvga berilgan taʼriflar juda koʻp. Fransuz tadqiqotchisi B.Bandi taʼrifida globallashuv jarayonining 3 oʻlchovli ekaniga urgʻu beriladi:
1. Globallashuv - muttasil davom etadigan tarixiy jarayon.
2.Globallashuv - jahonning gomogenlashuvi (bir navli) va universallashuvi jarayoni.
3. Globallashuv - milliy chegaralarning “yuvilib ketish” jarayoni.
Rossiyalik A.Parshev globallashuvga quyidagicha taʼrif beradi: “Aslida, globallashuvning asosiy mazmuni boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotning qoʻshimcha qiymatini, dunyodagi asosiy zahiralarini oʻzlashtirishdan iborat”.
Globallashuvning mamlakatlar iqtisodiy siyosati va maʼnaviyatiga oʻtkazishi mumkin boʻlgan ijobiy va salbiy taʼsiri xususida Hindistonning mashhur davlat arbobi Mahatma Gandining quyidagi soʻzlarida yaxshi ifodalangan: “Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib oʻtira olmayman, chunki uyimga toza havo kirib turishi kerak. Shu bilan birga, ochilgan eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul boʻlib uyimni agʻdar-toʻntar qilib tashlashi, oʻzimni esa yiqitib yuborishini ham istamayman”.
Shuning uchun ham milliy istiqlol gʻoyasi bugungi globallashuv jarayonida uyimizni, hayotimizni toza havo bilan taʼminlab, ayni paytda, “dovullar”dan saqlash omili ekanligini anglash mumkin.
Globallashuvning ijobiy tomoni shundan iboratki, u xalqlarning, davlatlarning, milliy madaniyat va iqtisodiyotlarning yaqinlashishini tezlashtiradi, ularning rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Globallashuvning ijobiy natijalari - XX asrdagi zamonaviy ilm-fan yutuqlari odamlar tasavvurini keskin oʻzgartirib yubordi. Respublikamiz intellektual salohiyati XX1 asrga kelib jahondagi koʻpgina rivoj-lanayotgan mamlakatlardan ilgarilab ketdi. Olimlarimiz buyuk bobolarimizning oʻzlashtirib, tarixiy merosimizni chuqur oʻrganib, dolzarb muammolarni tadqiq qilishga dadil kirishib, oʻz mehnatlari bilan Respublikamiz ijtimoiy-iqtisoidiy rivojiga hissa qoʻshmoqdalar. Respublikamizda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha jahon darajasidagi ilmiy maktablar yaratilgan:
1. Matematika, ehtimollar nazariyasi, tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni matematik modellash, informatika va hisoblash texnikasi. Astranomiya sohasida qadim zamonlardayoq kashfiyotlar yaratilgan (Ahmad Fargʻoniy, Beruniy, Ulugʻbeklarning kashfiyotlari).
2. Sanoat usulida oʻzlashtirish uchun yaroqli mineral xom ashyo zahiralarining hosil boʻlishiga olib keladigan geologik jarayonlarning qonuniyatlarini oʻrganish bilan bogʻliq tadqiqotlar.
3. Molekulyar genetika, gen-hujayra injeneriyasi, biotexnologiya sohasidagi tadqiqotlar. Bular mikrobiologiya sanoatida, atrof-muhitni muhofaza qilishda fan-texnika taraqqiyotini taʼminlashning zarur omilidir. Respublikada organik va noorganik kimyo, oʻsimlik moddalari kimyosi, biologiya va genetika, biotexnologiyalarni yaratish sohasida ilmiy maktablar shakllandi va rivojlandi. Oʻzbek seleksiyalari yutuqlarini alohida taʼkidlash lozim. Keyingi yillarda gʻoʻzaning 30 dan ortiq istiqbolli navlari yaratildi.
4. Moddalarning kompleks fizikaviy-kimyoviy xossalarini oʻrganish bilan bogʻliq tadqiqotlar yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston radiotsion materialshunoslik va geliomaterialshunoslik kabi yoʻnalishlarda butun dunyoda eʼtirof etilgan ustunlikka ega. Oʻzbekistonda yuqori energiyalar fizikasi sohasida ilmiy maktab vujudga keldi.
2000-yilning sentyabr oyida ham BMT Bosh Assambleyasi “Ming yillik sammiti”da, 2003-yil 29-mayda SHHTning Moskva sammitida, 2004-yil 17-iyunda Toshkent sammitida, 2005-yil 5-iyulda Ostona SHHTning sammitlarida mintaqamiz xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan xalqaro terrorizm va narkobiznessga qarshi faol kurashish, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash va jahon xavfsizlik tizimini takomillashtirish muammolariga eʼtibor qaratildi. Mintaqa xalqlari uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan bu jarayonni toʻgʻri anglab yetgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining rahbarlari faqat 2000-yilning oʻzida bir necha bor uchrashuvlar oʻtkazdi. Xususan, 2000-yil oktyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Markaziy Osiyoda narkotiklarning noqonuniy savdosi, uyushgan jinoyatchilik va terrorchilikka qarshi kurash boʻyicha hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari” toʻgʻrisidagi oʻta muhim hujjat imzolandi.
Globallashuvning salbiy tomoni shundan iboratki, koʻp ming-ming mayda, qoloq etnik guruhlar va millatlarning madaniyati, tili, rasm-rusmlari jahon boʻylab kuchayib borayotgan globallashuv jarayonlarida katta millatlar, yirik milliy madaniyatlar, boy tillar bilan raqobatlasha olmay, oʻz-oʻzidan faol ijtimoiy-iqtisodiy, lisoniy-zaboniy hayotdan chyetga chiqib qolmoqda.
Bunday sharoitda har bir ongli fuqaroning vazifasi – oʻz millatining raqobatbardoshligini koʻtarish, buning uchun uning faol siyosati, tadbirkor iqtisodiyoti, madaniyatida salmoqli yutuqlari uchun kurashishdir. Buning uchun mustaqil Oʻzbekistonning har bir fuqarosi 4 ta sifatga ega boʻlishi kerak:
1) zamonaviy mutaxassis boʻlishi;
2) oʻzbek davlat tili, rus tili, ingliz tillarini mukammal bilishi;
3) doim oʻz bilim doirasini yangilab borishi va
4) tadbirkor-tashabbuskor boʻlishi kerak (Mustaqillik: Izohli ilmiy-ommabop lugʻat. Mualliflar: M.Abdullayev va boshqalar. – T.: Sharq, 2006. – 528 b.)
Globallashuvning salbiy oqibatlariga albatta oʻz vaqtida kurash olib borish lozim. Yoshlarda dunyodagi mafkuraviy manzarasini va globallashuv jarayonlarini teran anglash va bu borada zarur koʻnikmalar hosil qilib bormoq lozim. Buning uchun biz yuqorida bayon etganimizdek, islom ekstremizmi va aqidaparastligiga keskin kurash olib bormoq uchun siyosiy, huquqiy, maʼnaviy bilimlarimizni chuqurlashtirishimiz lozim. Diniy ekstremizm va aqidaparastlikning keltirib chiqarayotgan sabablarini oʻrganmoq kerak.
1) Birinchi sababi - mustamlakachilik va yangi mustamlakachilik, buyuk davlatchilik shovinizmi.
2) Xalqaro munosabatlarda musulmonlarga qarshi zoʻrovonlik, musulmon davlatlarining Farb mamlakatlaridan kuchayib ketmasligiga erishish niyati, “parchalab tashla va hukmronlik qil” degan koʻp sinalgan siyosatni davom ettirish.
3) Uchinchi sabab - iqtisodiy kamsitishlar, kalondimogʻlik. Boshqa madaniyat, boshqa sivilizatsiyaning, xususan, koʻp asrlik ildizlariga ega Sharq falsafasining bir qismi boʻlgan islom sivilizatsiyasining fazilatlarini, umuman, islomning oʻzini yaxshi bilmaslik, tushunmaslik hollari kabi sabablarni ham koʻrsatib oʻtish mumkin.
Globallashuv jarayoni murakkab hodisa. Uning turli mamlakatlar iqtisodi, siyosati va maʼnaviyatiga oʻtkazayotgan taʼsiri murakkabligi sababli unga nisbatan ham jahonda bir-biriga qarshi, muxolifatda boʻlgan ikki guruh: 1) globalistlar va 2) aksilglobalistlar guruhlari vujudga keldi.
1. Globalistlar - globallashuv tarafdorlaridir. Ular orasida davlat arboblari, siyosatdonlar, sanoatchi va biznesmenlar koʻproq uchraydi.
XX asr oʻrtalarida globallashuvning institutsionallashuvi (tashkillashuvi) kuchaygandan keyin bu jarayon tezlashdi. Masalan, Butunjahon savdo tashkiloti, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Yevropa taraqqiyoti va tiklanish banki tashkilotlari globalistlar taʼsirida vujudga keldi.
2. Aksilglobalistlar - globallashuv muxoliflari boʻlib, ular orasida koʻproq soʻl kuchlar, kasaba uyushmalari va yoshlar tashkilotining vakillari bor. MDH hududida aksilglobalistlar Rossiya Federatsiyasi hududida faol harakat olib bormoqda. Bu yerda ular turli anjumanlar, seminarlar oʻtkazish uchun toʻplanib turadilar.
Aksilglobalistlar faoliyati ham bugungi kunda kuchaydi. Lekin faqat uning salbiy oqibatlarigagina emas, umuman unga qarshi chiqmoqda. Masalan, rossiyalik faylasuf va yozuvchi A.Zinovyev “Aksilglobalizm vektorlari” nomli anjumanda shunday degan edi: “Globallashuv yangi jahon urushidir. U yangi tipdagi jahon urushi. Bu urushda tirik qolishning qarshilik koʻrsatishdan boshqa yoʻlini koʻrmayapman. Faqat qarshilik!”.
Dunyoda globallashuv, axborot oqimining tezlashuvi va intensiv-lashuvi, universal texnologiyalar bilan bogʻliq umumbashariy jarayonlar jadallashib bormoqdi. Bunday sharoitda mafkuraviy vositalar orqali oʻz taʼsir doirasini kengaytirishga intilayotgan siyosiy kuchlar va harakatlar ham yoʻq emas. Tajovuzkor millatchilik va shovinizm, neofashizm va fundamentalizm, irqchilik va diniy eksteremizm mafkuralari shular jumlasidandir. Natijada dunyoda inson qalbi va ongini egallash uchun kurash tobora kuchayib bormoqda. Bu hol bugungi kunda dunyoning mafkuraviy manzarasini belgilab bermoqda.
I.Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida bu hodisa oddiy qilib “hayot surʼatlarining beqiyos darajada tezlashuvi” deb tushuntiriladi. XX asr soʻngida roʻy bergan ulkan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, ikki qutbli dunyoning barham topishi natijasida nisbiy muvozanatning buzilishi jahonning mafkuraviy manzarasini tubdan oʻzgartirib yubordi.
Jahon maydonlarini mafkuraviy boʻlib olishga urinishlar:
1.Siyosiy (buyuk davlatchilik shovinizmi).
2.Diniy (diniy ekstremistik va aqidaparastlik, panislomizm).
3.Badiiy (Gʻarb turmush tarzini targʻib qiluvchi, Amerikacha turmush tarzini targʻib qiluvchi, zoʻravonlik, yovuzlik va boshqa axloqsizliklarni targʻib qiluvchi.
XXI asr tarix sahifasiga globallashuv va buyuk taraqqiyot asri sifatida kirib keldi. Globallashuv jamiyat sohasida oʻziga xos murakkab, ayni paytda obyektiv jarayon sanalanadi. Shu bilan birga globallashuvning barcha jarayonlarni qamrab olish koʻlamining tezligi butun jahon uchun yangilik hisoblanadi.
Globalizatsiya atamasi birinchi boʻlib iqtisodchi olimlar tomonidan 1981-yildan beri qoʻllanilib kelingan. Ammo bu soʻzning toʻliq maʼnosi, konsepsiyasi 1990-yilning yarmida amerikalik olim Charlz Rassel tomonidan toʻliq ochib berilgan.
Globallashuv soʻzining lugʻaviy maʼnosi xalqaro integratsiya, yaʼni butun dunyo aholisining bir ijtimoiy tizim ostiga birlashishi, bir xil vazifa bajarishi protsessi tushuniladi.
Hozirgi davr dunyo miqyosida mafkuraviy jarayonlar misli koʻrilmagan darajada globallashib borayotgan davrdir. Axborot tarqatish jarayoni butun yer yuzini qamrab olmoqda. XX asrning soʻngi oʻn yilligida yaratilgan muʼjiza –xalqaro kompyuter tarmogʻi, yaʼni internet tizimining vujudga kelishi va u orqali axborot almashinuvi jarayonlarining tezlashib borishi bugungi kunda gʻoyaviy taʼsir oʻtkazish koʻlamini kengaytirmoqda. AQSH mudofaa maxkamasining oddiy bir loyihasidan boshlangan bu tizim bir mamlakatda paydo boʻlgan gʻoyalarning tez fursatda butun dunyoga yoyilishini taʼminlamoqda.
Internet insoniyatning muhim yutugʻi boʻlib, axborot va kommunikatsiya jarayonlarini misli koʻrilmagan darajada tezlashtirdi. Odamlarga qator qulayliklar yaratdi. Masalan, mutuxassislarning xisob –kitobiga koʻra 2005-yilga kelib AQSH va Yevropada internet orqali amalga oshirilgan savdo –sotiqning umumiy xajmi 5 trillion dollarni tashkil qilgan ekan.
Bu yaxshi, albatta. Lekin kuchli mafkuraviy taʼsir koʻrsatish vositasi boʻlgan bu muʼjiza ayrim jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Internet tizimida qoʻporuvchilik, gʻoyani “eksport” qilish, odamlar ongini zaharlash maqsadida foydalanish esa mafkuraviy kurashni yanada keskinlashtiradi, odamlarni elektron xurujlar qarshisida chorasiz qilib qoʻyadi. Bu kabi qoʻporuvchilik xarakatlari “sayberterrorizm” (baʼzan “kiberterrorizm”) deb ataladi. Yirik terrorchi guruxlarning internet tizimidagi qoʻporuvchilik xarakatlari insoniyatni tashvishga solmoqda. Internetning bepoyon olamida esa ularning izini topib olish gʻoyat mushukl.
Mafkura maydonidagi qoʻporuvchilik xarakatlari,avvalo, yoshlarning ongini egallashga yoʻnaltirilgan tuban va makkor usullardir.
Oʻzbekistonning bu dolzarb masalaga munosabatini Prezident I.Karimov shunday ifodalaydi:” Biz kishilar dunyoqarashini boshqarish fikridan yiroqmiz balki biz odamlarning tafakkurini boyitish, uni yangi maʼno va mazmun bilan toʻldirish tarafdorimiz”.
Umuman olganda, barcha tadqiqotchi olimlar global oʻzgarishlar madaniy oʻziga xosliklarga, ayniqsa oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga, ularning ongi va mafkurasiga taʼsirini oʻtkazishini taʼkidlaydilar. Yosh avlodning miyasi hali yozilmagan oq qogʻoz misoli toza boʻladi. Unga nima yozilsa, kiritilsa, oʻsha narsa namoyon boʻladi. Biroq ushbu taʼsir doirasi toʻgʻrisida har xil munosabat bildiradilar.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda internet tijorati firmalari, gazeta-jurnal saytlari nihoyatda rivojlanib, mukammallashib bormoqda, uni taʼqib qilish qiyin. Ammo milliy urf-odatga va axloqiy darajaga toʻgʻri kelmaydigan saytlar ham koʻp. Bu yoshlar va kelajak avlod ongiga katta taʼsir qiladi. Hozirgi kunda buning oldini olish maqsadida ayrim saytlarni filterdan oʻtkazish zarur. Jahon sahnasida yetarli darajada mavqega ega boʻlgan internet yoshlarning ongidagi boʻshliqni ortiqcha maʼlumotlar bilan toʻldiradi. Yoshlar virtual (xayoliy) hayotga shunchalik kirib ketmoqdaki, milliy maʼnaviy qadriyatlar ming yillar davomida shakllangan, oʻtmish avlodlardan oʻtib kelayotgan maʼnaviy boylik ekanligini bilishmaydi. Oʻsmir yoshdagi bolalarning internetga qattiq bogʻlanib qolish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa “internet kasalligi”ni keltirib chiqaradi. Bir necha yil oldin Pekin shahrida “internet kasalligi”ga chalingan bemorlarning shifoxonasi ochildi.
Globallashuv deganda faqatgina internet yoki axborot globallashuvini nazarda tutish xato xisoblanadi. Internet tarmogʻi globallashuv jarayonini kuchaytiruvchi asosiy omildir. Shunday ekan globallashuvga iqtisod, madaniyat, fan sohasidagi va ekologiya, xullas butun dunyodagi globallashuvni misol qilib keltirish mumkin. Hatto ekologiyaning salbiy tomonga oʻzgarishi jamiyat aʼzolarining har biriga jismoniy taʼsir koʻrsatib qolmasdan ularning maʼnaviyatiga ham yomon taʼsir qiladi.
Bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi. Hozirgi davr - dunyo gʻoyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham kuchliroq boʻlib borayotgan davrdir. Butun Yer yuzi odamzod uchun yagona makon boʻlib hisoblanadi. Ammo tarixda mavjud chegaralarni oʻzgartirish, muayyan hududlarni bosib olish uchun son-sannoqsiz urushlar boʻlgan. XX asrda roʻy bergan ikkita jahon urushida oʻnlab davlatlar, bir necha qitʼa mamlakatlari ishtirok etgan. Bu jarayonda esa urush qurollari muntazam takomillashib borgan.
II jahon urushiga yurtimizdan 1 million 433230 kishi safarbar boʻlgan. 1941-yilda Oʻzbekiston aholisi bor- yoʻgʻi 6,5 million kishi boʻlgan. Agar aholining yarmini bolalar va keksalar tashkil etishini xisobga olsak, yaroqli odamlarimizning 50-60 foizi urushga ketgani ayon boʻladi. Ulardan 263005kishi xalok boʻlgan.132670 kishi bedarak yoʻqolgan. 60452 kishi oʻz oʻlkasiga nogiron boʻlib qaytgan.
Bugungi kunda urush qurollari shunchalik takomillashganki, ular boshqa hududni bosib olish u yoqda tursin, balki butun Yer sayyorasidagi hayotni bir necha marta yoʻq qilib tashlashga yetadi. Insoniyat XX asr oxiriga kelib bir qator chegara bilmaydigan muammolarga duch keldi. Urush va tinchlik, ekologik falokatlar, maʼnaviy qashshoqlik, narkobiznes, terrorizm kabi muammolar ana shular jumlasidandir.
XXI asr boshlariga kelib dunyo mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro taʼsir shu qadar kuchayib ketdiki, bu jarayondan toʻla ihotalanib olgan birorta ham davlat yoʻq. Globallashuvning turli mamlakatlarga oʻtkazayotgan taʼsiri ham turlicha. Bu hol dunyo mamlakatlarining iqtisodiy, axborot, maʼnaviy salohiyatlari va siyosati qanday ekani bilan bogʻliq.
Globallashuv jarayonida Milliy gʻoyaning eng muhim funksiyasi, yaʼni milliy va maʼnaviy oʻzlikni himoyalash alohida ahamiyat kasb etadi. Aslida milliy gʻoyaning 1) bilish; 2) tarbiyaviy; 3) regulyativ; 4) kommunikativ; 5) normativ, qadriyatli; 6) safarbar etish, yoʻnaltirish; 7) himoya; 8) gʻoyaviy bandlik kabi funksiyalarni bajarishi uchun yoshlar va aholi ongida faqat bilim, tasavvur sifatida emas, ishonch va eʼtiqod sifatida shakllanishi lozim.
Bugungi kunda inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olayotgan ekan, xilma-xil qarashlarning mafkura maydonida hukmronlik qilishga intilishi tabiiy, albatta. Bunga eʼtiqod umumiyligiga asoslangan holda yakka mafkura hukmronligini taʼminlash orqali jahon maydonlarini mafkuraviy jihatdan oʻziga qaram qilishga boʻlayotgan xatti-harakatlarni misol keltirish mumkin.
Diniy aqidaparastlik ham shular jumlasidandir. Masalan, islom dinidagi hozirgi aqidaparastlar ijtimoiy, milliy xususiyati, qaysi davlatga mansubligidan qatʼiy nazar, barcha musulmonlarning maʼnaviy birligi haqidagi tasavvurlarga tayanib, ularni yagona xalifalik ostida siyosiy birlashuvi gʻoyasini asoslashga harakat qiladi. Koʻrinib turibdiki, bu ideologiya diniy asosda birlashuv gʻoyasini birinchi oʻringa qoʻyadi.
Ammo, jiddiy eʼtibor beriladigan boʻlsa, birinchidan, ular milliy suverenitetdan voz kechish hisobiga yagona davlat tuzishni koʻzlayotganliklari maʼlum boʻladi. Ikkinchidan, xalifalikni tiklashga, uning toʻgʻri ekanini asoslashga urinuvchilar, bu hol aynan millat sifatida oʻzligimizni anglashga yoʻl qoʻymasligini yashiradilar. Bu gʻoyani taqishtirishda ular bizning islom diniga eʼtiqod qilishimizga alohida urgʻu beradilar. Bundan tashqari, bu oqim tarafdorlari xalifalik bayrogʻi ostida birlashishni noislomiy dunyoga qarshi turish maqsadi bilan bogʻlashlarini ham taʼkidlash zarur.
Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi (yer sharini qamrab olish, dunyo miqyosidagi, umumiy) - gʻoyaviy taʼsir oʻtkazish imkoniyatlarining kengayishi oqibatida unga Yer yuzining barcha mintaqalari tortilganligini, mafkuraviy kurash umumbashariy miqyos kasb etganini ifodalovchi tushuncha. Bugungi dunyoda mislsiz ilmiy kashfiyotlar, ulkan texnikaviy imkoniyatlar, universal texnologiyalar, axborot tarqatishning globallashuvi, yaʼni ularning butun kurrai zaminni qamrab olish jarayoni shiddat bilan bormoqda. Masalan, Internet tizimi orqali axborot almashuv, binobarin, gʻoyaviy taʼsir oʻtkazish imkoniyatlari ham tobora kengaymoqda.
Aslida axborot sohasidagi globallashuv insoniyat uchun, dunyoning barcha hududlaridagi odamlarning oʻzaro muloqoti uchun, ilm-fan va madaniy boyliklarni oʻzlashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadigan jarayondir.
Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvida bir-biridan farq qiladigan ikki yoʻnalish, tendensiya mavjud:
1. Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida erishgan har qanday moddiy va maʼnaviy qadriyatlarning umuminsoniy jihatlari tarixiy makon doirasidan chiqib baynalminallashib, universallashib bormoqda. Boshqacha aytganda, milliy va umuminsoniylik tamoyillarining integratsiyalashuv jarayoni kuzatilmoqda..
2. Millatlar va davlatlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-madaniy rivojlanishidagi beqarorlik, ular manfaatlaridagi oʻziga xoslikni mutlaqlashtirish insoniyatga, shu jumladan, oʻz millatining kelajagiga xavf tugʻdiradigan salbiy hodisalarning mafkuralashgan holda globallashuviga olib kelmoqda. Bu xalqaro terrorizm, ekstremizm, funda-mentalizm va narkobiznes hodisalarida namoyon boʻlmoqda. Biron bir hudud yoki mamlakatda paydo boʻlayotgan gʻoyalar tez fursatda butun jahonga yoyilmoqda. Natijada, odamzot maʼlum bir davlatlar va siyosiy kuchlarning bosimini sezib yashamoqda.
Bu jarayonning muhim xususiyatlaridan biri - turli mamlakatlarni mafkuraviy zabt etish gʻoyat katta iqtisodiy manfaatlar bilan qoʻshilishib ketganidir. Mafkuraviy globallashuv saviyasi past audio va videokassetalar, axloqsizlik, tubanlik va yovuzlikni targʻib qiladigan “sanʼat asarlari”ning ham keng tarqalishiga sabab boʻlmoqda. Foyaviy-mafkuraviy tazyiq va tajovuzlarning oldini olish uchun esa har bir millat, davlat oʻzining gʻoyaviy-mafkuraviy daxlsizligini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni koʻrishi zarur boʻlmoqda.
Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va maʼnaviyati ham Sharq va Farbni tutashtirgan karvon yoʻllarida joylashgani sababli ham Sharq, ham Farb madaniyatidan bahramand boʻlgan. Natijada har bir xalq oʻzlari uchun ana shu madaniyatning ijobiy tomonlarini oʻzlashtirgan, ularga ijodiy yondashib yangi choʻqqilarga koʻtargan. Masalan, Abu Rayhon Beruniy Xitoy, Hindiston, Yunoniston va Yunon falsafasi, tabiiy fanlarini chuqur oʻzlashtirgan edi. Forobiy ham oʻnlab tillarni bilgan va oʻnlab xalqlar madaniyati va maʼnaviyatini chuqur oʻrgangan. Yaxshi, ijobiy gʻoyalar oʻrganilgan, ijodiy rivojlantirilgan. Lekin ular negizida yot gʻoyalar ham kirib qolgan.
Markaziy Osiyoda ham murakkab mafkuraviy jarayonlar bormoqda. Bunda, avvalo, Markaziy Osiyo xalqlari mustahkam doʻstligining ahamiyatini alohida taʼkidlash lozim. Chunki, mintaqa tub xalqlarining maʼnaviy ildizlari bir, ruhi, turmush tarzi yaqin, ular ana shu boy manbadan birdek bahra oladilar. Shu maʼnoda ham ular birligini mustahkamlash umummintaqaviy maʼnaviy yuksalishimizga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazib turaveradi. Bu jarayonga qarshi qaratilgan har qanday mafkuraviy taʼsir yoki harakatlar umummintaqaviy barqarorlikka xalaqit beradi.
Xullas, xavfsizlikka solinayotgan tahdidlar siyosiy ekstremizm, shu jumladan diniy ruxdagi ekstremizmni, millatchilikni, etnik, millatlararo, mahalliychilik va urugʻ-aymoqchilik asosidagi ziddiyatlarni, korrupsiya va jinoyatchilikni, ekologik muammolarni oʻz ichiga oladi Ular garchi turlicha namoyon boʻlsa-da, har birimizni xushyor va ogox boʻlishga undaydi.
“Geosiyosat” tushunchasi oʻzida («geo»-«yer», “politika»- ”davlatni boshqarish sanʼati”) maʼnolarini anglatadi. Geosiyosat tashqi siyosatda biror davlat yoki mintaqaning geografik oʻrni, xududiy joylashishi, kommunikatsion imkoniyatlari hisobga olib yuritiladigan faoliyat.
Geopolitika atamasini fanga shvetsiyalik siyosatshunos olim va parlament arbobi R.Chellen(1846-1922) kiritgan. Bu atama I jahon urushi arafasida keng qoʻllanildi. Oʻsha davrda yashagan nemis olimi F.Ratsel –davlatlar muayyan joy xududda mavjud boʻladi, bu esa, oʻz navbatida ularni zarur xududlarni egallashga majbur qiladi, deb hisoblagan. Bunday qarash reaksion boʻlib, maqsad: “boʻlingan dunyoni qayta boʻlib olish” uchun kurashga otlantirdi.
XX asr boshlarida geopolitika mustaqil fan va siyosat sohasi, deya talqin etila boshlandi. 1923-27 yillarda chop etilgan “Geopolitika” jurnali geografik omilning davlatlar, xalqlarning mavjud boʻlishiga taʼsirini mutloqlashtirish yoʻlidan bordi. Bunday qarash Germaniya, soʻngra Italiya hamda Yaponiya davlatlari siyosatining asosiyo doktorinasiga aylandi. Oʻzga xududlarga nisbatan bosqinchilik siyosatining ustuvor qoʻyilishi oʻsha paytdagi mustamlakachilik siyosatini oqlashga, milliy orzodlik xarakatlarini bostirishga qaratilgan edi.
II jahon urushidan keyin dunyo siyosiy xaritasida qarama- qarshi ikki qutub yuzaga keldi. XX asrning 60 yillariga kelib geosiyosat ikki qarama- qarshi tizim, koʻproq AQSH va sobiq Ittifoq orasidagi kurashni asoslashga yoʻnaltirildi. “Sovuq urush”siyosati geosiyosiy yoʻllar va usullarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi.
Geosiyosat koʻp qirrali tushuncha sifatida turli manfaatlarni oʻzida mujassam etadi. Hozirgi davrda geosiyosiy maqsadlar koʻproq mafkuraviy siyosat bilan hamoxangligini alohida taʼkidlash zarur. Ana shu sababdan ham Prezidentimiz mafkuraviy poligonlar yadro poligonlariga qaraganda xavfliroq boʻlib qolganligini alohida taʼkidlaganlar. Yadro poligonlarini qayerda joylashganini, uning quvvatini, qanday maqsadga yoʻnalganligini muayyan darajada aniq bilish mumkin. Ammo, yovuz, yot mafkuraviy maqsadlar qayerdan va qanday yoʻllar bilan va qaysi insonlar qalbini egallab olayotganligini osnlikcha bilib boʻlmaydi.
Bugun “ikki qutbli mafkura” oʻrtasidagi kurashga barham berilgan boʻlsada, ammo dunyoda mafkuraviy kurashlar toʻxtab qolgani yoʻq. Aksincha, jahon maydonlarini mafkuraviy boʻlib olishga urinishlar turli yoʻllar bilan sodir boʻlmoqda. Masalan, Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlag kiritgandan keyin mafkura sohasida hayot osonlikcha kechmadi. Milliy istiqlol gʻoyasiga zid boʻlgan yot begona gʻoyalar kirib kelishga va yoshlarimiz ongini egallashga, ularni mamlakatimizda belgilangan ulugʻ maqsadlarni amalga oshirishga qarama-qarish qoʻyishga urinishlar boʻlganligining guvohimiz.Bunday xarakatlarning tarafdorlari oʻzlarini “doʻst”,”millatdosh”, “vatandosh”, “dindosh” etib koʻrsatish niqobi bilan oʻz gʻoyalarini amalga oshirishga urindilar. Natijada, haqiqiy qadriyatlarimizga zid boʻlgan turli xil oqimlar aholi, ayniqsa yoshlar ongini egallashga xarakat qildi.
Hozirgi kunda jamiyatimiz hayotiga jiddiy havf solib turgan mafkuraviy tahdidar quyidagilardan iborat:
- islom bayrogʻi ostida musulmon xalqlarini yangi imperiyaga birlashtirish;
- dinni qurol qilib olib, mavjud konstitutsion tuzumni kuch bilan agʻdarish va diniy davlatni qaror toptirish;
- xalqimizning tarixini, maʼnaviy merosini soxtalashtirishga urinishlar;
- milliy va diniy qadriyatlarimizni mensimaslik, gʻayriaxloqiy unsurlarni yoyish;
- mintaqaviy davlatlararo va millatlararo mojorolar keltirib chiqarish uchun urinishlar.
Bunday mafkuraviy taxdidlarga qarshi kurash yoʻllari esa quyidagilardan iborat:
- yoshlarning iymon-eʼtiqodini kuchaytirish;
- irodasini baquvvat qilish;
- mustaqil fikrga ega boʻlish;
- barkamol insonlar qilib tarbiyalash;
- oʻzligini unutmaslik;
- gʻurur va iftixor bilan yashashlariga erishish;
- ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab avaylash va xurmat qilish fazilatlarini qaror toptirish;
- xalqlar oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik munosabatlarini kuchaytirish va x.k.
Globallashuv jarayonida milliy oʻzlikni asrab qolish dolzarb masala.
Milliy oʻzlikni anglash masalalari. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti oʻz-oʻzini anglash eng avvalo, insoniy mavjudlikning mohiyatini maʼnaviy voqelik, shaʼn, qadr-qimmat, obroʻ-eʼtibor, or-nomus orqali namoyon boʻlishini koʻrsatadi. hayotning maʼno-mazmuni, maqsadini tushunib yetish, oʻzlikni anglashdan boshlanadi. Milliy gʻoyada uning negizlari mujassam boʻlganligi uchun ham oʻzlikni anglashga xizmat qiladi va bir-biri bilan uzviy bogʻliq.
“Oʻzlikni anglash deganda men tarixiy xotirani tiklash, nasl nasabimiz kim ekanini, kimlarning vorisi ekanligimizni anglab yetishni, shundan kelib chiqib, oʻzimizga xos va mos jamiyat barpo etishni tushunaman” deb taʼkidlagan edi I.A.Karimov.
Zero, buyuk bobokalonimiz Amir Temur oʻgit berganlaridek: “Birliksiz kuch boʻlmas”. Binobarin, “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” qurishdek ulugʻ ish, avvalo, oʻzlikni anglamagan joyda amalga oshmaydi. Millat birligida insonni oʻzligini anglash omili alohida oʻringa ega. Chinakam insoniy fazilatlarga ega boʻlgan yoki ega boʻlishga intilgan odam demokratiya neʼmatlarining oddiy isteʼmolchisi emas, balki ularning faol yaratuvchisi va himoyachisiga aylanadi. Demokratiya, fuqarolik jamiyati asoslarini amalda barpo etish, inson haq-huquqlari va erkinliklarini taʼminlashi mumkin boʻladi. Shundagina inson oʻz mamlakatining tom maʼnodagi munosib fuqarosi boʻla oladi
Bunda tilga olingan insoniy fazilatlar insonning maʼnaviy olamini tashkil etadi. Maʼnaviyat esa fikr, soʻz va ish birligida namoyon boʻladi. Oʻzligini anglamagan odamda imon va eʼtiqod zaif boʻladi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin milliy qadriyatlarimizni tiklash va targʻib qilish imkoniga ham ega boʻldik. Oʻzbek milliy kurashini dunyoga yoyish boʻyicha qilingan ishlar, dunyoning koʻpchilik mamlakatlarida oʻzbek kurashi federatsiyalarining tuzilishi buning yaqqol misoli. Dunyo bugun Oʻzbekistonni milliy-madaniy merosi, boy tarixi, tili, madaniyati, urf-odat va anʼanalarining umuminsoniy gʻoyalar bilan mujassamligi, sanʼat va arxitektura, fan va madaniyat sohasida erishayotgan yutuqlari orqali ham kashf etmoqda. Demak, biz globallashuv jarayonida passiv qabul qiluvchi tomongina boʻlmay, faol targʻib qiluvchilarga ham aylanishimiz mumkin.
Bugungi dunyodagi siyosiy jarayonlar, ularning mintaqamiz va mamlakatimizga taʼsiri masalalarining mazmun –mohiyati va bu borada respublikamizda amal qiladigan tamoyillar I.Karimov asarlarida har tomonlama chuqur tahlil qilingan. Hozirgi davrda mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatiga xos asosiy geosiyosiy tamoyillar Xarakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi asosida amalga oshirilmoqda.
Mavzuni oʻzlashtirish uchun savollar:
1. Hozirgi dunyoning mafkuraviy manzarasini qanday tushunasiz? Unda xukmronlik qilishga daʼvogar qanday mafkuralarni bilasiz?
2. Globallashuv jarayoni deganda nimani tushunasiz? Uning ijobiy tomoni va salbiy oqibatlarini izohlab bering.
3. Milliy oʻzlikni anglash nima?
4. Bugungi kunda geopolitik maqsadlar qaysi shaklda namoyon boʻlmoqda?
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –T.: Oʻzbekiston, 2019y.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni. Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida.(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. 2001, №1-2; 2004,№5)
3. Karimov I.A. Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari (Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlida) T.6. – T.: Oʻzbekiston,1998.
4. Karimov I.A. Biz tanlagan yoʻl – demokratik taraqqiyot va maʼrifiy dunyo bilan hamkorlik yoʻli. T.11. –T.: “Oʻzbekiston”, 2003.
5. Karimov I.A Yuksak maʼnaviyat yengilmas kuch. –T.: “Maʼnaviyat”, 2008.
6. Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. T.1.- T.:”Oʻzbekiston”,2017.
7. Muxtorov A. Globallashuv sharoitida maʼnaviy tahdidlarni bartaraf etish omillari.- T.: “Maʼnaviyat”, 2015.
Klinik ordinatorlar uchun davra suhbatlari
1. Konstitutsiya – baxtimiz qomusi.
2. Mamlakatimizning tarixini oʻrganish va anglashda I.A.Karimov asarlarining ahamiyati.
3. Xarakatlar strategiyasi –Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichi.
4. “Kitobxonlik – maʼnaviyat koʻzgusi”.
5. Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining faoliyati va yoshlar hayotidagi ahamiyati.
6. Oila –jamiyatning eng asosiy tarbiya maskani.
7. Oila, mahalla va taʼlim tarbiya muassasalarida maʼnaviy barkamol inson tarbiyasining oʻziga xosligi.
8. Sogʻlom turmush tarzi va yoshlar tarbiyasi.
9. Fuqarolik jamiyati qurilishi va mustahkamlanishida beshta ustuvor yoʻnalish.
10. Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ.
11. Buyuk allamalarimizning bizga qoldirgan oʻchmas merosi.
12. Zamonaviy tibbiyot va innovatsion texnologiyalar.
13. XXI asr shifokori Sizning tassavuringizda qanday boʻlishi kerak?
14. Tibbiyot xodimining ish sifati nimalarga bogʻliq?
15. Tibbiyotning kelajagdagi istiqbolini Siz qanday tasavvur qilasiz?
16. Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot rivojiga qoʻshgan buyuk xissasi.
17. Kasbim – faxrim. Xalq salomatligi yoʻlida xizmat qilish eng oliy saodatdir.
18. Korrupsiyaga qarshi kurash dolzarb vazifa.
19. Demokratiya – yuksak maʼrifat va madaniylashgan jamiyat shakli ekanligi.
20. Xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm – taraqqiyot dushmani.